www.ziyouz.com
kutubxonasi
81
Jon bolam, jonim bolam, qaylardasan, bergil xabar,
G‘amda boshim, ko‘zda yoshim, ichganim bo‘ldi zahar.
Za’farondek sarg‘ayurman hasratingda qon yutib,
Ko‘zlarimning nuri ketdi yo‘llaringga ko‘z tutib.
Hammamiz qo‘rqadigan, ko‘rganda hammamiz qochadigan Zebi xola shumi? O‘sha
qo‘pol, o‘sha jahldor Zebi xolami shu? Valining oyisida shuncha dard bormidi? Shuncha
alami bor ekanmi? Nimaga biz bilmagan ekanmiz?
Zebi xolaning yumuq ko‘zlaridan ikki tomchi yosh silqib chiqdiyu qirra burnining chetida
to‘xtab qoldi. Dutorni yonboshiga qo‘ydi-da, keng yengining uchi bilan ko‘zini artdi.
Hamma jimib qolgan, hech kim birinchi bo‘lib gapirishga jur’at etolmas edi.
— Hech bo‘lmasa, Kimsanim kelgandayam mayli edi, — dedi u xo‘rsinib.
— Qo‘ying, opajon, — dedi oyim sekin. — Unaqa demang, Xudoga shukur, mana bor-ku.
— Oyim nariroqda g‘ildirak ushlab mo‘ltirab turgan Valiga imo qildi. — Nasib etsa, to‘ylar
qilasiz, qo‘sha-qo‘sha nevaralar ko‘rasiz.
Zebi xola yalt etib Valiga qaradi. Ko‘zida yosh bilan jilmaydi.
— Sumalak yedingmi, o‘g‘lim? Qorning ochib qolgandir?
— Yedim, — dedi Vali sekin. U ham oyisining yig‘laganini ko‘rib o‘pkasi to‘lib turardi.
— Bo‘lmasa, o‘ynay qolinglar.
Birpasdan keyin Zebi xola bizni yana chaqirdi.
— Oborib qo‘ya qol joyiga, — dedi dutorni g‘ilofga solib. — Dadangdan baloga qolib
yurmay tag‘in.
Bir qo‘limda dutor, bir qo‘lim bilan g‘ildirak g‘ildiratgancha yo‘lga tushdim. Vali ham
g‘ildiragini aylantirib yonma-yon borar, ammo endi avvalgidek yugurmas edik.
Qulog‘imda hamon Zebi xolaning qo‘shig‘i yangrab turar, go‘yo g‘ildiraklar ham g‘ildirak
emas, dutorning ikki tori edi. Ana, ikkovi bir-biriga jo‘r bo‘lib jaranglayapti. Zebi xola
bo‘lsa hamon qo‘shiq aytyapti:
«Jon bolam, jonim bolam, qaylardasan, bergil xabar...»
Chetini o‘t bosgan ariqchadan o‘tayotganda g‘ildiragim sakrab ketdi. Bir hatlab oldinga
talpingan edim, o‘tga sirg‘anib yiqilib tushdim. Dutor yerga urildi... qars etdi. Tamom!
Kuy ham, qo‘shiq ham tindi-qoldi.
— Sindi! — dedim ovozim titrab.
Vali yugurib tepamga keldi:
— Voy-y-y! Endi dadang o‘ldiradi!
Ikkalamiz qo‘limiz titragancha g‘ilof bog‘ichini yechdik. Qarasam, dutorning ip tortadigan
qulog‘i sinib tushibdi.
— Endi nima qilamiz? — dedi Vali ko‘m-ko‘k ko‘zlarini jovdiratib.
Yig‘lamoqdan beri bo‘lib, yelkamni qisdim.
— Yur! — Vali qo‘limdan tutib uyiga boshladi. Ikkalamiz ularning hovlisiga kirdik. Hovli
etagidagi bostirmada eski quti bor ekan. Vali qutini titkilab zanglab ketgan temir topdi.
— Mana! — dedi tantana bilan. — Endi hech ham sinmaydi!
Dutorning singan qulog‘i o‘rniga temir tiqdikda, imi-jimida g‘ilofga solib joyiga ilib
qo‘ydik.
Kechqurun oyimga nima bo‘lganini aytib bergandim, rangi o‘chib ketdi. Lekin nima
qilishni oyim ham bilmasdi.
O‘sha kuni emas-ku, uch kundan keyin sir ochildi. Dadam hujradan turib jahl bilan
qichqirib qoldi:
— Dutorga kim tegdi?
Zum o‘tmay dutorni ko‘tarib chiqdi.
— Garangmisanlar? Qaysi biring sindirding? Bu nima qiliq? — dedi Vali «tuzatgan»
Dunyoning ishlari. O’tkir Hoshimov
Do'stlaringiz bilan baham: |