KALTAKESAKNING DUMI
Shundoq darvoza oldida silliqlanib ketgan eski yog‘och skameyka bor. Har kuni ishdan
qaytishda beixtiyor skameykaga qarayman. Bir vaqtlar darvoza oldi, mana shu xarrak
doim gavjum bo‘lardi.
Ertalab tong otishi bilan onam darvozani lang ochib qo‘yadi: farishta kirarmish. Hali
uyg‘onmasimdan gangur-gungur suhbat boshlanadi.
— Yaxshi o‘tiribsizmi, poshsha oyi?
— Shukur, aylanay. O‘g‘lingizdan xat bormi?
— Ikki haftadan buyon xat kelmayapti, ko‘nglim g‘ash.
— Unaqa bo‘lsa erta-indin o‘zi kirib keladi. Meni aytdi dersiz. Hozir armiyadan bolalar
qaytadigan vaqt bo‘ldi.
Shanba-yakshanba kunlari endi ishlayman, deb o‘tirsam shovqin-suron ayniqsa avjiga
chiqadi. Skameyka jonivor xuddi o‘chakishgandek deraza tagida... Mahallaning yarim
bolasi simga tizilgan qaldirg‘ochdek xarrakka o‘tirib oladi. O‘rtada oyim.
— Poshsha buvi, konfet bering.
— Poshsha buvi, mengayam! Yo‘q, unaqasidanmas, zarligidan.
Shu payt, ko‘cha boshida qariligidan quloqlari osilib qolgan, echkidekkina ozg‘in eshak
ko‘rinadi. Ixcham aravaning g‘ildiraklarini g‘iyqillatgancha sekin-sekin keladiyu xuddi
stansiyasini bilib to‘xtagan poyezddek deraza ro‘parasida to‘xtaydi. Qishin-yozin oyog‘iga
mahsi kiyib, telpagini bostirib yuradigan qop-qora chol «Bismillo», deb aravadan
tushadi-da, ovozi boricha baqiradi:
— Kep qoling, shara-bara-a-a! — Mushtdekkina cholning shunchalik jarangdor ovozda
qichqirishiga ba’zan hayron qolamiz.
— Kep qoling! Zar koptokka kep qoling!
Chol kaftini karnay qilib har baqirganida derazalar zirillab ketadi.
— Hushtakning bulbuli o‘zimizda! Saqich deganlar kelaversin!
U, shu hayqiriq orasida oyim bilan hol-ahvol so‘rashib qo‘yishniyam unutmaydi:
— Qalay, Poshsha opa, bardamgina o‘tiribsizmi?
— Shukr, — deydi oyim. — Kenjangiz qachon keladi?
Cholning kenja o‘g‘li aspiranturada o‘qiydi.
— Dilgirom keldi, yigirmanchida kelarkan. Chorshanba kuni Ko‘kterakka borib qo‘y
opchiqdim,— deydi chol. — O‘g‘lim kelishi bilan oyog‘iga so‘yaman.— U yana kaftini
karnay qilib qichqiradi.— E, shara-bara-a-a!
Derazalar tag‘in zirillab ketadi. Oyim bir ko‘cha qora-qura bolalarni ergashtirib hovliga
kiradi. Hammayoqni qiy-chuv tutib ketadi.
— Aya! Shisha bering!
— Poshsha oyi, o‘n tiyin bering, hushtak olaman.
— Mengayam!
Shara-barachi chol kamida yarim soat savdo qiladi. Birovga saqich, birovga shaqildoq...
Yana birovga rezinka bog‘langan uchidan tortib otilsa qo‘lga qaytib keladigan zar
koptok... Qari eshak bo‘lsa turgan joyida quloqlarini osiltirib mudrab hordiq chiqarib
oladi.
Chol ketishi bilan qiy-chuv bosiladi deb o‘ylaysizmi? Yo‘q, battar avjiga chiqadi.
— Nilu, o‘lgur, nima qilding? Ha, qiz bo‘lmay ajalni oldida ket! Shishani yog‘i bilan berib
Dunyoning ishlari. O’tkir Hoshimov
Do'stlaringiz bilan baham: |