www.ziyouz.com
kutubxonasi
48
Jahon o‘z so‘zida qattiq turib oldi:
— Bo‘lganicha bo‘lar, Iroqqa ketishim muqarrar.
— Sayidam, oppoq qizim, o‘zing yaxshilab o‘ylab ko‘r. Yosh joningga rahming kelsin,
ko‘ra-bila turib o‘zingni halokatga otma! Iroqqa bormoqchi bo‘lgan odam qo‘rqinchli
dasht-sahrolarni kesib o‘tishi kerak. U yerlarda turkman va boshqa qabilalarning
qaroqchilari ko‘p bo‘ladi. Ular ko‘pincha Xuroson va Eronga ketayotgan savdogarlar
yo‘lini to‘sib, mollarini tortib oladilar, o‘zlarini o‘ldiradilar ham. Shunday yo‘ldan qanday
qilib yolg‘iz bora olasan? — dedi unga yolvorib Hayzuron.
— Mayli, qismatda bitilgani bo‘ladi, odamlar boradigan yerga men ham bora olaman.
Borish uchun kerakli hamma tadbirni ko‘raman.
Hayzuron Jahonni bu niyatidan qaytarish mumkin emasligini angladi:
— Sen Afshinning betini ko‘rmaslik uchun Iroqqa ketmoqchiga o‘xshaysan. Axir uning
istiqomat qiladigan joyi Iroq-ku. Iroqda uning nufuzi hamma yerdagidan ko‘proq
emasmi?
— Iroqqa yetib olsam, undan tap tortadigan yerim qolmaydi. Xalif o‘sha yerda turadi.
Uning hukmi Afshinnikidan zo‘rroq bo‘lsa kerak, albatta. Bundan tashqari Zirg‘omim ham
o‘sha yerda-ku, — dedi-da, Jahon bir oz tin olgach, yana so‘zida davom etdi, — men
Zirg‘omdan yordam talab qilmoqchi emasman, lekin haqiqatga quloq solinadigan bir
mamlakatda u ahmoq chol bilan gaplashib qo‘ymoqchiman. U o‘z askarlari bilan bu
yerda mendan g‘olib chiqishi mumkin, ammo Bag‘dodda buning uddasidan chiqa
olmaydi. Endi siz meni bu niyatdan qaytaraman deb bekorga urinmay qo‘ya qoling!
Jahon eshik tomon qadam tashladi. Qattiq sarosimada qolgan, yig‘idan o‘zini bosa
olmagan Hayzuron ham hiqillay-hiqillay uning orqasidan ergashdi.
Jahon u yoq-bu yoqqa qaramay, yugurgancha o‘z xonasiga kirdi. Uning chehrasida
shijoat va xotirjamlik sezilardi. Yana gap qo‘shishga yoki orqasidan kirib boraverishga
jur’at qilmay Hayzuron qadamini sekinlatdi. Ichkaridan turib uni Jahon chaqirdi.
«Labbay» deb ichkariga kirgan Hayzuron qizning g‘alati bir holatda karavoti ustida
o‘tirganini ko‘rdi. Bir tomondan uning chehrasida jiddiyat — aniq niyat belgilari, ikkinchi
tomondan esa, andak sarosimalik nishonalari ayon bo‘lib turardi. U kirishi bilan Jahon:
«Somon hali ham qaytib kelgani yo‘qmi?» deb so‘radi. Hayzuron ohista javob qildi:
— Yo‘q, sayidam, bugun ertalabdan buyon ko‘rganim yo‘q.
Jahon boshini bir silkib qo‘ydi-da, «keling, ona, yonimda o‘tiring», deb oqsochni taklif
qildi.
Hayzuron uning yuziga qarashga iymanib turardi. Sekin yoniga o‘tirdi. Jahon gap
boshladi:
— Mening safarga chiqishim sababini hech kim bilmasin, buni sir saqlang, saroy
mutasaddisi Mehtarga mol-mulk, ekin-tikinlarimizdan xabardor bo‘lib turishni topshiring.
So‘raganlarga: «Yaqin bir shaharga ketyapmiz», — deb qo‘ya qoling.
— Xo‘p, sayidam, buyrug‘ingni albatta bajaraman. Yo‘lga qachon chiqamiz?
— Yaqin fursatda, ta’ziya marosimi tugashini kutmasdanoq jo‘naymiz. Qaysi kuni yo‘lga
chiqishimizni keyinroq aytaman. Safarimiz juda olis. Shuning uchun olib ketiladigan
barcha safar anjomlarini taxt qilib qo‘yishingizni o‘tinib so‘rayman.
Hayzuron qabul ishoratini qilib boshini qimirlatib qo‘ydi. Jahonning qasd qilgan ishidan
sira qaytmasligini u yaxshi bilar va buni ko‘p tajribadan o‘tkazgan edi. Shuning uchun
ertagacha sabr qilishni ma’qul ko‘rib, oraga boshqa so‘z qo‘shmadi. Bir oz sukutdan
keyin qizning o‘zini yolg‘iz qoldirib chiqib ketdi.
Bu uzoq safarda Somonning ham hamroh bo‘lishiga ehtiyoj borligi uchun Jahon butun
kunni shu haqda fikr yurgizib kech qildi. Bunday safarga Somon jon-jon deb chiqishini
Jahon yaxshi bilardi. Ertasiga ertalab Jahon uyqudan uyg‘onishi bilanoq Somonning
Farg‘ona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon
Do'stlaringiz bilan baham: |