Murdalar gapirmaydilar (qissa). Tohir Malik
www.ziyouz.com kutubxonasi
115
POKLIK
— Qo‘lingni ko‘tar! G‘iring desang, otaman!
Gardaniga sovuq bigiz uchi tiralganday bo‘lib, Omonulloning eti bir seskandi. Lekin
tanish ovoz uni jilmaygan tarzda orqaga o‘girilishga majbur etdi. Sinfdosh do‘sti
Safarning qilig‘i unga ma’lum: poylab turib, orqadan pisib kelib, shunaqa deyishni yaxshi
ko‘radi.
— Otadigan odam to‘pponchani biqinga tiraydi, qalamni gardanga sanchmaydi, harif!
— dedi do‘stining qo‘lini ehtiyotlik bilan qayirgan bo‘lib. Keyin ularning harakatini
kulimsirab kuzatayotgan navbatchiga qaradi: — Meni «shoshilinch tarzda yo‘qlayotgan
xotin» shumi? Serjant, bu yolg‘on uchun nima qilaman, bilasanmi?
— O‘zimizning akaxonimiz-ku?
— Bo‘ldi, ukaxonga sasima. Sen kapitan bo‘lsang, men — Nishonovman! «Nishonov»
deganda hozir kapitan tugul generallaringning ham ichi o‘tib ketadi. Bo‘ldi, yur, ketdik.
— Qayoqqa?
— Bugun qanaqa kun? Ikkinchi payshanbami? Ikki marta shtrafga tushib turibsan
o‘zing.
— Yo‘g‘-e?
— Ha-e! Endi seni himoya qilmayman. Bolalar po‘stagingni qoqib olishadi.
— Avvalgi «gap» kuni kasal edim.
— Kasal-pasaling bilan ishimiz yo‘q. Ahmadjon nima degan? Kasal tugul o‘lib qolsang
ham o‘ligingni «gap» bo‘layotgan uy yonidan olib o‘tishlari kerak. Ketdik.
— Ishim bor.
— Ish-pishing bilan ishim yo‘q. Serjant ukaxon, xo‘jayinga aytib qo‘ying: o‘rtoq Safar
Nishonov shaxsan kelib, muhim bir ish bilan olib ketdilar deng. Nishonovga qarshi bir
nima deydigan odam hali tug‘ilmagan.
Omonullo Safarning odatini biladi. Tanaga yopishgan kanani yoki zulukni olib tashlash
mumkin-ku, ammo Safar bir nima deb yopishdimi, undan o‘lib ham qutulib bo‘lmaydi.
— Xo‘p, mashinadamisan?
— Mashinadaman, xizmat bormi?
— Bor. Hozir dadamnikiga kirib o‘tamiz.
— Tushunarli. Qaynonangni sog‘inibsan, u yerga kirib o‘tishimiz ham tayin, a?
Uyalmay aytaver, men atay bir yarim soat oldin keldim. Sening qilig‘ingni bilaman.
— Ertaga bo‘shmisan?
— G‘irt bo‘shman, o‘g‘ri oviga olib borasanmi? Benzin topib bersang bo‘ldi, dunyoning
narigi chetiga ham ketaveraman.
Omonullo xonasiga kirib stol ustidagi qog‘ozlarni tartibga keltirib, tortmasiga solgach,
tezgina iziga qaytdi.
Tabiatan serg‘ayrat bo‘lgan Safar mashinani ham behalovat tarzda haydardi. Yashil
chiroqning o‘chganiga parvo qilmay chorrahadan o‘tishi bilan yo‘l harakati nazoratchisi
ola tayog‘ini ko‘tarib, to‘xtashga ishora qildi.
— Qizilga o‘tmadim shekilli? — dedi Safar to‘n-g‘illab. — Mashinada milisa olib
yurishning hech ho-siyati yo‘q, shunaqa ishkalga ro‘para bo‘laveraman.
— Naq qizilning o‘zida o‘tding. Men guvohman. Hujjat ketdi, deyaver, — dedi
Omonullo tegajaklik qilib, — ovora bo‘lma, yoningni olmayman.
— Senga ahmoq odam yalinadi. Qarab tur, hozir to‘xtatganiga pushaymon
qildirvoraman.
Murdalar gapirmaydilar (qissa). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |