DUSHMAN
Samandar hushiga kelib, qaerda yotganini anglay olmadi. Uyiga kirgani... Nafisa...
Begona erkak... bular nima, tushmi edi? So‘ng Moskvaga kelgani, Kreml-dagi suhbat...
Mehmonxona... Kimdir keldi, nimadir dedi. Kim edi? Nima dedi? Keyin-chi?
Xonadagi anjomlarga qarab, shifoxonada yotganini angladi. Shifoxonaning yoqimsiz
hidi ko‘nglini aynitib, o‘qchiy boshladi. O‘qchuq ovozini eshitgan hamshira shoshilib kirib,
unga idish tutdi. So‘ng vrach paydo bo‘ldi. Tomirini ushlab, mijjalarini qayirib ko‘rgach,
hamshiraga qisqa, ammo buyruq ohangida ko‘rsatmalar berdi. Shundan so‘ng Samandar
undan «qaerdaman?» deb so‘rab, harbiylarning markaziy shifoxonasida ekanini bildi.
«Soppa-sog‘ edim-ku, bu yerga qanday kelib qoldim?» deb o‘ylab, ajablandi. Savoliga
javob topa olmay vrachdan «nega bu yerdaman?» deb so‘radi. Vrach unga qarab, bosh
chayqadi-da: «Bekordan bekorga o‘lib ketmasligingiz uchun shu yerdasiz», dedi. «O‘lib
ketmaslik uchun? — yanada taajjublandi Samandar. — Nega o‘lishim kerak?» Bu
savoliga o‘zi ham javob topa olmay yana vrachdan so‘radi. Vrach yana bosh chayqadi:
«Ba’zan shunaqa bo‘lib turadi,— dedi u. — Odam o‘zi bilmagan holda o‘lim jari yoqasiga
borib qolishi mumkin. Siz qariyb jarga qulagan edingiz. Tortib oldik» «Tortib oldik?..
Nega qulayman? Nega tortib oladi?..» Javobsiz savollar ko‘p edi. Biroq vrach u bilan
hamsuhbat bo‘lishni istamay, tashqariga chiqdi. Uning topshirig‘i bilan chiqqan hamshira
yana uch hamkasbi bilan kirib keldi-yu, Samandar uchun azobli daqiqalar boshlandi.
«Agar jardan tortib olishi shunaqa azob bo‘lsa, o‘lib ketaverganim ming marta yaxshi
edi», deb o‘yladi. Uning ichaklarini yuvaverib holdan toydirib yuborishdi. Bu jarayon
yana ikki kun davom etib, surobi to‘g‘ri bo‘lib qoldi. Uchinchi kuni Bazarov yo‘qlab keldi.
— Ha, Gorinich, ahvol qalay? — dedi u. Keyin Samandarning kirtaygan ko‘zlariga
qarab kuldi: — Bo‘ladiganing bo‘lib qolibdi-ku? Eplolmasang nima qilarding ichib? Kelib-
kelib Medvedevga hamshisha bo‘lasanmi? Sen «Volga» daryosini simirib tashlagan zmey
Gorinichni eshitganmisan? Medvedev aroqni xuddi o‘sha daryoday simirib to‘ymaydigan
Gorinichlardan.
— Medvedev? Kim u? — dedi Samandar uning gaplarini tushunmay.
— Hali kim bilan ichganingni bilmaysanmi? General Medvedevni eshitmaganmisan?
Qiziq, u ham seni eslay olmadi. Lekin aytib qo‘yay: agar u bilan teppa-teng ichgan
bo‘lsang — yomon emassan. Seni qahramonlikka tavsiya etish mumkin. Yana u bilan
ichishsang ehtiyotroq bo‘lgin, yana qahramonlikni o‘lganingdan so‘ng olib yurmagin. —
Bazarovning keyingi gapi piching aralash hazil ohangida aytilgani bilan, zamirida ozgina
po‘pisa ham mavjud edi. — Xo‘p, bo‘lar ish bo‘libdi. Qalaysan endi? Turib, yura
olasanmi?
Murdalar gapirmaydilar (qissa). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |