www.ziyouz.com kutubxonasi
94
Men juda uzoq yotdim.
— O’zingning tog‘ingga daf bo‘l-da, ko‘rsatgan joydan qimir etmay o‘tir. Nega bu yerga kelib,
menga yopishib olasan! He yo‘q-be yo‘q. Tag‘in kunda ikki marta-ya.
— Biz sizga yomonlik qilmaymiz.
— Lekin men sizlarga yomonlik qilaman! — dedi Sem depsinib.
— Men xorijliklarni yomon ko‘raman. Marsliklarni ham yomon ko‘raman. Shu paytgacha bittasini
ham ko‘rganim yo‘q. Ko‘rib ham nima qilardim. Shuncha yil allaqaerga yashirinib o‘tirishsin-da, endi
birdaniga men ularga kerak bo‘lib qolay, voy tovba! Meni tinch qo‘ying!
— Sizda muhim ishimiz bor, — dedi moviy niqob.
— Agar Yerni aytayotgan bo‘lsangiz, u meniki. Men u yerda sosiskaxonani o‘z qo‘lim bilan
qurganman.
— Yerga kelganda, gapingiz bir hisobdan to‘g‘ri.
— Gap bunday, og‘ayni, quloq sol, — javob berdi Sem. — Men o‘zim Nyu-Yorkdanman. Bu katta
shahar; u yerda menga o‘xshaganlardan yana o‘n milliontasi bor. Sizlar marsliklar bor-yo‘g‘i yigirma
yo o‘ttiz nafar qolgansizlar. Sizlarda shaharlar yo‘q, tog‘ma-tog‘ kezib yurasizlar, na hokimiyat, na
qonun bor. Tag‘in sen menga Yerdan gap ochganingga o‘laymi? Shuni qulog‘ingga quyib ol: “Eski
yangiga joyni bo‘shatib berishi kerak, yaxshilikcha o‘z yo‘limizdan ketaylik, yonimda to‘poncha bor,
mana u. Bugun ertalab sen ketishing bilan men uni olib, o‘qlab qo‘yganman.
— Biz marsliklar — telepatlarmiz, — dedi sovuqqonlik bilan moviy niqob. — O’lik dengizning narigi
tomonida shaharlaringizdan bittasi bilan biz aloqa o‘rnatganmiz. Siz bugun radioni eshitdingizmi?
— Mening piryomnigim zanglab qolgan.
— Demak, siz hech narsadan bexabarsiz. Juda muhim yangiliklar bor. Yerga daxldor.
Kumush qo‘l bir harakat qilgan edi, unda bronza go‘shak paydo bo‘ldi.
— Yo‘q demasangiz, men buni sizga ko‘rsataman.
— To‘pponcha! — asta qichqirib yubordi Sem Parkxill.
G’ilofdan to‘pponchasini oldi-da, u tumanli qiyofaga, libosga, moviy niqobga qarab o‘t ochdi.
Niqob bir lahza havoda qotib qoldi. So‘ng shoyi libos shitirladi-da, qatma-qat mayin taxlanib-
taxlanib, xuddi mo‘‘jaz tsirk chodiriday yerga quladi, kumush qo‘llar tosh terilgan yo‘lakni tirnadi. Va
niqob oppoq suyak va mato uyumi ustini unsiz qoplab oldi.
Semning nafasi ichiga tushib ketdi.
Xotini chayqalgancha marslikning jasadi ustida turardi.
— Bu qurol emas, — dedi ayol egilib bronza go‘shakni olar ekan. — Bu xat bo‘lsa kerak. U senga
ko‘rsatmoqchi bo‘lgan. Xat qandaydir ilon alifbosida yozilgan, qara — hammasi bir xil moviy ilon. Men
bu belgilarni o‘qiy olmayman. Sen-chi?
— Yo‘q.
— Bu marscha piktogrammalardan nima foyda, tashlab yubor! — U atrofga o‘g‘rilardek alanglab
qaradi. — Tag‘in boshqalari ham bostirib kelib qolmasin! Uni tezroq ko‘zdan yo‘qotish kerak. Qani,
belkurakni ber-chi!
— Nima qilmoqchisan?
— Ko‘maman, boshqa nima qilardim?
— Uni o‘ldirmaslik kerak edi.
— Nachora, xato qildim. Bo‘la qol!
Ayol unga indamay belkurakni olib kelib berdi.
Soat sakkizlarga yaqin Sem Parkxill qaytib keldi va sosiskaxona oldidagi maydonchani aybdorlarcha
supurishga tutindi. Xotini qo‘llarini ko‘kragiga qo‘yib, nur tushib turgan eshik oldida turardi.
— Chakki bo‘ldi-da, — dedi er.
U xotiniga bir qarab qo‘yib, ko‘zini chetga oldi. — Ko‘rding-ku o‘zing, tasodifan shunday bo‘lib
qoldi, vaziyat shunaqa bo‘lib qoldi.
— Ha, — dedi xotin.
Marsga hujum (roman). Rey Bredberi
Do'stlaringiz bilan baham: |