53§. Petrografiyaning tekshirish usullari
Tog‘ jinslari xilma-xil va murakkab bo‘lganligi uchun ularning xususiyati va tarkibi har xildir. Binobarin, bu tog‘ jinslarini tekshirish usullari ham turlichadir. Lekin tog‘ jinslarining barcha tekshirish usullarini 3 ta yirik guruhga bo‘lish mumkin.
Optik usullar. Mazkur guruh kristallooptika, immersiya, Fedorov stolchasi bilan tekshirish usullarini o‘z ichiga oladi. Bu usullar minerallarning optika xususiyatlarini maxsus optika asboblari va xususan, polyarizatsion mikroskop bilan tekshirishga asoslangan.
Kimyoviy va fizik-kimyoviy usullar. Bu usullar tog‘ jinslari va ularni tashkil etgan ayrim minerallarning tarkibini mukammal o‘rganish va ularning vujudga kelishini fizik-kimyoviy qonunlar nuqtai nazaridan talqin etishga asoslangan. Bu usullar ichida petrokimyo usuli ayniqsa yuksak darajada taraqqiy etgan.
Keyingi yillarda minerallarning spektral, rentgen-spektral hamda radiometrik tahlillar yordamida keng o‘rganilishi natijasida yangi tekshirish usuli – mineralogik-geokimyoviy tadqiqot usuli vujudga keldi.
Petrokimyoviy tadqiqotlarda odatda jins hosil qiluvchi elementlarning taqsimlanishi hisobga olinsa, mineralogik geokimyoviy tadqiqotlarda tog‘ jinslarida juda tarqoq holda bo‘lgan va oz miqdorda (1 %dan ham kam) uchraydigan aksessor elementlarga e’tibor beriladi.
Petrografiyaning fizik-geokimyoviy tadqiqot usullari orasida eksperiment, ya’ni fizik-kimyoviy tajriba ishlari alohida o‘rin tutadi. Olimlar katta bosim ostida va yuqori haroratda tajriba o‘tkazib, sun’iy yo‘llar bilan turli minerallar va tog‘ jinslarining birikmasini hosil qiladilar. Undan tashqari, metallurgiya kabi sanoat tarmog‘ining mahsulotlari (shlaklar) ham ba’zi tog‘ jinslariga o‘xshash bo‘lib, aniq fizik-kimyoviy sharoitlarda vujudga keladi.
Bu ishlarning barchasi tog‘ jinslarining paydo bo‘lishini (genezisini) aniqlashda yordam beradi. Geologlarning tog‘ jinslariga o‘xshash suniy mahsulotlarini o‘rganuvchi yangi sohasi petrurgiya deb ataladi.
Bulardan tashqari, termik tahlil va bo‘yash usullaridan ham foydalaniladi. Bu usullar turli gil va ohakli (karbonat) minerallar va ulardan tuzilgan cho‘kindi tog‘ jinslarini tekshirishda katta ahamiyatga ega.
3. Dalada o‘tkaziladigan tadqiqotlar. Bu usulda tog‘ jinslarining ma’lum maydonda tarqalishi, ularning tabiatda tutgan o‘rni, shakli va bir-biriga bo‘lgan munosabati aniqlanadi.
Dalada o‘tkaziladigan tadqiqotlar kesmalar hamda turli tog‘ jinslarining diqqata sazovor qismlari maxsus xaritalarini tuzish, fotosuratlar olish yoki rasmini chizish bilan qayd etiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |