www.ziyouz.com
kutubxonasi
32
O'sha kunning ikkinchi qismini va tunni Shohimardonda - tog‘ bag‘ridagi ajoyib dam
olish maskanida o‘tkazdik. Aslida bu joy dam olish maskani emas, balki muqaddas
ziyoratgoh bo‘lib, u yerda Imom Alining 12 qabrlaridan biri joylashgan deyiladi, lekin
sho‘rolar u yerda zinokorligi uchun toshbo‘ron qilib o‘ldirilgan gunohkor bir shoirning
qoldiqlarini qo‘yishgan va ko‘ngilochar joyga aylantirishgan. Baribir, g‘arblashgan
mahalliy yo‘lboshlovchimiz sevgilisi bilan bizni u yoqqa boshlab chiqdi va jilg‘a bo‘yida
shu yerning arag‘idan keragicha urdik. Bilasiz, ichib olgach, boshqacha harakatlar qila
boshlaysiz. Shu orada yo‘lboshlovchimizning sevgilisi bilan ikki-uch bor ko‘zimiz
to‘qnashib ketdi. U ajnabiylar bilan band edi. Keyin hammamiz uxlashga turdik,
to‘g‘risini aytsam, u yerda yotishga karavotlar yo‘q edi, shuning uchun kimdir
mashinada, kim mezbonimiz bergan ko‘rpachada, yana kimdir menga o‘xshab devorga
suyangan ko‘yi uxlab qoldi. Sovuqdan junjikib uyg‘onib ketganimda, soat tungi bir
bo‘lgandi. Tishlarim takkillab, bir-biriga tegmay qaltirardim. Sakrab o‘rnimdan turdim
va mashq qilayotgan ko‘yi harakat qildim. Biroq suyaklarim qotib qolganday edi, shu
bois tashqariga chiqib yurishga qaror qildim. Hovli zim-zimiston, bedor jilg‘aning
tovushidan bo‘lak hech qanday sas yo‘q edi. Xurrak tovushini hisobga olmassiz, deb
o‘ylayman. Qorong‘ilikda tentiragancha darvoza yoniga keldim va uning yopiqligini sezib,
undan oshib o‘tish uchun tirmashdim. Ko‘zim osmondagi yorqin yulduzlarga tushdi. Hovli
to‘la daraxt bo‘lib, endi men tog‘ va uning orasidagi tor jarliklar tomonga olib boradigan
yo‘lni bemalol topa olardim. Balki haliyam kayfim bor edi, lekin nechundir tog‘ning
tepasiga, tabarruk zot bilan gunohor shoir orom topgan joyga chiqishga qaror qildim.
Xudo biladi, nimanidir o‘ylab toqqa ko‘tarilar ekanman, birdan jarlikning narigi tomonida
qarshidagi tog‘ning yaqinida turganday kattakon bir yulduzga ko‘zim tushdi. Hech
qachon bu qadar katta va shunchalik pastdagi yulduzni ko‘rgan emasman. Yo Xudo, deb
o‘yladim, qanchalik qudratlisan-a, yulduzlaringni tog‘larning ortiga o‘rnatib qo‘ysang.
Lekin hayratim qo‘rquvga aylandi, xuddi «tog‘lar uvadaday uchib yuradi» oyatiga
o‘xshash va shu onda ikki tog‘ kitob varag‘i kabi meni va yorqin yulduzni ichiga olib bir-
birining ustiga shunday yopiladiki, zudlik bilan yuqoriga chiqib, ochiq va xatarsiz
osmonda ko‘raman o‘zimni, deya o‘yladim.
Do'stlaringiz bilan baham: |