26KIRISH
«Mineralogiya» atamasi lotincha «minera» – «metall paydo qiluvchi tosh» va grekcha «logos» – «bilim, ta’limot» so‘zlaridan kelib chiqqan bo‘lib, minerallar haqidagi fan demakdir.
Hozirgi paytda «mineral» deb bir yoki bir necha kimyoviy elementlarning tabiiy birikmasiga aytiladi. Ular yer po‘stida kechadigan xilma-xil fizik-kimyoviy jarayonlarda hosil bo‘ladi va qattiq, suyuq hamda gaz holatida uchraydi. Minerallar bir-biridan kimyoviy tarkibi va fizik xossalari (rangi, yaltirashi, qattiqligi, solishtima og‘irligi va h.k.) bilan ajralib turadi. Har qaysi mineral ma’lum bir fizik-kimyoviy sharoitlarda (ya’ni bosim, harorat va h.k.) vujudga keladi va geologik jarayonlarning rivojlanishi davomida tashqi ta’sir ostida parchalanib boshqa mineralga aylanishi yoki barqarorligicha qolishi mumkin.
Hozirgi vaqtda ma’lum bo‘lgan 3500 ga yaqin minerallarning juda ko‘pchiligi mineral xomashyo sifatida muhim amaliy ahamiyatga ega.
Bir turli minerallardan metallar (mis, rux, temir, qalay, qo‘rg‘oshin, volfram va boshqalar) ajratib olinsa, ularning boshqa turlari (olmos, kvars, asbest, gips kabilar) o‘zining qimmatli fizik yoki kimyoviy xususiyatlariga qarab ma’lum maqsadlarda qayta ishlanmasdan qo‘llaniladi yoki sanoat uchun zarur bo‘lgan birikmalar, qurilish materiallari kabilarni olish uchun ishlatiladi.
Shunday qilib, mineralogiya tabiiy kimyoviy birikmalar, ya’ni minerallar haqidagi fan bo‘lib, ularning tarkibi, xossalari, paydo bo‘lish sharoitlari va amaliy ahamiyatini o‘rganuvchi fandir.
Mineralogiyaning eng muhim vazifasi quyidagilardan iborat:
Minerallarni iqtisodiyotning turli tarmoqlaridan amalda ishlatish va yangi turlarini ochish maqsadida har tomonlama chuqur o‘rganish.
Minerallarning hosil bo‘lishi qonuniyatlarini aniqlash va bu qonuniyatlarni foydali qazilma konlarini izlash va razvedka qilish ishlarida qo‘llash maqsadida tekshirish.
«Petrografiya» atamasi grekcha «petros» – «qoya, tosh» va «grafo» – «chizaman, yozaman» so‘zlaridan olingan bo‘lib, tog‘ jinslari haqidagi fandir. Geologiyada «tog‘ jinslari» deganda yer po‘stini tashkil etgan qattiq, yumshoq, bo‘shoq va sochiluvchan massaga aytiladi. «Tosh» so‘zi geologiyada ishlatilmaydi va u texnik va amaliy nom hisoblanadi. Geologlar «tog‘ jinsi» tushunchasidan foydalanadilar. Shu tariqa «tog‘ jinsi» atamasi «tosh» so‘zidan farq qiladi va faqat qattiq bo‘lishi shart emas.
Tog‘ jinslarini minerallardan farqlay olish lozim. Minerallar tabiiy kimyoviy birikmalar va sof elementlardir. Ularni tog‘ jinslari «imoratini» tiklagan «g‘ishtlarga» qiyoslash mumkin.
Minerallar tog‘ jinslari tarkibida alohida zarracha va ayrim hollarda to‘liq chegaralangan kristallar ko‘rinishida uchraydi. Tabiatda 400 ga yaqin tog‘ jinslari mavjud bo‘lib, ulardan bir necha o‘ntasi keng tarqalgan hisoblanadi.
Xulosa qilib aytganda, tog‘ jinsi – ma’lum tuzilishi, fizik xossalari va hosil bo‘lishi geologik sharoitlari bilan ajralib turuvchi mineral zarralari to‘plamidir.
Tog‘ jinslari uch katta guruhga bo‘linadi:
Magmatik tog‘ jinslari.
Metamorfik tog‘ jinslari.
Cho‘kindi tog‘ jinslari.
Tog‘ jinslarini har tomonlama o‘rganish bilan petrografiya fani shug‘ullanadi. Petrografiya tog‘ jinslarining mineral va kimyoviy tarkibini, ularning tuzilishi, paydo bo‘lishi, geologik joylashuv sharoitlari, o‘zaro munosabatlari hamda ularning vaqt o‘tishi bilan o‘zgarishini o‘rganadi. Petrografiya eng muhim geologik fanlardan biri hisoblanadi. Chunki foydali qazilmalar to‘g‘risidagi ta’limot ana shu fanga asoslanadi.
Petrologiya fani petrografiya fanidan farqli ravishda faqat magmatik va metamorfik jinslarni o‘rganish bilan shug‘ullanadi.
Litologiya fani esa cho‘kindi tog‘ jinslari to‘g‘risidagi fan hisoblanadi.
Tog‘ jinslarini o‘rganish katta ilmiy va amaliy ahamiyatga ega. Tog‘ jinslari turli tuman metall, nometall va yonuvchi foydali qazilmalarni o‘z bag‘rida saqlovchi sig‘im hisoblanadi. Yuqoridagi foydali qazilmalarning paydo bo‘lishini bilish va izlab topish uchun ularni o‘rab turgan tog‘ jinslarining kelib chiqishi va geologik joylashuvini bilish talab etiladi. Bundan tashqari tog‘ jinslarining o‘zi ko‘p hollarda foydali qazilma bo‘lib xizmat qiladi (granit, ohaktosh, boksit, tuzlar, qumtosh, gil, ko‘mir va h.k.). Shu sababli mufassal petrografik tadqiqotlar olib bormasdan boshqa geologik izlanishlarni o‘tkazish mumkin emas.
Kelajagi buyuk davlatimiz – O‘zbekistonning mineral xomashyo bazasini yaratishda mineralogik va petrografik izlanishlar muhim ahamiyat kasb etadi. O‘zbek geologlari tomonidan olib borilayotgan mineralogik va petrografik tadqiqotlar foydali qazilma konlarini izlash ishlarini rejalashtirish va ko‘plab yangi ma’danli maydonlar hamda konlarni ochish uchun muhim ilmiy asos bo‘lib xizmat qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |