www.ziyouz.com
kutubxonasi
73
aldadimikin. Hatto Afshin to‘g‘risidagi gapi ham yolg‘onmikin?» degan xayolga bordi.
Jahon ustidagi gaplariga ishonchi yo‘qoldi. «Endi Somurroga qaytishdan bo‘lak chora
yo‘q» — dedi o‘zicha Zirg‘om. Keyin o‘rtog‘i Hammod yoniga borib: «Kel, ikkimiz birga
Somurroga qaytaylik», dedi. U qabul qilmadi: «Qaytib borishimdan hech manfaat yo‘q.
Do‘sting mol-mulkimgagina ziyon yetkazgan bo‘lsa mayli edi, hech narsa demasdim.
Lekin u ko‘kragimga nayza sanchdi. Buni sira kechira olmayman, o‘zing bilasan, mendan
xafa bo‘lma!»
Zirg‘om unga yetgan musibatni o‘yladi va sevgilisini tortib olgani uchun albatta o‘ch
olishi kerakligini ko‘z o‘ngiga keltirdi:
— To‘g‘ri aytasan, bu fikringga men ham qo‘shilaman. Agar xalifa mening sevgilimga
shunday ko‘z olaytirishini bilsam, albatta, senikidan ham qattiqroq o‘ch olishga yo‘l
izlagan bo‘lardim. Mayli, o‘zing bilasan, har holda meni unutma. Men ham sening
ishingda jonimni ayamayman. — U bir oz jim turib, qo‘shimcha qildi:
— Mabodo senga xat yozishim, kishi yuborishim yoki o‘zimning kelishim lozim bo‘lib
qolsa, seni shu yerda uchrata olamanmi?
— Bu kechadan keyin qaerda bo‘lishimni o‘zim ham bilmayman. Bu yerda omonatgina
turibman. Ammo o‘zing menga darkor bo‘lib qolsang, qaerdan izlashim mumkin?
— Somurrodan, — dedi Zirg‘om.
* * *
Zirg‘om o‘rtog‘i bilan xayrlashdi. Uning fikr-xayoli eshitgan bu gaplarida edi. Jahonning
qiyofasi uning xayolidan nari ketmasdi. Chunki xuddi o‘sha yerda, shunday qorong‘i
kechada uni o‘g‘rilar olib ketishgan deb eshitgandi. Xayoliga Jahonni ushlab
olishayotgandek, u bechora «Zirg‘om, qaerdasan, menga yordam ber», deb
qichqirayotgandek tuyuldi. Uning badani zirqirab ketdi, tishlarini g‘irchillatdi. Zirg‘om
shunday xayollarga cho‘mib, o‘nqir-cho‘nqir yo‘llar orqali yo‘l boshlovchi ketidan
aloqachilar turadigan joyga kelib yetdi. So‘ng otiga minib, Somurro tomon yo‘l oldi.
Qaytish yo‘li kelgan yo‘liga qaraganda yaqinroq bo‘lsa ham, unga ancha olis tuyulardi.
Somurroga yetib borish juda qiyindek ko‘rindi. Chunki u tezroq yetib borib, o‘tkir va
serfarosat Vardonga uchrashib, bu ishda uning maslahatini olmoqchi edi.
Zirg‘om Somurroga kun botish paytlarida yetib bordi. Quyosh nuri zaiflashib, shu’lasi u
yer-bu yerlardagina qolgandi. U dumaloqligi hamda sariq shu’lasi bilan qon ichida suzib
yurgan girdob olovni eslatardi. Zirg‘om Somurrodagi binolarga, xususan eng buyuk va
ko‘rkam bo‘lgan xalifaning qasriga, katta masjidga nazar tashladi. Masjid minorasi
balandligidan bulutlarni yorib ketgandek. Dajla daryosi shaharning shimolidan janubiga
qarab oqyapti. Uning qirg‘oqlarida mevasi osilib yotgan xurmo daraxtlari boshiga salla
o‘rab, miltig‘ini ko‘tarib turgan askarlardek zich turardi. Tabiatning bu go‘zal manzarasi
Zirg‘omni o‘ziga maftun etdi. U rohatlanib, bir oz turib qoldi. Ammo uning yonida xachir
minib kelayotgan xat tashuvchini bu manzara uncha qiziqtirmasdi. Chunki u buni
ko‘raverib, qiziqmaydigan bo‘lib qolgandi. Kishining kayfiyatiga qarab tabiat
manzaralaridan ta’sirlanishi ham turlicha bo‘ladi. Boshqalarga qaraganda oshiqlar
tabiatning holatiga ko‘proq moslashadilar.
Zirg‘omning ko‘ngli bu yerda tanholikni istab qoldi. U hamrohiga qarab: «Siz mendan
oldinroq Somurroga kirib boravering», — deb ishora qildi. U yolg‘iz o‘zi qolib,
quyoshning botishini kuzatib turardi. Quyosh uning ko‘ziga olisdan, xurmo daraxtlari
orqasidan qizg‘ish jilvalanib ko‘rinardi. Quyoshning bir chekkasi ufqqa tutashdi. U
cho‘zilib, filning xartumi shaklida ufq orqasiga kira boshladi. Qolgan qismi ham, sekin-
asta g‘oyib bo‘ldi. Quyosh o‘rnini qizg‘ishroq bo‘lib, so‘ng qora tusga kirgan ufq egalladi,
Farg‘ona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon
Do'stlaringiz bilan baham: |