www.ziyouz.com kutubxonasi
7
— Xo‘sh, xo‘sh, nima ekan? — qichqirdi er.
— Ill, shunaqangi injiqsanki...
— Bo‘l, gapir, — talab qildi er. — Sen mendan hech narsani sir tutishing mumkin emas.
Er ayolning boshi uzra o‘zining sovuq, tund chehrasi bilan unga qarab turardi.
— Men seni hech qachon bunday holda ko‘rmagandim, — javob berdi Illa, uni ham qo‘rqinch, ham
zavq tuyg‘usi qamrab olgandi. — Hech bunaqasi bo‘lmagandi, o‘sha Nataniel York aytdiki... Xullas, u
menga aytdiki, meni o‘zining sayyorasiga olib borar ekan. Albatta, bu bo‘lmagan gap.
— Hamma gap shunda-da, bo‘lmagan gap. — Deyarli ovozi boricha qichqirib dedi er. — O’zingni
sal naridan turib bir eshitib ko‘rganingda edi: u bilan birga o‘ynaganingni, u bilan gaplashganingni, u
bilan qo‘shiq aytganingni, tun bo‘yi shunday qilganingni, ey xudoyim, bir o‘zingga razm solib
qaraganingda bormi?
— Ill!
— U qachon qo‘nadi? La’nati kemasida qachon pastga tushib keladi?
— Ill, ovozingni ko‘tarmasang-chi.
— Padariga la’nat bu ovozning! — er g‘azab ichida ayol uzra engashdi. — Manovi sening
tushingda... — u ayolning panjasini siqdi. — Kema yashil vodiyga qo‘ngandir-a? Javob ber!
— Ha, vodiyga...
— Bugun kechga yaqin ko‘ngandir-da? — tinib-tinchimayotgandi er.
— Ha, ha, shunaqa bo‘lsa kerak. Lekin bu faqat tush edi, xolos.
— Bo‘pti. — Er jahl bilan uning qo‘lini siltadi. — Yaxshiyamki aldamaysan, tushingda aytgan
hamma gaplaringni eshitdim. Har bir so‘zigacha, vodiyni ham, vaqtni ham o‘zing aytding.
Og‘ir-og‘ir nafas olgancha er chaqmoqdan ko‘zi qamashgandek ustunlar oralab yurib ketdi. Asta-
sekin uning nafas olishi ravonlashdi. Ayol eridan ko‘z uzmas edi — ishqilib jinni-pinni bo‘lib
qolmadimikan? Oxiri ayol o‘rnidan turdi-da, uning oldiga bordi.
— Ill, — shivirladi ayol.
— Hechqisi yo‘q, hechqisi yo‘q...
— Sen kasalsan.
— Yo‘q, — er horg‘in, zo‘r-bazo‘r jilmaydi. — Bolalikdan boshqa hech narsa emas. Meni kechir,
azizam. — U ayolni qo‘polgina silab qo‘ydi. — O’zimdan o‘tdi, kechir. Bo‘pti, men borib yotay...
— Juda o‘zingni urintirib qo‘yding.
— Endi hammasi joyida. O’tib ketdi. — Er uh tortib qo‘ydi. — Kel, bularni unutaylik. Ha, men kecha
Uell haqida bir latifa eshitgandim. Shuni senga aytib bermoqchi edim. Sen nonushta tayyorlayver,
men senga latifani aytib beraman, mana bu haqda esa boshqa gaplashmaymiz.
— Bu bor-yo‘g‘i tush edi, xolos.
— Bo‘lmasa-chi. — Er beixtiyor uning yuzidan o‘pdi. — Bor-yo‘g‘i tush edi, xolos.
Tushga kelib oftob battar kuydira boshladi, tog‘lar bamisoli uning hovurida suzmoqda edi.
— Shaharga bormaysanmi? — so‘radi Illa.
— Shaharga? — er qoshini xiyol ko‘tardi.
— Sen har doim shu kuni ketasan, — ayol taglik ustidagi gullarni to‘g‘riladi. Gullar harakatga kelib,
katta-katta sariq og‘izlarini ochdi.
Er kitobni yopdi.
— Yo‘q, haddan tashqari issiq. Buning ustiga, kech bo‘ldi.
— Shunaqa de, — ayol ishni tugatdi-da, eshik tomonga bordi, — men darrov qaytaman.
— To‘xta, qayoqqa?
Ayol eshikka yetib bo‘lgan edi.
— Paoning oldiga. U meni taklif qilgan edi.
— Bugunmi?
— Uni ko‘rmaganimga yuz yil bo‘ldi.
— Uzoq emas-ku. Yashil vodiyda, agar yanglishmasam, shundaymi?
Marsga hujum (roman). Rey Bredberi
Do'stlaringiz bilan baham: |