www.ziyouz.com kutubxonasi
26
— Xinkston, Lyustig, men sizga ota bo‘lishim mumkin, men rosa saksondaman. 1920 yilda
Illinoysda tug‘ilganman. Biroq, xudoning marhamati va so‘nggi ellik yilda ba’zi chollarni yigitga
aylantirib qo‘ygan fan sharofati bilan Marsga uchib keldim. Sizdan kam charchagan emasman, ammo
mana bu ishonmaslik dardi tushmagur sizlardan bir necha barobar ko‘pdir menda. Bu shunday tinch,
shunday jozibador shaharcha ekanki, o‘xshashini ko‘rib, hatto qo‘rqib ketayapman. U Grin-Blaffga
haddan tashqari qattiq o‘xshaydi. — Komandir radistga o‘girildi. — Meni Yer bilan ulang.
Qo‘nganimizni ayting. Ortiq hech nima demang. Qolgan barcha gaplarni ertaga yuboramiz, deb
ayting.
— Xo‘p bo‘ladi, kapitan.
Kapitan Blek illyuminatorga qaradi. Uning basharasiga qarab hech kim sakson yashar demasdi.
Nari borsa, qirq yoshga kirgan, derdi.
— Endi quloq soling, Lyustig. Siz, men, Xinkston, boramiz-da, shaharni aylanib chiqamiz. Qolganlar
raketada kutib o‘tirishadi. Bir nima bo‘lib qolgudek bo‘lsa, ular jon saqlab qola oladilar. Butun kema
halokatga uchrashidan ko‘ra, uch kishini yo‘qotish durustroqdir. Musibat sodir bo‘lgudek bo‘lsa,
ekipajimiz boshqa raketaga xabar berishga ulguradi. U raketani, yanglishmasam, dekabrning oxirida
kapitan Uaylder boshqaradi. Agar Marsda qandaydir dushman kuchlari bo‘lsa, yangi ekspeditsiya
yaxshilab qurollangan bo‘lishi kerak.
— Ammo biz ham qurollanganmiz. Tish-tirnog‘imiz bilan qurollanganmiz.
— Bo‘pti, odamlarga xabar qiling. Qurollarni shay holatga keltirib qo‘yishsin. Ketdik, Lyustig, ketdik,
Xinkston.
Uchala fazogir kema bo‘lmasi orqali pastga tushishdi.
Ajoyib bahor kuni edi. Qiyg‘os gullagan olma shoxida chittak tinimsiz sayraydi. Shamol yam-yashil
shoxlarni silkitganda oppoq gullar bulutdek yerga to‘kiladi. CHor atrofni gullarning muattar hidi
tutgan. Shaharchada kimdir pianino chalar edi va musiqa tovushi bir ko‘tarilib, bir pasayib nafis,
allalagandek havoda suzardi. “Ajoyib xayolparast” kuyini ijro etmoqda edilar. Boshqa tomonda esa
grammofondan Garri Loder ijrosidagi “Shomdagi sayr” kuyi hirqiroq, bo‘g‘iq ohangda taralardi. Uchala
fazogir raketa tagida turishardi. Ular siyrak havoni og‘izlari bilan yutoqib yutinar edilar. So‘ng
kuchlarini avaylagancha asta yurib ketishdi.
Endi boshqa plastinka aylanardi.
Yoz oqshomi bo‘lsa bas menga,
Oydin tunda yetishsam senga...
Lyustigning tizzalari qaltirab ketdi, Semyuel Xinkstonda ham xuddi shunday bo‘ldi.
Osmon tip-tiniq va tinch edi, allaqaerda, jarlik tubida, ko‘m-ko‘k shoxlarning salqin soyasida daryo
jildirardi. Ot tuyoqlari dupirlar, arava g‘ildiraklari do‘qirlardi.
— Kapitan, — dedi Semyuel Xinkston. — Istaysizmi-istamaysizmi, ammo hech ham o‘xshamaydi,
aks holda bunday bo‘lishi mumkin emas-ku, — Marsga parvozlar birinchi jahon urushigacha
boshlangan bo‘lar edi.
— Yo‘q.
— Ammo mana bu uylarni, mana bu cho‘yan ohuni, pianino musiqasini qanday izohlaysiz? —
Xinkston zo‘r berib kapitanning tirsagini qisdi, uning yuziga qaradi. — Faraz qilingki, deylik 1905 yilda
urushni yomon ko‘rgan odamlar bor edi. Ular olimlar bilan zimdan til biriktirishgan-da, raketa
yasaganlar va bu yerga, Marsga kelib olganlar...
— Bu mumkin emas, Xinkston.
— Nima uchunmi? 1905 yilda dunyo butunlay boshqacha edi. U paytlarda buni maxfiy saqlash
ancha oson edi.
— Ammo mana bu raketaga o‘xshagan murakkab narsani emas-da! Yo‘q, yo‘q...
— Ular bu yerga butunlay ko‘chib kelishgan, tabiiyki, xuddi Yerdagidek uylar qurishgan, axir o‘zlari
Marsga hujum (roman). Rey Bredberi
Do'stlaringiz bilan baham: |