www.ziyouz.com
kutubxonasi
77
ondayoq bolalikdagi xotiralar, Zebi xolaning dutor chalganlari esimga tushdiyu sekin
so‘radim:
— Hali ham chalib turasizmi?
Zebi xola ma’yus jilmaydi.
— Dutor chalish qatta, bolam. Qo‘l o‘lgur titraydi.— U bir zum jimib qoldi-da, o‘ychan
davom etdi.— Qaysi kuni tush ko‘rsam, poshsha singlim bilan bir joyda o‘tiribmiz. Nuqul
dutor chalayotgan emishman.— U shikasta kuldi. — Odamzod shunaqa ekan,— dedi
xo‘rsinib. — Bola-chaqam derkan, yelarkan-yugurarkan, endi og‘zi oshga yetganda
yiqilarkan.— U titroq qo‘llari bilan tizzasining ko‘zini siladi. — Sal sovuq tursa, oyog‘im
shishib ketadi. Valijon maxsi oberaman, o‘zingiz kiyib ko‘rib tanlaysiz, deb qo‘ymadi.
Ketayotgan joyimda birrov singlimnikiga kirib chiqay, dedim.
Yana choy quyib uzatgan edim, Zebi xola bosh chayqadi.
— Mayli, bolam, men bora qolay endi.
Ikkovlashib tashqariga chiqqanimizda Vali mening mashinamda o‘tirar, motorni gurillatib
sinab ko‘rar edi.
— Bo‘ldi, — dedi o‘tirgan joyida derazadan boshini chiqarib. — Ikkinchi bunaqa ustachilik
qilsang, o‘zingdan ko‘r.
Ikkovlashib Zebi xolani kabinaga chiqardik. Vali narigi eshikdan kirdi-yu, mashinasini
gurillatgancha haydab ketdi. ZIL muyulishda ko‘zdan g‘oyib bo‘lishi bilan g‘ira-shira tong
pallasida ko‘rgan tushdek xotiralar yopirilib keldi.
* * *
Zebi xoladan hayiqmaydigan bola yo‘q edi. Erkaklardek barvasta gavdali, qop-qora bu
xotinning yo‘g‘on ovozi ham, uzun qirra burni, ketmonni yelkasiga tashlagancha etik
kiyib g‘oz yurishi ham boshqa ayollarga o‘xshamas, hatto qoramtir siyrak mo‘ylovigacha
bor edi. U qachon qarasa qulog‘iga rayhon taqib yurar, Darhon arig‘i bo‘yidagi hovlisida
yoz bo‘yi rayhonlar barq urib yotardi. Uni birinchi marta ko‘rganimdayoq qo‘rqib
qolganman. O‘shanda juda kichkina bo‘lsam kerak. Oyimga ergashib Zebi xolanikiga
bordim. Nimagaligi esimda yo‘g‘u xarxasha qilaverdim. Oyim u deb ko‘rdi, bu deb ko‘rdi,
bo‘lmadi. Shunda Zebi xolaning jahli chiqib ketdi.
— Jim bo‘lasanmi yo hozir ishtonimga qamab qo‘yaymi! — dedi do‘rillab. Uning vajohati
shu qadar qo‘rqgulik ediki, ovozim o‘chdi-qoldi.
...Zebi xola sap-sariq jingalak sochli, ko‘k ko‘z «o‘ris bola»sini — Valini jonidan yaxshi
ko‘rardi. Qaysi to‘yga borsa, ko‘ylagining yengiga popukqand, monpasi, jiyda solib
kelardi. Uning yengi shunchali barakali ediki, Valining do‘ppisi birpasda shirinlikka to‘lib
chiqardi. Vali qizg‘anchiq emas, oyisi olib kelganlarni hamma bilan baham ko‘radi...
Biroq, bironta bola Valini chertsa bormi, oyisidan baloga qoladi. Zebi xola o‘sha zahoti
aybdor bolaning onasini yumma talaydi. «Sen echkiga o‘xshab har yili bolalaysan,
meniki atigi bitta! — deydi shang‘illab. — Qani, yana bir marta qo‘l tegizib ko‘rsin-chi,
qo‘lini sindirib o‘choqqa tiqaman!»
Zebi xola bolasini bunchalik avaylagancha bor edi. Dadamning aytishiga qaraganda,
urush bo‘layotgan joydan keltirilgan bolalardan bittasini berasanlar, deb Zebi xola ham
boribdi. Ammo o‘sha idoradagilar ko‘nishmabdi. «Siz so‘qqaboshsiz, topish-tutishingiz-
ning mazasi yo‘q», deyishibdi. Shunda Zebi xola kursini mushtlab chunonam to‘polon
ko‘taribdiki, noiloj mana shu Valini xatlab berishibdi.
Zebi xola so‘qqabosh bo‘lsayam, Valini kamsitmagan. Qo‘y so‘yib, yurtga osh berib,
to‘yini ham qilib bergan.
Vali ham birinchi sinfda men bilan o‘qir, hisobdan yaxshi edi-yu, ona tilidan qiynalardi.
Dunyoning ishlari. O’tkir Hoshimov
Do'stlaringiz bilan baham: |