www.ziyouz.com kutubxonasi
102
— Siz meni o‘limtik odamga chiqarib qo‘ydingizmi? — dedi Samandar norozi ohangda.
— Hech qaerimda og‘riq yo‘q, shikoyatim ham yo‘q, nimaga yotibman bu yerda o‘zi?
— Ichingni tozalashibdi, endi qoningni ham tozalashlari kerak ekan. Yana uch-to‘rt
kun yotadiganga o‘xshaysan.
— Ishlarimiz nima bo‘ldi?
— Ishlarimizmi? — Bazarov mug‘ambirona jilmaydi. — Ha, durust, esing joyida ekan,
ishlarimizni unutmabsan. Ishlarimiz — besh, og‘ayni, bundan battar bo‘lishi mumkin
emas. Sen adashmagan ekansan. O‘sha yerda chindan ham yadro sinovi o‘tkazilgan.
Hozir hukumatning rasmiy bayonoti tayyorlandi. Bugun-erta e’lon qilinishi kerak.
Shtatlarning popugi sal pasayadigan bo‘ldi. Indalmasa da’volari osmon baravar edi.
Shunaqa, oshna, sen yengding. Baygildin senga alohida salom aytdi. Moslamani
kuchaytirish haqidagi taklifing ham o‘tadigan o‘xshab turibdi.
— Hindqushga o‘rnatish-chi?
— Bu taklif o‘tmasa kerak. Afg‘onistondan askarlar olib chiqib ketilsa-yu, Hindiqushga
harbiy kuzatuv markazi qurilsa, aqlsizlikning o‘zi-ku, bu? Kreml-ni ishontirdik shekilli.
— Viktor Bazarovich, men o‘n-o‘n besh kun Moskvada qolishim mumkinmi?
— Nima qilmoqchisan?
— Doktorlik dissertatsiyamga javob bo‘lmayapti. Bir shug‘ullanib ko‘rsammikin,
devdim. — Samandar shunday deb nigohini olib qochdi. Tabiatan yolg‘ondan hazar
qiluvchi bu odam ayni choqda asl maqsadini — uydagi fojiadan sal yiroqroqda yurish
istagi borligini yashirmoqchi edi.
— Be, boshingni qotirmasangchi! — dedi Bazarov qo‘l siltab, — Senga shu diplom
zarurmi hozir. Sen yuzta fan doktorining ishini bir o‘zing qilib o‘tiribsan. Shuning o‘zi
yetarli emasmi?
— Harholda...
— Ha, kerak, diplom ham kerak. Lekin sen shoshilmay tur. Men bu ishlarning
hammasidan xabardorman. Sening bu ishlaring bilan ba’zilar qiziqib turibdi. Shuning
uchun ham himoyang masalasi noaniq muddatga surilgan. Shuning uchun hozircha
uyingga qaytaver. Ha, aytmoqchi oila a’zolaring tinchmi?
Samandar bu savolni eshitib yengil titradi-yu, yana ko‘zlarini olib qochdi. «Nega
so‘rayapti? Xabar topganmi?», deb o‘ylab dovdiradi.
— Sen bu yerga kelishingda uyingga kirmaganmiding? — deb so‘radi Bazarov unga
sinovchan tikilib.
— Yo‘q, yo‘q, — dedi Samandar, — to‘g‘ri kelaverganman.
— Yaxshi. Bizga xabar berishdi: xotining kasal emish. Bolalaring bormidi?
— Yo‘q...
— Yaxshi...
«Yaxshi? Nimasi yaxshi? Nega surishtiryapti? Xabar berishgan... Xabar berishgan...»
Samandarning ruhida sarosima boshlanganini Bazarov sezdi. U hali fojiadan bexabar
edi. Bilgani: Samandarning xotini o‘ldirilgan. Bazarov unga achinib, ko‘nglini ko‘taruvchi
gap izladi. Tabiatan qo‘pol muomalali bo‘lgan generaldan qalbni yumshata oluvchi,
taskin bera oluvchi gapning chiqishi mushkul edi.
— Menga qara, u yerda dushmanlaring borligini bilasanmi? — dedi u xuddi tomdan
tarasha tushganday tarzda.
«Dushman? Qanaqa dushman?» Ruh po‘rtanasidagi sarsari Samandarga bu savol
g‘alat tuyulib, Bazarovga savol nazari bilan qaradi.
— Nima, dushmanlaring yo‘qmi? — dedi Bazarov.
— Qanaqa dushman? Men birovga yomonlik qilmaganman?
Murdalar gapirmaydilar (qissa). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |