Fevral 1999
ILLA
Ular Mars sayyorasida, billur ustunli uyda qurib qolgan dengiz sohilida yashar edilar va har kuni
erta bilan missis K.ning billur devorlardan yetilib chiqqan oltin mevalarni yeyayotganini yoki qaynoq
shamol axlatlar bilan birgalikda uchirib kelgan ohanrabo changini hovuchlab sochgancha o‘sha
yerlarni tozalayotganini ko‘rish mumkin edi. Kechga yaqin qadimiy dengiz harakatsiz va qaynoq holga
kelgan bir paytda hovlidagi anjir daraxtlari qilt etmay qolar edi va ko‘hna Mars shaharchasi yop-yolg‘iz
so‘ppayib turar edi, hech kim ko‘chaga chiqmas, mister K.ni esa o‘z xonasida bo‘rtiq ierogliflarni arfa
torlari kabi barmoqlari bilan chertgancha ma’dan kitobni o‘qiyotganini ko‘rish mumkin edi. Uning qo‘l
ostida kitob qo‘shiq kuylardi, kuylovchi qadimiy tovush dengiz o‘zining qirmizi tumani bilan sohillarni
qoplab olgan va qadimiy odamlar ma’dan nayza va elektr to‘rlari bilan qurollanib, jangga ketayotgan
odamlar haqida rivoyat qilardi.
Mister va missis K. yigirma yil o‘lik dengiz sohilida yashashdi va ularning otalari va bobolari ham,
mana, o‘n asrdirki, gulga o‘xshab quyosh tomonga yuz burib aylanib turgan mana shu uyda istiqomat
qilib kelgan edilar.
Mister va missis K. hali unchalik keksa emas edilar. Ularning yuzlari chinakam marsliklardek toza,
qorachadan kelgan edi. Ko‘zlari oltin tangalardek sap-sariq, ovozlari mayin va yoqimli. Ilgari ular
kimyoviy olov bilan suratlar chizishni yaxshi ko‘rar edilar, sharob daraxtlari limmo-lim to‘lib oqqan
anhorlarda suzishni yoqtirishardi, keyin esa tonggacha xilvatgina xonada moviy nur taratib turgan
portretlar tagida suhbat qurar edilar.
Endi ular unchalik baxtli emas edilar.
O’sha kuni ertalab missis K. xuddi sariq mumdan chaplab yasalgandek, hosilsiz qumlarning uzoq-
uzoqlarga taralayotgan jazirama hovuriga quloq tutgancha ustunlar o‘rtasida tik turar edi.
Nimadir sodir bo‘lishi kerak edi.
Ayol kutar edi.
U ana-mana qum ustiga chaqnovchi mo‘‘jizani keltirib bosmoqchi, siqmoqchi va ezib yanchmoqchi
bo‘lgan moviy Mars osmonidan ko‘z uzmay qarab turardi.
Ammo hamma narsa o‘sha-o‘sha edi.
Kutaverish joniga tekkach, ayol tumanli ustunlar oralig‘ida u yoqdan-bu yoqqa yura boshladi.
Bo‘g‘otdagi tarnovlardan yomg‘ir jilg‘alanib oqardi, bundan tandirdek qizigan havo biroz salqin
tortgandek, uning badanini silagandek bo‘lardi. Jazirama kunlarda bu daryoga tushib cho‘milish bilan
baravar edi. Salqin jilg‘alar yerni ho‘l qildi. Erining kitobni tinmay chalayotgani qulog‘iga chalinib
turardi; qadimgi ohanglar uning barmoqlariga zarracha ta’sir qilmayotgandek edi.
Ayol xayajonsiz o‘ylardi: qachonlardir xuddi anavi o‘zining kishi aqli yetmas kitoblariga mo‘‘jaz
arfaga yopishgandek mahkam yopishib olgan, xuddi ilgari bo‘lganidek, vaqt-soati kelib eri uni ham
Marsga hujum (roman). Rey Bredberi
Do'stlaringiz bilan baham: |