OQ MARMAR, QORA MARMAR...
Bahor devorlarning oftobro‘ya etaklaridan boshlanmaydi. Bahor ariqlarning kungay
sohillaridan boshlanmaydi. Bahor go‘ristondan boshlanadi. Ilk maysalar mungli
do‘ppaygan qabrlar yonboshidan unib chiqadi. To‘ng‘ich chuchmomalar eng avval
sukutga cho‘mgan qabriston ustida mayus qo‘ng‘irog‘ini chaladi. Bag‘ri qon qizg‘aldoqlar
birinchi bo‘lib mana shu yerda ochiladi.
Kim bilsin, tabiatning marhumlar ruhiga yilda bir marta ko‘rsatadigan marhamati ehtimol
shudir... Cho‘g‘dek lovullagan qizg‘aldoqlar, saf tortgan gulsafsarlar orasida marmar
toshlar ko‘rinadi. Oq marmar, qora marmar, ko‘k marmar... «Onajon, sizni to abad
unutmaymiz», «Onajon, qildingiz bizga jon fido, e voh, taqdir sizdan ayladi judo»,
«Onajon, xotirangiz qalbimizda mangu yashaydi...»
Oq marmar, qora marmar... Bu so‘zlarning har bitta harfiga qanchadan-qancha ko‘z
yoshi tomganini bilaman. Ehtimol bular inson bolasining hayotda aytgan eng rost
so‘zlaridir. Faqat... har gal ularni o‘qiganda bir narsani o‘ylayman: mana shu so‘zlarni
yurak-yurakdan, iztirob bilan aytgan farzand onasi hayot ekanligida qanchalik ko‘nglini
ololdi ekan? Xotiniga qimmatbaho po‘stin olib berayotganida, onasiga bir kiyimlik ko‘ylak
qo‘shib olish yodidan chiqmadimikan? O‘z uyini chet el mebeli bilan to‘ldirib qo‘yganida
onasiga aqalli bo‘yradekkina gilamcha sovg‘a qilishni unutmadimikan? Qizini tug‘ilgan
kunida atlas ko‘ylak, o‘g‘lini velosiped bilan qutlaganida onasiga oddiy bir paypoq olib
berishni esidan chiqarmadimikan?
Bilmadim... Faqat bir narsani aniq aytishim mumkin. Mabodo Tangri marhumlarga qayta
jon ato qilsayu onalar tirilib qolsa, hayot paytida mehr berganmi, bermaganmi — baribir
farzandlarini maqtab gapirgan bo‘lardi. Onalar hatto vafotidan keyin ham onaligicha
qoladi.
...Bahor devorining oftobro‘ya etaklaridan boshlanmaydi. Bahor ariqlarning kungay
sohillaridan boshlanmaydi. Bahor mana shu yerdan boshlanadi. Qabrlar ustida qo‘ng‘iroq
chalgan chuchmomalar, lovillab yongan qizg‘aldoqlar onalarning farzandini yupatish
uchun taqdim etgan chechaklari bo‘lsa ajab emas...
ILTIJO
Oyi, men keldim... Eshityapsizmi, oyi, men yana keldim...
Qarang, oyi tag‘in ko‘klam kirdi. Esingizdami, har yili bahor kirishi bilan sizni dalaga olib
chiqardim. Siz charaqlagan oftobni, tiniq osmonni, ko‘m-ko‘k maysalarni ko‘rib
quvonardingiz. Esingizdami, nevaralaringiz terib kelgan boychechaklarni ko‘zingizga
surtib, «omonliq-somonliq» qilardingiz...
Bugun... o‘zingizning ustingizdan boychechak o‘sib chiqibdi... Yo‘q, yo‘q, oyijon...
Yig‘layotganim yo‘q. Bilaman, men yig‘lasam, siz bezovta bo‘lasiz. Hozir... hozir o‘tib
ketadi. Mana, bo‘ldi...
Ertalab-chi, oyi, yomg‘ir yog‘di. Qattiq yomg‘ir yog‘di. Siz bahor yomg‘irini yaxshi
Dunyoning ishlari. O’tkir Hoshimov
Do'stlaringiz bilan baham: |