www.ziyouz.com kutubxonasi
104
Yurak urishi sezilmasdi. Muzdek va bo‘m-bo‘sh, g‘oyat bo‘m-bo‘sh.
U ayol kishi bo‘lishini juda-juda xohlardi.
U uydan chiqdi-da, erta tong g‘ira-shirasida arang ko‘zga chalingan ko‘cha o‘rtasida to‘xtadi.
Quloq soldi. Tiq etgan tovush yo‘q. Na bir qush, na bir mashina ovozi eshitiladi. Faqat yurak
dukullaydi. Duk —jimlik — duk. Azbaroyi zo‘riqishdan yuzi burishib ketadi. Shamol esa shu qadar
mayin, shu qadar nazokat bilan esardiki, epkinlari uning pidjagi etaklarini ohista siypab o‘tadi.
— Jim, — shivirladi u. — Quloq sol!
U nigohini bir jim-jit uydan boshqasiga olgancha asta joyida aylandi.
Ayol raqamlarni ketma-ket teradi, o‘yladi u. Bu ayol kishi bo‘lishi kerak. Nima uchun? Faqat ayol
kishigina barcha raqamlarni qayta teradi. Erkak kishi unday qilmaydi. Erkak kishi o‘ziga ishonganroq
bo‘ladi. Axir men kimgadir qo‘ng‘iroq qilganmanmi? Yo‘q! Bunday qilish hatto xayolimga ham
kelmagan! Bu ayol kishi bo‘lishi kerak. Albatta, ayol kishi, xudo shohid!
Quloq sol.
Uzoq-uzoqlarda, huv yulduzlar ostida telefon jiringladi.
U yugurib ketdi. Quloq solgani to‘xtadi. Ohista jiring. Yana bir necha qadam yurdi. Qattiq jiring
eshitildi. U burildi-da, xiyobon yoqalab olg‘a intildi. Jiring kuchayib borardi! Oltita uydan o‘tdi, yana
oltita! Juda ham qattiq jiringladi! Mana bumi? Eshik yopiq edi.
Ichkarida telefon jiringlardi.
— Eh, la’nati! — U eshik dastagini silkitdi.
Telefon jon-jahdi bilan jiringlardi.
U ayvondagi o‘rindiqni ko‘tardi-da, aylantirib mehmonxona derazasiga soldi va singan derazadan
ichkariga sakradi.
U go‘shakni olishga ham ulgurmay, telefon jimib qoldi.
U xonadan-xonaga o‘tar, oynalarni sindirar, pardalarni yular, oshxona plitasini tepar edi.
Nihoyat majolsizlanib, u Yerdan Marsdagi barcha abonentlar qayd etilgan telefon kitobchasini oldi.
Ellik ming ismi sharif.
Birinchi ismi sharifdan boshladi.
Ameliya Amz. Nyu-Chikago. O’lik dengizning narigi tomonidan yuz mil narida. U shuning raqamini
terdi.
Javob yo‘q.
Ikkinchi abonent Nyu-Yorkda moviy tog‘lar ortida besh ming mil narida turardi.
Javob yo‘q.
Uchinchi, to‘rtinchi, beshinchi, oltinchi, yettinchi, sakkizinchi; titroq barmoqlar go‘shakni bazo‘r
ushlab turardi.
Ayol ovozi javob berdi:
— Allo?
Uolter javoban qichqirdi:
— Allo, ey xudoyim, allo!
— Bu yozuv, — dona-dona qilib dedi ayol ovozi. — Miss Elen Arazumyan uyda yo‘q. Ayting, sizga
nima kerak, ovozingiz simga yozib qolinadi, bu xonim qaytgandan keyin sizga telefon qilishi uchun
kerak bo‘ladi. Allo? Bu yozuv. Miss Elen Arazumyan uyda yo‘q. Ayting, sizga nima kerak...
Sem go‘shakni ildi.
Uning lablari titrardi.
Bir oz o‘ylab turib, u qaytadan raqamlarni terdi.
— Miss Elen Arazumyan uyga qaytganida, — dedi u, ayting: telefoni bilan qo‘shmozor bo‘lsin.
U Marsning markaziy kommutatoriga, Nyu-Boston, Arkadiya va Ruzvelt-Siti telefon stantsiyalariga
qo‘ng‘iroq qildi. U yerda biron-bir joyga qo‘ng‘iroq qilishga harakat qilgan odamlar topilib qolishiga
ko‘proq umidvor edi, so‘ng har bir shahardagi ratushalar va boshqa davlat idoralariga qo‘ng‘iroq qilib
chiqdi. Eng yaxshi mehmonxonalarga qo‘ng‘iroq qildi. Yegani oldida, yemagani ketida qabilida
Marsga hujum (roman). Rey Bredberi
Do'stlaringiz bilan baham: |