www.ziyouz.com kutubxonasi
105
evlolmasidi. Ichdimi, tamom, ishkalning uyasini kavlardi-da. Qattiq urganidan singlim
bechoraning ichagi uzilib ketibdi. Do‘xtir shunaqa degan.
— Qamalishining sababi boshqa-ku?
— Ha-da, biz da’vo qilmadik-da. O‘shanda bir nima deb qo‘ysak umri qamoqda
chirirdi. Shu Nafisani debla uni ayadik. Aslida Toshbolta o‘shanda tuhmat bilan ketdi,
Xudoning urgani shu, shuning o‘zi yetarli, dedik. Ayamasdan ottirvorsak bo‘larkan. Yo‘q
bo‘lib ketovursa Nafisaning boshiga bu balolar ham yog‘ilmasidi.
— Nega?
— Nega bo‘lardi? O‘zim tarbiya qilardim. Shu qishloqlik quling o‘rgulsin yigitga erga
berardim. Shaharga yubormasidim. E, endi gapirganning foydasi yo‘q, — Yigitali
shunday deb qo‘l siltadi.
— Toshbolta akani tuhmat bilan ketgan dedingizmi?
— Ha-da, u traxtorini to‘g‘ri yo‘ldan haydab borgan. «Jiguli»dagi xunasaning o‘zi kelib
unga urilgan. U ham mast bo‘g‘on-da. Omma-lekigin uning puli bor edi. Ishni teskari qib
yubordi, qiztaloq. Buni ko‘rgan guvohlar bor edi-ku, omma-lekigin bir nima deyishga
qo‘rqishdi. Menga aytishdi. Men nima, prokurormidimki, bir nima qila olsam.
Peshonasida qamalish bor ekan, ketvordi. Yanayam oson qutuldi. Omma-lekigin orada
qiziga javr bo‘ldi. Singlim ham ketdi, jiyanim ham ketdi, hech kim qolmadi... — Yigitali
shunday deb uf tortdi-da, kaftiga bir chimdim nos to‘kib, so‘ng tilining tagiga tashlab,
bosh chayqab qo‘ydi.
— Jiyaningizning... dushmanlari bormidi?
— Iya, gapingiz qiziq, xotin kishida ham dushman bo‘lami?
— Bo‘lmaydi, deb o‘ylaysizmi?
— Bo‘lar-ku, omma-lekigin o‘ldirib ketadag‘on dushmani bo‘lmasov.
— Unda kim o‘ldirishi mumkin?
— Shunisini bilmayman, uka, — Yigitali g‘o‘diranib nosni tupurdi-da, mo‘ylovini silab
qo‘ydi. — Men bundaqa gaplarni biladag‘on prokuror emasman. Mening bilganim — kuni
bitgan ekan, shunaqa o‘lim topibdi. Hammamiz birin-sirin o‘lib ketovramiz, dunyo esa
orqamizda qolovradi.
— Jiyaningiz avvalgi sovxoz direktori bilan yaqin bo‘lgan ekan, shuni siz bilarmidingiz?
— Kim aytdi? Toshboltanikiga boruvdingizmi? Ha... unda ashi shaytonning
urg‘ochisidan eshitgansiz. Bekorlarni aytibdi u shilta! Bizdi urug‘dan bunaqasi
chiqmagan! — Yigitali shunday deb shart o‘rnidan turdi-da, xuddi to‘nning etagini
qoqayotgandek soniga urib qo‘ydi. Omonullo uning bu holatidan ajablanmadi. Jiyanining
axloqi xususida bunday noxush gap eshitgan har qanday tog‘aning g‘azablanishi tabiiy.
Tag‘in ham Omonullo «yaqin bo‘lgan ekan», deb pardalab aytdi, agar «o‘ynashi ekan»,
degandami, bu chapanisifat odam qay holga tushardiykin? Yon-atrofdagilarga so‘z
bermay yuruvchi erkak nomussizlik ko‘lankasida qolguday bo‘lsa chidashi nihoyatda
qiyin. Jiyanining, hatto o‘z farzandining o‘limiga chidar, «taqdir ekan», deb o‘zini
yupatar, ammo nomussizlik tamg‘asini ko‘tarishga har qanday baquvvat bel ham
chidamas. Yigitali jiyanining qadam olishini bilmasdi emas, bilar edi. Ular yashayotgan
sovxoz dunyoning narigi chekkasida bo‘lsa ekanki, gap-so‘z yetib kelmasa. Unda birov
aksirib yuborsa, yonidagi «sog‘ bo‘ling», deyishga ulgurmay aks-sadosi qishloqqa yetib
keladi. Yigitali bir eshitganida indamadi — «g‘iybat gap», deb o‘zini tiydi, ikkinchisiga
chidadi. Uchinchisida borib jiyaniga indamadi-ku, ammo Toshboltani yoqasidan oldi.
Tuprog‘i ko‘pchib yotgan ko‘chada og‘zi-burnini qora qonga belab urdi ham, yumalatib
tepdi ham. Xumordan-ku chiqmadi-ya, lekin «endi tiyilar», deb umid qildi. Semirib
ketgan qo‘chqorni homilador gumon qilib tug‘ib berishini kutgan odam qanchalar laqma
bo‘lsa, Yigitali ham bu sohada nodon edi: shiraga o‘rgangan pashshani yaxshilik bilan
Murdalar gapirmaydilar (qissa). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |