www.ziyouz.com
kutubxonasi
41
Zirg‘om o‘z maqsadiga erishish uchun qat’iy kirishadigan kishilardan edi, lekin, «Jahonni
qoldirib ketsam, unga og‘ir botmasmikin, birga ketamiz desam, hali ta’ziyasi tamom
bo‘lgani yo‘q», degan xayolga bordi.
Jahon uni yo‘lga otlanaverishga da’vat qilganidan keyin, qat’iy fikrga keldi:
— Sizning xohishingiz shu bo‘lsa, so‘zingizdan chiqmayman, xudo xohlasa, ertaga yo‘lga
chiqaman.
Ikkalasining orasiga shu paytda suqulib o‘tirishni noqulay sezgan Somon: «Zarur
ishlarim bor, shularni bajarib, keyin qaytib kelarman», deb o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Jahon
unga:
— Har safardagidek yo‘q bo‘lib ketmang, hozir ahvol nozik. Sizning saroyda bo‘lishingiz
juda ham kerak, — dedi.
Somon «xo‘p» deb apil-tapil qadam tashlab chiqib ketdi. Jahon bilan yolg‘iz qolgan
Zirg‘om butun dunyoni unutdi: safarni ham, urushni ham, qo‘mondonlik, obro‘-martaba
— xullas, hamma narsani miyasidan chiqarib yubordi. Shu daqiqalar yillarga cho‘zilishi,
abadiy bo‘lishini istab qoldi. Hozir uning xayoliga na ovqat, na sharob, na boylik kelardi.
U xayol osmonida parvoz etardi, go‘yo ikkalasining ruhi birlashib, tanaga ehtiyoj
qolmagandek, yoki u tana boshqa hech narsani istamayotgandek edi. Muhabbat —
ruhlar bir-birini o‘ziga tortishi va yaqinlashuvidan iborat. Jismoniy intilish, shahvat uni
buzmasligi yoki kuchini bo‘lmasligi lozim. Ruhiy yaqinlashuv, birlashuv sevgining kuchiga
kuch qo‘shadi. Uning boqiyligini istagan kishi — shahvatdan saqlanishi kerak. Dunyoda
oshiq bilan ma’shuq bir-biriga o‘z muhabbatini izhor etishidan zo‘rroq saodat yo‘q.
Jannatni tasavvur etishga qiynalgan kishilarga jannat jinsiy g‘arazlardan xoli bo‘lgan
oshiq-ma’shuqlar ruhining bir-biriga yaqinlashuvidir, deyilsa to‘g‘ri bo‘ladi. Kishilar buni
she’riy xayol deb hisoblaydilar, lekin bu she’riy xayol emas. Bu xayolning haqiqatga
aylanganini biz hech qachon bilmadik va eshitmadik ham.
Zirg‘om bilan Jahon singari sof muhabbatli oshiq-ma’shuqning uzoq vaqt ko‘rishmay,
birdan uchrashib qolishi chinakam baxt namunasi ekaniga hech shubha yo‘q. Otasining
vafoti tufayli ko‘ngliga xafalik cho‘kkan Jahon bu baxtni Zirg‘omdan ko‘ra ko‘proq his
etgan bo‘lsa kerak. G‘amboda yurak boshqa yuraklarga qaraganda tasalliga ehtiyoji
ko‘proq, shuuri o‘tkirroq bo‘ladi.
Ular ikkalasi shirin suhbatga tushib ketishdi. Gaplari esa o‘z-o‘zlaridan nolishdan nariga
o‘tmasdi. Ular borliqni unutib, suhbatlari juda cho‘zilib ketdi. Yonlariga Hayzuron kirib
gaplarini bo‘lmaganda, dunyoning ishlari bularning xayoliga ham kelmagan bo‘lardi.
Motamzadaligi yuragini siqmasin deb Hayzuron Jahonni sira yolg‘iz qoldirmasdi. Hozir
ham Somon chiqib ketgandan keyin Jahon yolg‘iz qoldi shekilli, deb o‘ylab, undan xabar
olgani kirgandi. Yonida Zirg‘om o‘tirganini ko‘rib, uyalib orqaga tisarildi. Jahon uni
«kiravering» deb chaqirgach, kirishga majbur bo‘ldi. Bu ikki yosh guldek ochilib ketgani,
ko‘zlari chaqnab turgani, bir-birlaridan ko‘z uzmay, gaplariga quloq berib o‘tirishganini
ko‘rib, Hayzuron hang-mang bo‘lib qoldi. Uning kirishi bularni ogoh qildi, ruh olamidan
moddiy olamga ko‘chirdi. Hayzuron Zirg‘omga salom berib, keyin Jahondan hol-ahvol
so‘radi va unga nima kerakligini bilmoqchi bo‘ldi. Jahon: «Hech narsaning keragi yo‘q,
lekin Zirg‘om to‘g‘risida qanday fikrdasiz?» — dedi.
Hayzuron bunday savolni kutmagani uchun esankirab qoldi:
— O‘zingga shunchalik yoqqan, munosib yigitning nimasini mendan so‘raysan? Kishilarni
mendan ko‘ra o‘zing yaxshi bilasan-ku, men nima ham deyishim mumkin. Mening
qo‘limdan keladigan gap «murod-maqsadinglarga yetkazsin» deb yaxshilik xudosidan
iltijo qilish xolos, — dedi-da,— Somon qaerga ketdi? — deb so‘radi. Jahon: «Darrov
qaytib kelaman deb saroydan chiqib ketdi, kelib qolsa ajab emas», — dedi.
Farg‘ona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon
Do'stlaringiz bilan baham: |