www.ziyouz.com kutubxonasi
106
qaytarish mumkinmasligini fahmlamasdi. Bora-bora g‘ishtning qolipdan ko‘chganini ang-
lagach, jiyaniga «qishloqqa kamroq kel», deb qo‘ydi. Nafisa buvisining janozasiga kelib,
yettisi o‘tgunicha turmoqchi bo‘lganida Yigitali xotinlarning visir-visirlaridan bezib,
jiyaniga «Endi qizim, bu yerda turganing bilan buving tirilib qaytib kelmaydilar. Yaqinda
er qilgan odamsan, uyingdan uzoqma. Endi qishloqqa kelib ovora ham bo‘lovurma.
Sog‘inganimda o‘zim borib xabar olaman», deb kuzatib qo‘ydi. Shundan so‘ng u jiyanini
sog‘inmadi, jiyan ham «tog‘am yo‘qlamayaptilar», deb xavotirlanmadi. Yigitali jiyanining
yashash joyini ham bilmasdi, bilishga qiziqmadi ham. Nafisa bilan birga o‘sgan qizining
bordi-keldi qilish haqidagi gapini ham shart bo‘lib qo‘ya qoldi. Otasining fe’lini bilgan qizi
istagini bir aytdi-yu, boshqa tilga olmadi.
Omonulloning «avvalgi sovxoz direktori bilan yaqin bo‘lgan ekan», degan savoli
Yigitalining yarasini tirnab qo‘ydi. U savoldan norozi bo‘lib emas, ana shu tirnalgan yara
azobiga chidolmaganidan o‘rnidan turib ketgan edi. Yigitali shu savol-javobdan so‘ng
tumtayib oldi. Buni sezgan Omonullo ezmalanib o‘tirmadi. Soatiga qaradi-da, kechki
poezdga ulgurish maqsadida o‘rnidan turib, xayrlashdi.
Tongda poezddan tushib, yuvinib, kiyimlarini almashtirish niyatida uyiga bordi.
Qaynonasi yuvib-dazmollagan ko‘ylaklarni javondagi ilgichlarga ilib, uyni yig‘ishtirib, stol
ustidagi kaftdek qog‘ozga qisqagina maktub yozib qoldirgan ekan: «Fotimangiz telpon
qilib, salom aytdi. Ishlari tezlashyaptiykan. Dadangiz ikki-uch kelib-ketibdilar. Xavotir
olyaptilar». Keyingi so‘zlarni o‘qib, Omonullo jilmayib qo‘ydi. Qaynona «dadangiz»
deganda Omonulloning tutingan otasini nazarda tutgan, «xavotir olyaptilar», deb borib
ko‘rishga da’vat qilgan edi. Tutingan otasi ulardan to‘rt eshik narida turadi. Uni borib
ko‘radigan bo‘lsa, qaynota-qaynonani yo‘qlashi ham tabiiy. Qaynonasi «biznikiga kirib
o‘ting», demay, chiroyli tarz-da maqsadni bayon qilib ketgan edi. Ona mehriga zor
o‘sgan Omonullo yumshoqko‘ngil, shirinmuomala qaynonasini kuyov emas, chin o‘g‘il
muhabbati bilan izzat qilardi. Qaynonasi esa onalik mehrini bergan edi. Omonullo bilan
Fotima orasida jiddiy to‘qnashuv bo‘lmasa-da, ikir-chikir masalalarda ham doimiy
ravishda kuyovining yonini olib, qiziga qarshi turardi. Shunaqa paytlarda Fotima «Oyi,
men qizingizmanmi yo keliningizmanmi?» deb kulardi. Qaynotasining ezmaligi
yoqmasligini hisobga olmaganda Omonullo uni ham yaxshi ko‘rardi. Vaqti bemalol
bo‘lsa, gaplarini indamay eshitardi. Ba’zan o‘tirgan yerida mizg‘ib ham olardi.
Qaynotasining eng yaxshi odati — «men shuncha gapirdim-ku, hamsuhbatim indamadi-
ya», yoki «gapimni yoqtirmay uxladi-ya», deb sira ranjimasdi. Omonullo salom berib
«Qalay ada, yaxshi yuribsizmi?» deyishga ulgursa ulgurdi, ulgurmasa jim o‘tirishga
hukm bo‘lardi. Qaynotasi gapira-gapira xumordan chiqardi-yu, mehmon ketgach,
xotinining dashnom o‘qlariga uchrab yana kamgap, «mo‘’min»ga aylanardi. Fotima
ba’zan gapga tushib ketsa Omonullo «Ha, ota qizi!» deb tegajoqlik qilib, uning jig‘iga
tegishni yaxshi ko‘rardi.
Omonullo bugun ishdan barvaqtroq chiqib, ularni yo‘qlashni ko‘ngliga tugib, choy
qo‘yib ichdi-da, xizmatga yo‘l oldi. Yo‘l-yo‘lakay prokuraturaga kirib, Mels Xo‘jaevga
uchradi. Safarga ketishdan avval ko‘rishganida bu kibor yigit uni lol qoldirgan edi:
— Aka, siz haqingizda men ko‘p yaxshi gaplarni eshitib, xursand bo‘ldim, — degandi.
— Men bu sohada yangiman. Tajribam yo‘q, bilimim ham yetarli emas. Lekin shu ishni
yoqtiraman. O‘zim xohlab tanlaganman. Menga ish o‘rgating, iltimos, ish buyuravering.
— Ishni prokuratura buyuradi bizga, — degan edi Omonullo piching ohangida.
— Shunaqa demang-da. Odamlar «falonchining o‘g‘li» deb menga havas qilishadi.
Aka, bilsangiz shu narsa meni ko‘p qiynaydi, menga ko‘p zarar beradi. O‘qishda ham
uchib yurib o‘qidim. Ba’zi domlalar ko‘ngil uchun ham so‘rab qo‘yishmasdi. Bu yerda
ham qiynagilari kelmaydi. «Falonchining o‘g‘li» bo‘lganim uchun men aybdor emasman-
Murdalar gapirmaydilar (qissa). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |