www.ziyouz.com kutubxonasi
100
— Juda-a, ez-zib yubordingiz-da, aka! — dedi u zarda bilan. — Nuqul adolat deysiz,
nuqul halollik deysiz, birovlardan talab qilasiz. O‘zingizda bormikin shu adolat, shu
halollik?
Nuriddin shu gapi bilan Tursunalining betiga shapaloq tortganday bo‘ldi.
— Vey, uka, vey, Nuriddin, sizdan eshityapmanmi shu gaplarni, a? Biz kimmiz axir,
adolatsizlik qurbonlari emasmizmi?
— Meni o‘zingizga tenglashtirmang. Sizning yo‘rig‘ingiz boshqa. Adolat bilan halollikni
hamma gapirganida ham siz gapirmang.
— Vey, uka, siz bu gaplarni bir gapirdingiz, ikkinchi aytmang. Men siz o‘ylagan
nopoklardan emasman. Hammani bir xil qarichda o‘lchamang. Men halol yashab kelgan
odamman.
Nuriddin bu gapdan iljaydi. Bu iljayish zamirida zahar borligini payqagan Tursunali
tutaqdi:
— Kulmang. Men sizdaqalarning qanchasini... — Tursunali «o‘ynatganman» demoqchi
bo‘ldi-yu, mavridi emasligini bilib, gap maromini burdi: — Sizdaqalarning qanchasiga
yordam berganman, o‘qitganman, hunar o‘rgatganman.
— Aka, — dedi Nuriddin qo‘lini kir sochiqqa artib, — bu gaplarni boshqaga aytsangiz
ham menga aytib, ovora bo‘lmang. Men qishloqda o‘sgan bolaman. Sizga o‘xshagan
«direktor buva», «rais buva»larning qiliqlarini juda yaxshi bilaman. Siz butun dunyoni
aylanib bittagina halol raismi yo direktornimi topib, menga ro‘para qiling, agar u chindan
halol bo‘lsa, men kallamni shart uzib, qo‘lingizga tutqazayin.
«Kallangni pishirib ye», dedi o‘zicha Tursunali. Bahs o‘zining foydasiga hal
bo‘lmasligini anglab, unga javob bermay, qo‘lidagi kosani yuvmoqqa kirishdi. Shu onning
o‘zida hisob-kitobni roslab olmoq ahdidagi Nuriddin esa, «hujum»ni davom ettirdi:
— Halollik deysiz. Qaysi rais, qaysi direktor amalga bepul o‘tiradi? Siz sarf-xarajat
qilmaganmisiz? Keyin raykomlaru obkomlarning tomog‘ini moylab turmaganmisiz?
Qaerdan olardingiz? Halol odam topa oladimi shuncha pulni? «Terim paytida haftalab
uyga bormas edim», deysiz. To‘g‘ri, bormas eding-lar. Sizlarning shtablaringiz bo‘lardi,
a? Tunlari paxta punktlarida qiladigan ishlaringni qilib olardilaring. Men ketmonchining
o‘g‘liman. Esimni taniganimdan beri qo‘limda ketmon. Lekin birimiz ikki bo‘lmagan sira.
Plan yuz ellikdan pastga tushmagan, ammo cho‘ntak pul ko‘rmagan. Siz aytgan adolat
shumi? Halollik shumi? Bu yerdagi o‘g‘rilar nima uchun sizga yopishib qolishdi?
Tuhmatga uchragan odamga ular tegishmaydi. Qaytaga himoya qilishadi. «Halol»dan
topganingiz ko‘pdirki, tinch qo‘yishmayapti. O‘g‘rini qaroqchi ursa shunaqa bo‘ladi.
— Vey bola, sen haddingni bil! O‘g‘rilaringga qo‘shib iningga kirg‘izvormayin tag‘in! —
Tursunali shunday deb kosani otdi. Nuriddin kosani kafti bilan bir urib, nariga uchirib
yubordi.
— Ana, haqiqat istaysiz-u, haq gapga chiday olmaysiz.
— Shunaqami? Men haromxo‘rmanmi? O‘g‘rimanmi? Sen o‘zing-chi? Kimligingni
bilmaymanmi?
— Kimligimni yashirmayman, qilgan ishlarim uchun uyalmayman. Men bir ablahni
o‘ldirdim. Bu yerda yana bittasini o‘ldirdim. Ular tirilib qaytib ro‘para bo‘lishsa, baribir
yana o‘ldirardim. Bu yo‘ldan qaytmayman. Bilib qo‘ying: men siz kabi odamlardan naf-
ratlanaman. Sizga o‘xshaganlardan bu yerdagi o‘g‘rilar ming marta yaxshiroq. Ular
o‘g‘irlaydilar, talaydilar, kerak bo‘lsa o‘ldiradilar. Lekin sizlarga o‘xshab «Pokman!» deb
miyani achitmaydilar. O‘g‘riliklarini tan oladilar. O‘g‘ri ekanliklari bilan faxrlanadilar. Siz-
chi? Hamma yog‘ingiz shaltoq bo‘lib yotibdi-ku, yana pok-likdan, adolatdan gapirib,
boshni qotirasiz. Agar ochiqlikda duch kelib shu afsonalaringizni aytsangiz, betingizga
tupurvorardim, aka. Bu yerda noilojlikdan salom-alik qilyapman. Atrofdagilar ikki o‘zbek
Murdalar gapirmaydilar (qissa). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |