www.ziyouz.com kutubxonasi
96
—Ishlamay nima, shunga boqimanda bo‘lib o‘tiramanmi? Maktabda ishlayman.
— Kim bo‘lib, farroshmi?
— Vey, nima deyapsiz? Men o‘qituvchiman. Oliy ma’lumotli o‘qituvchiman!
— O‘qituvchi?.. Maktabning ham, bolalarning ham sho‘ri qurigan ekan unda, —
Omonullo shunday deb o‘rnidan turdi.
— Voy, voy, og‘zingizga qarab gapiring, nima deyapsiz?
— Og‘zingizdan chiqayotgan gaplarni qarang.
— Gaplarimga nima bo‘pti? Vey, sen kimsan o‘zing, menga tanbeh beradigan? Sen
borib o‘zingning xotiningga qil dag‘dag‘angni, bildingmi? Sen yigirma yil shunaqa
traktorchi bilan yasha-chi, ko‘raman ahvolingni!
— Hov opa, tilingizni tiying, bunaqa deyishga haqqingiz yo‘q, — dedi shu paytgacha
jim turgan depara vakili.
— O‘zing tiy tilingni. Qani, bir jo‘nab qollaring-chi, huv, qoralaring o‘chsin-a...
Omonullo o‘zini xotinning shallaqiligiga e’tibor bermaganday tutib, ko‘cha eshik tomon
yurdi. Hovli o‘rtasiga yetganda to‘xtab, vakilga topshiriq berdi:
— Leytenant, bu opangizni rayonga chaqirib so‘roq qilasiz. Natijasini yozma ravishda
yetkazasiz.
Vakil bu topshiriqni po‘pisa uchun berilganini anglab, baland ovozda:
— Xo‘p bo‘ladi, o‘rtoq kapitan! — deb qo‘ydi.
Bu po‘pisadan keyin sal popugi pasayar deb o‘ylashgan edi, yo‘q, aksi bo‘lib chiqdi:
— Rayoningga desang, rayoningga boraman. Kerak bo‘lsa Maskovingga boraman.
Meni qo‘rqitmay qo‘yaqol. Sen o‘g‘rini qo‘rqit, banditni qo‘rqit. Mening nimamni so‘roq
qilasan? O‘g‘rilik qilibmanmi, g‘arlik qilibmanmi?
Omonullo bu xotinga hatto shayton ham bas kelolmasligini anglab, qadamini
tezlatgan edi, kutilmaganda Adolat:
— To‘xtang, hay to‘xtang, — deb qoldi.
Hozirgina sensirab, qarg‘ash darajasiga yetgan ayolning sizsirashi, ovozining
muloyimlashuvi g‘alati edi. Shuning uchun ham vakil beixtiyor:
— Ha, opa, tinchlikmi? — deb yubordi.
— Senda gapim yo‘q, sen ketaver, — dedi Adolat unga, keyin Omonulloga yaqinlashib
so‘radi: — Men mollarni olgani qachon boray?
— Qaysi mollarni? — dedi Omonullo xuddi tushunmaganday.
— Voy, qaysi deganingiz nimasi? Erim olib kelgan mollar-chi!
— Mollar sizga berilmaydi, egasiga beriladi.
— Egasini ko‘rib turibsiz-ku?
— Yaxshilab qarang, tuzating. Tuzalganlarida borib oladilar.
— Voy, savil, voy savil...
Adolat shunday deb qolaverdi.
Ko‘chaga chiqib mashinaga o‘tirishgach, Omonullo «uf» tortdi:
— Agar shu odam o‘lsa, to‘g‘ri jannatga boradi. Bu odam bilan savol-javob bo‘lmaydi,
— dedi, u.
— Nega? — deb so‘radi vakil kulimsirab.
Omonullo bu xotinning shallaqiligidan bezib Fotima o‘qib bergan satrlarni eslagan edi.
Mirzo Bobur Husayn Boyqaroning katta xotini Beka Sultonbegimni yoza turib, «ko‘p
kajhulq edi», deb «yaxshi kishining xonasidagi yomon xotun shu dunyoning o‘zidayoq
uning do‘zaxidir», degan mazmundagi baytni yozgan ekan. Hozir shu bayt mazmuni
yodiga kelib aytvordi shu gapni. Vakilning «nega?» degan savoliga esa Boburdan misol
keltirishni istamay, soddagina qilib: «Bu xotin bilan yashagan erkak do‘zax muddatini
o‘tab bo‘lgan hisoblanadi», deb qo‘yaqoldi.
Murdalar gapirmaydilar (qissa). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |