www.ziyouz.com
kutubxonasi
75
— Ha, ha, sen kimsan o‘zing? Uni men ajratib olaman, deyishga qanday tiling bordi? —
Zirg‘om teskari qarab, qizni qo‘lidan ushladi-da, yigitga: «Bor, jo‘na, o‘sha xalifaga yoki
bu qizga xo‘jayinlik qiladigan kishiga borib, qizni Sohib ajratib oldi deb ayt», — dedi.
Sohib nomini eshitgandan keyin u kishi o‘zini yo‘qotgudek dovdirab orqasiga tislandi:
— Janob, kechirasiz, tanimasni siylamas, xato qilibman. Siz ekaningizni payqamabman,
— dedi-da, orqasiga qarab jo‘nab qoldi.
Zirg‘om esa qizning qo‘lini qo‘yib yuborib, o‘z joyida qimirlamay turgan otini jilovidan
yetaklab keldi va qizga qarab: «Yur, qizcha, qo‘rqma, xatardan omon qolding, endi nima
gap o‘tganini menga tushuntirib ber!» — dedi.
Qiz bo‘g‘iq ovoz bilan:
— Xudoga shukur, bu balodan meni qutqazish uchun sizni yetkazdi. Siz
bo‘lmaganingizda, zum bo‘lib ketgan bo‘lardim.
Qizning ovozidan zavqlangan Zirg‘om uning yuziga qaramoqchi bo‘ldi. Uning xayolidan
Jahon o‘tib turgani uchun: «Shu qiz Jahonning o‘zi emasmikan?» degan fikrga keldi.
Lekin tunning tim qorong‘iligi qizning yuzini ko‘rishga imkon bermasdi. Zirg‘om unga:
«Rostini ayt, sen kim bo‘lasan?» dedi.
— Men birovning cho‘risi edim, xojam xudo uchun meni ozod qildi, tanish bir yigit o‘ziga
meni so‘ratdi, oramizda sevgi ham paydo bo‘ldi. Umr yo‘ldoshi bo‘lishga u bilan ahd-
paymon qilishdik. Shundan keyin xalifaning mulozimlaridan Horis as-Samarqandiy degan
kishi meni ko‘rib qolib, o‘ziga xotinlikka so‘ratuvdi, men qabul qilmadim.
Horisning nomini eshitib, Zirg‘om Hammoddan eshitganlarini esladi va «u yigitingning
ismi nima edi?» deb so‘radi.
— Ismi Hammod.
— Unday bo‘lsa, sening isming Yoqutami?
Qiz: «Bu notanish odam mening ismimni qaerdan bildi?» — deb hayron bo‘ldi va tili
g‘uldillab:
— Mening ismimni siz qaerdan bildingiz? Hammodni taniysizmi, u hozir qaerda? — dedi.
— Uni taniyman. Lekin hozircha unga erishishga yo‘l yo‘q, sen gapingni tugatganingdan
keyin uning voqeasini aytib beraman.
Qiz qattiq sevinganidan o‘zini yo‘qotayozdi.
— Men Horisning iltimosini rad qilganimdan keyin u qozi Ahmadni xalifaga vosita qildi.
Xalifa meni ko‘rib, uzoq tikildi-da, qozining qulog‘iga nimanidir shivirladi va menga:
«Men bir o‘ylab ko‘rgunimcha sen rasmiy xotin bo‘lmay, Horisning shunday qo‘lida tura
turasan», deb amr qildi. Horis meni uyga eltib borib qamab qo‘ydi-da, nikohiga o‘tishim
kerakligini goh aldab, goh do‘q qilib uqtira boshladi. Bir necha haftadan keyin menga
tegishib, «Jazmaning Somurrodan boshqa yerga ketib qoldi», — dedi. Men uning gapiga
ishonmadim va Hammodning xalifa qasri yaqinidagi joyiga qochib borishga otlandim.
Horisning yordamchilaridan bo‘lgan mana bu ikki kishi meni ushlab qaytarmoqchi bo‘ldi.
Qaytishga rozi bo‘lmaganimdan keyin, «o‘ldiramiz», deb menga do‘q qilishuvdi qo‘rqib
dodladim. Ana shu vaqtda ovozimni eshitib, meni qutqazishga siz kelib qoldingiz, xudo
xayringizni bersin!
Qiz gapini tugatgach, do‘sti uchun uni qutqazganidan Zirg‘om behad shodlandi. Lekin
Hammod o‘sha uchrashgan kechadan keyin u yerdan chiqib ketishini va qaerga borib
joylashuvi noma’lumligini eslab, sukut qilib turdi. Ko‘z o‘ngidan Jahonning siymosi o‘tib
turardi va o‘ziga-o‘zi: «Men bu qizni qutqazganimdek, Jahonni ham qutqazadigan kishi
topilganmikin?» — dedi.
Shodligidan yuragi yorilayozgan Yoquta Zirg‘omdan sevgilisi to‘g‘risida ko‘rgan-
bilganlarini eshitishga oshiqib, uning yonida piyoda borardi. Hadesa, Zirg‘om
Farg‘ona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon
Do'stlaringiz bilan baham: |