www.ziyouz.com kutubxonasi
97
Ular bu uydan chiqib to‘g‘ri sovxoz idorasiga bordilar. Yangi direktor «Nafisa Boltaeva
nima uchun kelgan edi?» degan savolga «Men rahbar bo‘lganimdan beri uni ko‘rganim
yo‘q. Tursunali akamga kelib turardi», deb javob berdi. Omonullo gapni har qancha
chalg‘itsa ham «kelmagan, ko‘rmaganman», deb turib oldi.
Omonullo xayrlashar mahalida «yana kelamiz, uchrashamiz», deganida ham u «yana
kelsangiz ham gapim shu: ko‘rmadim», — dedi.
Yangi direktor aldamadi: Nafisa kelganida u shaharda edi. Juvonning kelib-ketganini
bog‘ qorovulidan eshitib, «eh attang!» deb afsuslangandi. Omonulloning savollaridan
keyin «yaxshi hamki u falokat kelganida yo‘q ekanman», deb shukr qildi.
LUQMA
(Qotillikdan avvalroq sodir bo‘lgan voqea)
Tursunali boyligini qaerga yashirganini aniq ayt-gan bo‘lsa ham Tengiz shoshilmadi.
Qish o‘tib bahor kelsa-da, xazina haqida gap ochmasdan yuraverdi. Bu orada
Tursunalining yarasi tuzaldi. Lager huzuridagi hibsxonada yotib, tergovchi so‘roqlariga
javob berdi. Tursunalining baxtiga tergovchi uni urmadi, qiynamadi-yu, oxir-oqibat
«o‘zini himoya qilayotganida meyor-ni oshirib yuborgani uchun» yana qo‘shib berishdi.
Lager hibsxonasidan chiqqanida Tengiz uni yo‘qlab, dalda berdi:
— Umrim qamoqda chirir ekan, deb afsuslanma. Agar aytganing rost chiqsa, seni
yurtingdagi lagerga jo‘nattiraman. Muddating yarmidan o‘tishi bilan erkinlikka chiqasan.
Mening gapim — gap!
Tursunali bu gaplarga bir ishonib, bir ishonmay yurdi. Ishonmagani — muddati
yarimlagunicha kim boru kim yo‘q. Ayniqsa, bu o‘g‘rilar olamida bugun bor odamning
ertaga izsiz ketishi hech gap emas. Bu Tengiz deganlari ham kerilib yurgani bilan
zo‘rrog‘iga duch kelsa, iniga kirib ketishi aniq. Tengizning gapiga ishonganining sababi
esa, undan bo‘lak hech kim dalda bermadi. Va’da yolg‘on bo‘lgan taqdirda ham harholda
dalda edi. «O‘g‘rilar bir so‘zli», deb eshitgan. Uning umidi shundan edi.
Bahor yomg‘iri ezib yog‘ayotgan kunlarning birida Tursunali Tengizga duch kelib:
— Topdilaringmi, aldamabmanmi? — deb so‘radi. Bu bilan «Va’dangni qachon
bajarasan?» demoqchi edi. Tengiz uning maqsadini anglab, yuziga yengil shapati urib
qo‘ydi:
— Shoshilma, har ishning vaqti-soati bor.
— Topdinglarmi o‘zi? — dedi Tursunali, Tengizning javobidan qoniqmay.
— Shoshilma, deyapman-ku. Cho‘michga aytgan joyingga borishibdi. U yerda chindan
ham yo‘q ekan.
— Bolalarimga tegishmabdimi?
— Ha, ana, aqling joyida ekan-ku! Bolalaringni endi esladingmi? Cho‘michga yolg‘onni
aytayotganingda o‘ylamovmiding? Borishsa, topisholmasa, bolalarimni qiynashsa...
Xotiningni, qizlarningni zo‘rlashlari ham mumkin edi, a? Sen bizdan qarzdorsan.
Biznikilar bo‘lishmaganda qizlaring juvon holida erga tegardi. Nomussizlik sizlarda ham
azob, a? Men oilangni himoya qilaman, deb va’da berganmanmi, demak shunday bo‘ladi!
— Tengiz shunday deb uning yuziga yana yengil shapati urdi-da, yo‘lida davom etdi.
Tengizning «nomussizlik — sizlarda azob, a?» deb qo‘yishi Tursunalini tashvishga
soldi. «Xotiningni, qizlaringni zo‘rlashlari mumkin edi», degani esa badanini muzlatib
yubordi. Shu paytgacha «norasida qizlarimni birov zo‘rlashi mumkin», degan gap
xayoliga kelmagan edi. Tengizning gapidan so‘ng esa, shu dahshat sodir bo‘lgandek, bir
necha kungacha ezilib yurdi. Davroni kelgan paytlarda, ayshini surgan kezlarida «shular
ham birovning qizi-ku?» deb o‘ylamagan edi. Hatto Nafisaning nomusiga ega chiqqanida
Murdalar gapirmaydilar (qissa). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |