www.ziyouz.com kutubxonasi
105
yashashni qaysi ayol xohlamaydi. Birdan u qattiq qarsak chaldi-da, qah-qah urib kulib yubordi. Ha,
bo‘lmasa-chi! Telefon daftarchasini ochib ko‘rdi-da, xalqaro telefon tarmog‘i orqali Nyu-Teksas-
Sitidagi eng yirik pardozxona raqamini terdi. Baxmal qoplamali, hashamdor pardozxonadan boshqa
qaerdan ham qidirarding ayolni, bu yerda u goh u oyna, goh bu oyna o‘rtasida yugurib yurgan,
yuziga har turli moyupalarni chaplayotgan, elektr quritgich ostida o‘tirgan bo‘lishi kerak!
Qo‘ng‘iroq uzoq jiringladi. Simning narigi uchida kimdir go‘shakni oldi.
Ayol ovozi yangradi:
— Allo?
— Agar yozib olinayotgan bo‘lsa, — chertib-chertib dedi Uolter Gripp, — men boraman-da, la’nati
pardozxonangizning kulini ko‘kka sovuraman.
— Hech kim yozib olayotgani yo‘q. — Javob berdi ayol ovozi. — Allo, allo, nahotki u yerda tirik
odam bo‘lsa! Qaerdasiz?
Ayol shodon chiyilladi.
Uolter stuldan ag‘darilib tushayozdi.
— Allo... — U ko‘zlari yongancha sakrab oyoqqa turdi. — E, xudo, bu qanday baxt, ismingiz nima?
— Jeneveva Selzor! — ayol go‘shakka yig‘lab gapirdi. — Oh, xudo, kim bo‘lishingizdan qat’i nazar,
ovozingizni eshitganimdan shunday xursandmanki!
— Men Uolter Grippman!
— Uolter, salom, Uolter!
— Salom, Jeneveva.
— Uolter. Qanday ajoyib ism. Uolter, Uolter, Uolter!
— Rahmat.
— Axir qaerdasiz, Uolter?
Qanchalik mehribon, quvnoq, nafis ovoz... U ayol erkalab shivirlab gaplashishi uchun go‘shakni
qulog‘iga qattiqroq bosdi. Uning oyog‘i chalinib ketmoqda edi. Yuzi lov-lov yonardi.
— Men Merlin-Villijdaman, — dedi u. — Men...
Zzzz.
— Allo? — Shoshib qoldi Uolter.
Zzzz.
U dastakka urib ko‘rdi. Hech gap yo‘q.
Allaqaerda shamol simyog‘ochni ag‘dargan. Jeneveva Selzor ham qanday tez paydo bo‘lgan bo‘lsa,
shunday tez g‘oyib bo‘ldi.
Uolter raqamni terdi, biroq apparat gung-lol edi.
— Hechqisi yo‘q, uning qaerdaligini endi bilib oldim-ku.
Uolter yugurib uydan chiqdi. Ertalabki quyosh nurlari ostida u begona garaj ichidan sport
mashinasini orqa bilan haydab chiqdi, orqa o‘rindig‘iga uydan olgan oziq-ovqat mahsulotlarini tashlab
qo‘ydi va soatiga sakson mill tezlik bilan Nyu-Teksa-Sitiga qarab uchib ketdi. Ming mil, o‘yladi u.
CHida, Jeneveva Selzor, men seni uzoq kuttirib qo‘ymayman!
Shahardan chiqar ekan, u har bir muyulishda chinqiratib signal berardi.
Kun botardi, ayovsiz poygali kundan keyin u mashinani yo‘l chekkasiga burib to‘xtatdi, oyog‘ini
qisgan botinkalarini yechib tashladi, o‘rindiqqa cho‘zildi-da, hashamdor shlyapasini horg‘in ko‘zlari
ustiga tortib qo‘ydi. U sekin, bir tekisda nafas olar edi. Oqshom qorong‘iligida sarin shabada esar,
yulduzlar quvnoq jimjima qilar edi. CHor atrofda qadimdan-qadim Mars tog‘lari savlat to‘kib turardi.
Yulduzlarning nurlari shaxmat donalari kabi moviy yonbag‘irlarga tutashib ketgan Mars shaharchasi
minoralari ichida jimirlar edi.
U uyqu bilan bedorlik o‘rtasidagi allaqaerda ivirsigancha cho‘zilib yotardi. U shivirladi: Jeneveva.
So‘ng asta xirgoyi qila boshladi. “Eh, Jeneveva, azizim, o‘taversin yillar bir-birin quvlab. Lekin azizim
Jeneveva...” Uning ko‘ngli xotirjam edi. Quloqlari ostida ayolning past, mayin, bir maromdagi ovozi
jaranglardi: “Allo, hoy Uolter! Hech kim yozib olmayapti. Axir qaerdasan, Uolter?”
Marsga hujum (roman). Rey Bredberi
Do'stlaringiz bilan baham: |