5427-§. Tog‘ jinslari va ularni o‘rganish usullari
Tog‘ jinslari faqat bitta mineraldan (labradorit, olivinit, ohaktosh) yoki ko‘p mineraldan (diorit, granodiorit) tashkil topgan bo‘lishi mumkin. Tog‘ jinsining kimyoviy tarkibi uning qanday minerallardan tashkil topganiga bog‘liqdir. Tog‘ jinslari ma’lum geologik sharoitlarda tarkib topadilar. Bunday sharoitlar tog‘ jinslarining yotish shakliga, tog‘ jinsidagi minerallarning xossalariga va ularning bir-birlariga bo‘lgan munosabatiga ta’sir ko‘rsatadi.
Tog‘ jinslari bir-birlaridan yana fizik xossalari, ya’ni rangi, zichligi, mexanik mustahkamligi, eruvchanligi, g‘ovakliligi va boshqa xususiyatlari bilan farqlanadi. Tog‘ jinslari hosil bo‘lishiga ko‘ra 3 ta katta guruhga bo‘linadilar:
magmatik jinslar – magmaning yer po‘stida sovib kristallanishidan tarkib topadi;
cho‘kindi jinslar – ekzogen (tashqi) jarayonlar natijasida magmatik va metamorfik jinslarning nuragan hosilalarining keyinchalik diagenez (zichlashish, sementlashish) natijasida organizmlar qoldiqlarining to‘planishidan hamda suv havzalarida elementlarning birikib cho‘kishidan hosil bo‘ladi;
metamorfik jinslar – magmatik va cho‘kindi jinslarning turli omillar ta’siridan o‘zgarishi natijasida yuzaga keladi. Ammo, bu jinslar yer po‘stida bir xil tarqalmagan. Mutaxassis olimlarning hisoblashlariga ko‘ra litosfera 15–20 km chuqurlikda 95 % magmatik va metamorfik jinslar bilan band va faqatgina 5 %ni cho‘kindi jinslar tashkil etadi. Ammo yer yuzasida cho‘kindi jinslar ko‘p, ya’ni yer yuzasining 75 % cho‘kindi jinslar va 25 %ni magmatik va metamorfik jinslar qoplaydi.
Petrografiya fanining tekshirish usullari ikkiga bo‘linadi: dala va laboratoriya usullari.
Dala usuli muhim hisoblanadi. Chunki tog‘ jinsining eng avvalo rangi, mineral tarkibi, yotish shakllari, jinslararo munosabati ta’riflanadi, so‘ngra uning nomi aniqlanadi. Bundan tashqari tog‘ jinsining ichki va tashqi tuzilishi, atrof jinslarga bo‘lgan munosabati, tutash zonalari va ulardagi ma’danli minerallar makroskopik usulda aniqlanadi. Tog‘ jinsining yotish shakli o‘rganilib uning qanday sharoitda hosil bo‘lganligi to‘g‘risida fikr yuritiladi. Tog‘ jinsidan turli namunalar olinadi. Olingan namunalar laboratoriya sharoitida turli usullar yordamida mukammal tekshiriladi. Eng avvalo, tog‘ jinsining tarkibi va tuzilishi, undan shaffof shlif tayyorlanib polyarizatsion mikroskopda kristallarning optik xususiyatlari o‘rganiladi. Shlif qalinligi – 0,03 mm qalinlikdagi tog‘ jinsining kesimi bo‘lib, u maxsus kleykanada balzami yordamida shisha plastinkaga yopishtiriladi.
Juda aniq va mufassal kristallooptik tadqiqotlar uchun Fedorov stolchasidan foydalaniladi. Ma’danli minerallar maxsus mikroskop yordamida o‘rganiladi. Buning uchun jinsdan yuzalari jilolangan preparat – anshliflar tayyorlanadi.
Tog‘ jinsi minerallarini og‘ir suyuqliklarda o‘rganish usuli ham katta ahamiyatga ega. Bu usulda solishtirma og‘irliklari ma’lum bo‘lgan suyuqliklar tizimi yordamida minerallar solishtirma og‘irligi aniqlanadi.
Cho‘kindi jinslarni o‘rganishda ko‘proq granulometrik usul qo‘llaniladi. Bu usulda avval tog‘ jinsi sementi eritilib jinsni tashkil qiluvchi minerallar va bo‘laklar maxsus elaklar yordamida o‘lchami bo‘yicha fraksiyalarga (guruhlarga) ajratiladi.
Bulardan tashqari tog‘ jinslari yana kimyoviy, shlix, rentgenostruktura, termik tahlillar yordamida ham o‘rganiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |