www.ziyouz.com kutubxonasi
95
— U qurolni olganida g‘azabdan o‘zimni tutolmadim.
— Qanaqa qurol?
— Shunchaki, menga qurol bo‘lib ko‘rindi-da! Afsus, afsus! Yana necha martalab takrorlashim
kerak!
— Jim! — dedi Elma barmog‘ini labiga qo‘yib. — Jim!
— Menga baribir, — dedi Sem. — Men bir o‘zim emasman. Bir nima bo‘lgudek bo‘lsa, bugun
“Settelmenlik yerliklar, inkorporeyted” men tomonda! — U nafrat bilan pishqirib qo‘ydi. — Marsliklar
kulsa undan nari...
— Katta gapirma, — uning so‘zini bo‘ldi Elma.
Sem qurib qolgan dengiz tomonga qarab qo‘ydi. U supurgini qo‘lidan tashlab yubordi, so‘ng yana
oldi; u angrayib turardi. Lablaridan moshdekkina so‘lak tomchisi uzilib tushdi-da, shamolda uchib
ketdi. Birdan a’zoi badani titray boshladi.
— Elma! Elma! Elma! — deb yubordi u.
— Ana kelishdi, — dedi Elma. Ko‘hna dengiz tubidan xuddi moviy arvohlardek moviy tutunlar
kelardi, moviy yelkanlar ostida o‘n-o‘n ikkitacha baland Mars qum kemalari sirpanib kelardi.
— Qum kemalar! Ammo ular qolmagan edi-ku, Elma! Ular yo‘q bo‘lib ketgan edi-ku!
— Nima bo‘lganda ham bu ularning kemalariga o‘xshayapti, — dedi ayol.
Qanaqasiga? Hukumat ularni musodara qilgan-ku! Hammasini majaqlab tashlashgan, faqat bir
nechtasini kimoshdi savdosida sotishgan! Butun okrugimizda bir men shu kemani sotib olgan edim,
uni qanday haydashni bilaman!
— Qolmaganmish... — takrorladi Elma dengiz tomonga bosh irg‘ab.
— Bo‘la qol, bu yerdan tezroq juftakni rostlamasak bo‘lmaydi!
— Nimaga? — Cho‘zib dedi ayol, Mars kemalariga sehrlangandek qarab.
— Ular meni o‘ldirishadi! Mashinaga chiq tezroq!
Elma joyidan qimir etmasdi.
Sem uni sosiskaxonaga zo‘rlab sudrab olib ketdi. Bu yerda ikkita mashina turardi: bittasi yaqin-
yaqingacha mudom aylanib yuradigan yuk mashinasi va ikkinchisi kimoshdi savdosida ermak uchun
sotib olgan ko‘hna Mars qumkemasi edi. So‘nggi uch haftada u bu kemada dengizning narigi
tomonidan silliq tub bo‘ylab har turli yuklar tashirdi. Yuk mashinasiga qaradi-yu, esiga tushdi. Motor
yerda yotardi — uni ta’mirlash bilan u ikki kundan beri ovora edi.
— Yuk mashinasi yurishga yaramasa kerag-ov, — dedi Elma.
— Qumkema! O’tir tezroq!
— Meni shu kemada olib ketmoqchimisan? He yo‘q-be yo‘q.
— O’tir! Hayday olaman!
Sem xotinini ichkariga qarab turtdi, o‘zi izma-iz sakrab chiqdi-da, oqshomgi shamolga kobalt
yelkanni ro‘para qilib, rulni qattiq turtdi.
Charaqlagan yulduzlar ostida moviy Mars kemalari shitirlagan qumlar bo‘ylab o‘qdek sirpanib
kelardi. To langar esiga tushib, uni joyidan sug‘urib olmaguncha, Semning kemasi joyidan qimir
etmay turdi.
— Ketdik!
Kuchli shamol qumkemani o‘lik dengiz tubi bo‘ylab surib ketdi, pastda esa billur qoyalar qum bosib
yotar, ustunlar ag‘darilgan, marmar va misdan qilingan tashlandiq bandargohlar ko‘zga tashlanar,
o‘lik shaharlarning oppoq shaxmat donalari ko‘rinar, qirmizi tog‘ yonbag‘irlari yastanib yotar edi...
Sem orqasidan yetib kelmaguncha Mars kemalari tobora siyraklashib boraverdi.
— Bopladim-a, burnini yerga ishqadim-a! — qichqirdi Sem. — Endi esa “Raketa kompaniyasi”ga
xabar qilaman, ular menga qo‘riqchi berishadi. Ayt, qotmagan boshimni qotirmasin!
— Agar xohlashganida, seni tutib olib ketishlari ham mumkin edi, — horg‘in javob berdi Elma. —
Faqat bu ularga unchalik kerak bo‘lmagan.
Sem kulib qo‘ydi.
Marsga hujum (roman). Rey Bredberi
Do'stlaringiz bilan baham: |