www.ziyouz.com
kutubxonasi
40
Zirg‘om yerga tikilgancha xayol surdi: «Afshin Iroqda o‘zim bilan birga, bir shaharda
yashaydi. Mendan uzoqda, Farg‘onada yashaydigan boshqa kishidan ko‘ra, uning vasi
bo‘lgani yaxshiroq», degan fikrga keldi. U yo‘lga chiqishga azm qildi-da, Jahonning o‘zi
bilan ketishi to‘g‘risidagi ra’yini bilmoqchi bo‘lib unga qaradi. Jahon esa undan ko‘zini
uzmay tikilib turardi. «Demak, Afshin o‘ziga topshirilgan vazifani bir yoqlik qilguncha bu
yerda turar ekan-da. Bunda siz uchun ancha xotirjamlik bo‘ladi», — dedi Zirg‘om
Jahonga qarab.
Jahon Zirg‘omning maqsadini tushundi:
— Men bu yerda ta’ziya tugaguncha turib, keyin Bag‘dodga boraman. Otamning
vafotlaridan keyin bu shaharda yashashga toqatim yo‘q. Farg‘onaliklardan men
ko‘rayotgan mehr-ixlosga qaramay, o‘zimni bir begonadek his qiladigan bo‘lib qoldim.
Xususan, siz ketsangiz, g‘aribligim juda ham bilinib qoladi.
Ularning o‘rtasidagi gap-so‘zlarni Somon eshitayotgan bo‘lsa ham, hech nimaga
tushunmasdi, chunki so‘qir qo‘lida chiroq bilan ham so‘qirligicha qolaveradi. Muhabbat
unga yetib bormasdi. Shunday bo‘lsa ham ularning gapiga aralashishni o‘ziga lozim
topib: «Jahon Bag‘dodga borib, onangizni ko‘rish ishtiyoqida, chunki u kishi unga sevimli
do‘st va ulfat edilar», — dedi.
Jahon akasiga gina qilgandek bir qaradi-da: «Men gapning po‘skallasini aytishni yaxshi
ko‘raman. Zirg‘omga bo‘lgan muhabbatimni ochiq-oydin izhor qilishga qo‘rqadi, deb
o‘ylaysiz shekilli meni. Yo‘q, muhabbat uchun hech kimni aybsitib bo‘lmaydi. Yaxshilik
xudosi otamning umrlarini yana bir yil cho‘zib berganda, ish albatta biz istagancha
bo‘lardi. Xo‘sh, aka, siz nima deysiz?» — dedi.
— Zirg‘omni sevishingga mutlaqo qarshi emasman. U shunga arziydigan yigit. Sen uni
mendan oldin sevib qo‘yganing chakki bo‘ldi, bo‘lmasa uni yaxshi ko‘rishda sendan o‘tib
ketgan bo‘lardim. Lekin unga sening muhabbating boshqa, meniki boshqa, — javob
berdi Somon.
Otasining vasiyatini eshitganidan buyon Somonning ko‘ngli g‘ash bo‘lishiga qaramay,
bunday hazil qilishi Jahonga yoqib tushdi, lekin u akasining makkor, hasadgo‘yligini
yaxshi bilardi. Akasiga ko‘z qiri bilan bir qarab qo‘ydi va Zirg‘omga gap qotdi:
— Ketishingiz menga og‘ir tuyuladi, lekin ketmasangiz bo‘lmaydi, sal fursatda men ham
ketingizdan yetib boraman...
Somon uning gapini bo‘ldi:
— Men ham buni qog‘ozdagi qantdek asrab, sizning yoki onangizning qo‘liga olib borib
topshiraman.
Jahon so‘zini davom etdiradi:
— Dunyo — mol-mulk o‘rtamizdagi sevgiga g‘ov bo‘lib tushadi deb o‘ylamang.
Jo‘nashimdan oldin sizga xat yozib ma’lum qilaman.
U bo‘lajak qiyinchiliklarni sezib turgan bo‘lsa ham, o‘ziga-o‘zi qattiq ishonganligi uchun
qat’iy qilib gapirdi. Zirg‘om o‘z istaklarini ro‘yobga chiqarmoq uchun safar qilishi zarur
bo‘lsa ham, Jahon to‘sqinlik qilarmikin degan xavfda edi. Jahon uni yo‘lga chiqishga
undayotganini ko‘rib, safardan voz kechdi va Farg‘onada qolishni ma’qul topdi. Lekin
Jahonga nima deb javob qilishni bilmay sukut saqlab turdi. Uning ikkilanib turganini
sezgan Jahon:
— Sizning bu yerda qolishingiz men uchun eng katta baxt, lekin dovyurak
qo‘mondonning ishi har qanday chaqiriqqa «labbay» deb javob berishdir. Bu chaqiriq
hammaga hukmi o‘tadigan xalifaning chaqirig‘i bo‘lgach, unga «xo‘p»dan bo‘lak qanday
javob bo‘lishi mumkin?
Somon gapga suquldi:
— Siz xotirjam bo‘lavering, o‘zim buni olib borib, sizga omon-eson topshiraman.
Farg‘ona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon
Do'stlaringiz bilan baham: |