O‘RIS BOLANING OYISI
Shanba kuni mashinani darvoza oldiga olib chiqishim bilan motor o‘chib qoldi. Generator
tok beryapti, benzin nasosi ishlayapti. Tavakkal qilib karbyuratorni kavlashtirishga
tushdim. Ochishga ochdimu bemorning qornini yorib qo‘yib, u yog‘iga nima qilishini
bilmagan no‘noq jarrohdek dovdirab qoldim. Mushtdek apparat ichida shuncha murvat
Dunyoning ishlari. O’tkir Hoshimov
www.ziyouz.com
kutubxonasi
76
borligini bilmagan ekanman. Hammasini qandoq bo‘lsa shundoqligicha joy-joyiga qo‘yib
chiqqan edim, yana allaqancha vintlar, gaykalar «ortib qoldi». Nima qilishimni bilmay
tajang bo‘lib tursam, orqada yuk mashinasining voshillab tormoz bergani eshitildi.
Kabina eshigi taraqlab ochildi. Qarasam, o‘zimning bolalikdan birga o‘sgan «o‘ris
o‘rtog‘im» Vali tushib kelyapti (Asli oti Valentin ekanini keyin bilganman.) Mahallada shu
bolaning oldiga tushadigan shofyor yo‘q. O‘zi ham mushtdek boshidan temir-tersakka
qiziqadi.
— Bormisan! — dedim quvonib. — Kasal tuzalaman desa, tabib o‘z oyog‘i bilan keladi-
da.
U shoshilmasdan oldimga keldi.
— Nima bo‘ldi? — dedi motorga mo‘ralab.
— Buni ko‘rmaysanmi, — deb qo‘limdagi murvatlarni ko‘rsatdim. — Olmadek narsaga
shuncha lash-lushni erinmasdan joylashganiga qara! Injenerlar ham ovsar ekan!
U «operatsiya» bo‘lgan karbyuratorga qaradi-da, hushtak chalib yubordi.
— Injenerlar ahmoqmas, sen ahmoqsan! — dedi jingalak sochlarini silkitib. — Ertadan
boshlab men ham kitob yozib tashlasam nima bo‘ladi? Aqling yetmagan ishga aralashib
nima qilasan?
G‘aribona qiyofada iljayib turgan bo‘lsam kerak, u kulib yubordi. Paralon kurtkasini
yechib, mashina tomiga tashladi-da, buyurdi:
— Otvertkangni ol!
Biroq ishga kirishmadi.
— Aytmoqchi, mamashkani olib keluvdim, — dedi ZIL tomonga imo qilib. — Sizlar
gaplashib turgunlaringcha buyog‘ini amallab ko‘raman.
Boyadan beri e’tibor bermagan ekanman. Yuk mashinasining kabinasida o‘tirgan Zebi
xolani endi ko‘rdim. Ikkovlashib mashina oldiga bordik. Vali zinaga sakrab chiqib kabina
eshigini ochdi. Boshiga qalin ro‘mol o‘ragan, qora baxmal nimcha kiygan oyisini
ko‘targudek bo‘lib zinadan tushirdi. Qarasam, Zebi xola mushtdekkina bo‘lib qolibdi.
Oyimning ma’rakalarida kelganida o‘z tashvishim bilan bo‘lib, razm solmagan ekanman,
endi payqadim. Avvalgi alp qomatli, yurganida yer gursillaydigan Zebi xolaning yarmi
ham qolmabdi. Ro‘moli ostidan chiqib turgan sochlari qordek oqarib ketibdi. Qop-qora
yuzi yanayam qorayib, ko‘kimtir tusga kirgandek.
— Poshsha singlimdan qolgan yodgorim! — dedi u meni bag‘riga bosarkan, bo‘g‘iq
ovozda. Ozg‘in qo‘li bilan yelkamga qoqib, og‘ir-og‘ir harsillab nafas oldi.— O‘zimning
shirin o‘g‘limdan o‘rgilay, yaxshi o‘tiribsanmi?
Bolalikdan qulog‘iga rayhon taqib yurishiga ko‘nikib qolganim uchunmi, hozir ham undan
rayhon isi anqib ketgandek bo‘ldi.
— Yuring, — dedim uyga boshlab. — Birpas dam oling.
— Yo‘q, u yoqdamas, singlimning uyida o‘tiraman.— Zebi xola og‘ir-og‘ir qadam
bosgancha, oyimning xonasiga qarab yurdi. — Singlimning joyida birpas o‘tiray, —
dediyu doim oyim o‘tiradigan joyga, deraza tagiga cho‘kdi. Bo‘g‘iq ovozi titrab uzoq
tilovat qildi.
— Dunyo shunaqa ekan, jon bolam, — dedi o‘ychan ovozda. — Hamma bir-bir
ketaverarkan...
— O‘zingiz bardammisiz, xola? — dedim so‘lg‘in yuziga, titrab turgan qop-qora qo‘llariga
qarab. — Nevaralar katta bo‘lib qoldimi!
— Xudoga shukur, bolaginam o‘zidan ko‘paydi. Olti nevaraning duosini qilib o‘tiribman.
Valijonim bitta bo‘lsa ham o‘ntaga tatiydigan chiqdi. — Zebi xola shoshilmasdan choy
ho‘plarkan, devordagi mixga ilig‘lik duxoba g‘ilofli dutorga qarab-qarab qo‘ydi. Oyim
dutorni juda avaylar, «adangdan qolgan yodgorlik», deb doim ko‘z o‘ngida saqlardi. Shu
Dunyoning ishlari. O’tkir Hoshimov
Do'stlaringiz bilan baham: |