www.ziyouz.com
kutubxonasi
108
— To‘g‘ri, — dedi anchadan keyin. — Huri yomon, haromxo‘r. Lekin bu bechora
kaltakesakning dumidek gap, bolam. Bunga oshiradiganlar boshqa. Kaltakesakning
dumini uzganing bilan boshqasi o‘sib chiqaveradi... — U yana jimib qoldi. — Choyingni
ich,— dedi yupatuvchi ohangda. — Bolasi bor-a, bir emas, ikkita norasidasi bor-a,
o‘g‘lim.
Indamadim. To‘g‘risi, nima deyishni o‘zim ham bilmasdim. Bu — onamning oxirgi iltimosi
ekanini o‘shanda bilmagan edim...
... Mana, hozir har kuni ishdan qaytishda darvoza oldidagi skameykaga qarayman.
Skameyka bo‘m-bo‘sh. Na bolalar bor, na xotinlar... Hatto «shara-bara» ham
ko‘chamizdan o‘tmaydigan bo‘lib qoldi.
ALLA
Qabriston g‘ishtin devor bilan o‘ralgan. Darvozaning narigi tomonida — go‘rkovning
hujrasi. Berigi tomonida — tashqarida, uning hovlisi.
Darvozaga yaqin kelishim bilan ichkaridan — hujra tomondan tilovat sadosi eshitildi.
Xuddi shu payt hovli tomondan alla ovozi yangrab ketdi:
Allayo, alla, jonim bolam-a, alla...
Kim bo‘ldi bu? Go‘rkovning kelinimi? Qizimi?..
U hamon sokin tovushda davom etardi:
Uxla, qo‘zim, allayo, shirin qizim, alla...
Ertalab yomg‘ir yoqqan edi. Darvozaning temir panjaralarida suv tomchilari yaltiraydi.
Ko‘lmakda quyosh jilolanadi. Muzdek tutqichdan ushlagancha turib qoldim. Bir tomonda
tilovat sadosi, bir tomonda alla... Ajab, ular bir-biriga xalaqit bermas, bir-birini rad
etmas, ikkalasi qo‘shilib bahor nafasiga to‘lgan osmonda, qabriston yo‘lkasidagi kuchala
chiqargan teraklar ustida parvoz qilar edi:
«Rabbano-o-o, rabbno-o-o...» «Allayo, alla»...
Bir xil bo‘lib ketdim. Panjarador darvozaga suyanib uzoq turib qoldim.
Onam beshigim ustida alla aytganini eslay olmayman. Esimni taniganimda beshikda
yotmaydigan bo‘lgan edim. Biroq oyim ukamga alla aytganini eshitganman. Ko‘p
eshitganman.
Qish kechalari sandalga suqilib tiqilishib yotardik. Uy nimqorong‘i. Piligi pastlatib
qo‘yilgan chiroq xira nur sochadi. Shiftda lampa shisha uchidan chiqqan nur doirasi
ko‘rinadi. Chiroq doim bir joyda turgani uchun shiftning o‘sha yeri sarg‘ayib qolgan.
Hammayoq jimjit. Shu qadar jimki, dadamning hujrasidagi soatning chiqillayotgani ham
eshitiladi. Tashqarida bo‘ron guvillaydi. Quruq qorning derazaga chirsillab urilishi
eshitilib turadi. Ukamning beshigi g‘irchillaydi. Onam alla aytadi.
Alla, bolam uxlay qol-a, alla,
Quchog‘imda orom ol, alla...
Yo‘q, bu qo‘shiq emas. Oyimning ovozida qandaydir boshqa narsa bor. Mungmi,
iltijomi...
Dunyoning ishlari. O’tkir Hoshimov
Do'stlaringiz bilan baham: |