www.ziyouz.com kutubxonasi
98
Uning oshqozoni qorni ichida qisilib, bir dumaloq toshga aylanib qoldi. U to‘pponchasini qumga
irg‘itdi.
— Taslim bo‘ldim.
— To‘pponchangizni oling, — bir ovozdan deyishdi marsliklar.
— Nima?
— To‘pponchangizni? — Moviy kema burni uzra jimjimador qo‘l uchib chiqdi. — Oling uni,
yo‘qoting.
Hamon ishonmagancha u to‘pponchani oldi.
— Endi esa, — davom etdi ovoz, — kemani ag‘daring-da, do‘koningizga qarab tuyog‘ingizni
shiqillating.
— Hoziroqmi?
— Hoziroq! — dedi ovoz. — Biz sizga hech qanday yomonlik qilmaymiz. Sizga tushuntiramiz
deguncha siz qochib qoldingiz. Qani, orqamizdan yuring.
Ulkan kemalar oppoq momiqlardek yengil o‘nglanib olishdi. Qanotli yelkanlari asta havoda pirpiray
boshladi, go‘yo birov kafti bilan turtgandek. O’nglanayotgan niqoblar charaqlardi, soyalar muzdek
olov bo‘lib kuydirar edi.
— Elma! — Sem inqillab-sinqillab kemaga tirmashib chiqdi. — Chiq, Elma. Qaytamiz. — U
nogahoniy xaloskorlikdan shu qadar o‘zini yo‘qotgan ediki, hatto uning og‘zidan chiqayotgan so‘zlarni
ham anglab bo‘lmasdi. — Ular meni hech narsa qilmaydilar, meni o‘ldirmaydilar, Elma. Chiq,
musichaginam, o‘rningdan tur.
— Nima... Nima? — Elma sarosimalanib atrofga jovdirardi va ularning kemalari shamolda
o‘nglanguncha ayol xuddi tushdagidek asta o‘rnidan turdi va tosh to‘ldirilgan qopdek, boshqa bir og‘iz
ham so‘z aytmay, o‘rindiqqa og‘ir cho‘kdi. Kema ostidagi qum orqaga qochardi. Yarim soatdan keyin
ular yana chorrahada paydo bo‘lishdi, kemalar langar tashlab, hamma pastga tushdi.
Sem va Elma ro‘parasiga marsliklarning Boshlig‘i kelib to‘xtadi:
Niqob jilvirlangan bronzadan yasalgan, ko‘zlari — tubsiz qop-qorong‘i jarlik, og‘iz — so‘zlar
shamolday uchib chiqayotgan g‘or.
— Do‘koningizni shaylang, — dedi ovoz. Havoda olmos qo‘lqopli qo‘l yilt etdi. — Shirinliklar
tayyorlang, ziyofat tayyorlang, o‘zga yurt sharobidan tayyorlang, zero bugungi tun — haqiqatdan
ham buyuk tundir!
— Bundan chiqdi, — so‘z qotdi Sem, — siz bu yerda qolishimga izn berayapsizmi?
— Ha.
— Mendan jahlingiz chiqmayaptimi?
Niqob jiddiy va qahrli, sovuqqon va so‘qir edi.
— O’zingizning yemakxonangizni tayyorlang, — asta dedi ovoz. — Endi mana buni oling.
— Bu nima? — Sem sirtida ilonsimon ierogliflar chuvalangan yupqa kumush varaq naychaga tikilib
qoldi.
— Bu kumush tog‘lardan moviy tepaliklargacha, o‘lik dengizdan oy toshi va zumradlari bo‘lgan olis
vodiylargacha Yerdan yuborilgan tuhfa, — dedi Boshliq.
— Hammasi menikimi? — bidirladi Sem quloqlariga ishonmay.
— Sizniki.
— Yuz ming kvadrat mil-a?
— Sizniki.
— Eshitdingmi, Elma?
Elma yerda orqasi bilan sosiskaxonaning alyuminiy devoriga suyanib o‘tirardi; u ko‘zlarini yumib
olgan edi.
— Axir nega, ne sababdan bularning hammasini menga in’om etayapsiz? — Temir o‘yiqli ko‘zga
qarashga harakat qilib, so‘radi Sem.
— Bu hammasi emas. Mana.
Marsga hujum (roman). Rey Bredberi
Do'stlaringiz bilan baham: |