www.ziyouz.com
kutubxonasi
107
— Sakson so‘mga bo‘ladimi? — dedi sekin.
— Sakson so‘mga marojniy ob yeng. Marojniy osayiz, eriyiz bilan maza qilib yeysiz.
— Judayam unaqa noinsoflik qilmang. — Oyim yana gapga aralashdi. — Bir joydagi
odamlarmiz, tobutkashmiz.
— O‘lsam, tobutim ko‘chada qolmas. Kim o‘ladi, kim qoladi, xudo biladi! — Huri satang
matoni Gulining qo‘lidan yulqib oldi. — Avval buyog‘ini bir yoqlik qiling. Tug‘ib
olguningizcha hali nima gapu nima so‘z.
Guli esankirab qoldi. Oyimning rangi o‘chdi.
— Nimaga unaqa deysiz? — dedi tahdid bilan. — Manga qarang, qo‘ying, ikkinchi mening
eshigimga bunaqa narsalarni ko‘tarib kelmang. — U pashsha qo‘rigandek qo‘lini siltadi.
— Boring! Bunaqa harom-harish narsalardan hazar qilaman.
— Ho, bo‘yiz yetmagandan keyin puf sassiq bo‘ldimi! — Huri satang sumkasini ko‘tarib
shaxdam odimlar bilan jo‘nab ketdi. Zum o‘tmay xotinlar tarqalishdi. Oyim ham o‘rnidan
turdi. Bir ozdan keyin xonasidan uning ovozi eshitila boshladi:
— Niyating o‘zingga yo‘ldosh bo‘lgur, diyonatsiz! O‘zi-ku, ikki yo‘lning o‘rtasida o‘tiribdi.
Nima qilasan bechoraga bunaqa deb. — Oyimning qiziq odati bor. Jahli chiqsa, o‘zi bilan
o‘zi gaplashadi. Hozir ham eshikdan sekin mo‘ralasam, deraza yorug‘ida tugma qadab
o‘tirgancha o‘ziga gapiryapti:— Undan ko‘ra eson-omon qutulib olgin, degin, yoshsan,
hali bundan yaxshilarini kiyasan, degin... Pul joningni olgur, ochofat, o‘lsang puldan
kafan qilmaydi-ku, imonsiz!
Hammasini bilib tursam ham eshikni ochib, sekin so‘radim:
— Ha, oyi, kimni urishyapsiz?
U sekin burildi.
— E, — dedi qo‘l siltab. — Har xil odam bor ekan-da, bu dunyoda...
...O‘shandan keyin ham darvoza oldi odatdagidek gavjum bo‘laverdi. Bolalar
chug‘urlashadi, «shara-bara» keladi, xotinlar to‘planadi, faqat Huri satang boshqa
ko‘rinmadi. Biroq, ikki oycha o‘tgandan keyin qiziq voqea bo‘ldi. Ishdan kelib oyimning
xonasiga kirsam, Huri satang o‘tiribdi. Ko‘ziga surma tortmagani uchunmi, yig‘lagani
uchunmi, qizarib, xunuklashib ketibdi. Lo‘ppi yuzi yanayam shishib, barkashdek bo‘lib
ketgan. Sinchiklab qarasam, brilliant taqinchoqlari ham, tilla uzuklariyam yo‘q. U
meni ko‘r-di-yu, bir nimadan cho‘chigandek, shosha-pisha hovliga otildi.
— Nimaga kepti? — dedim ensam qotib.
Oyim surilib yonidan joy ko‘rsatdi. Tushundim, zarur gapi bor. Ikkilanibroq ko‘rpachaga
o‘tirdim.
— Tinchlikmi?
Oyim darrov javob bermadi. Choynak ustidagi latta qalpoqchani olib choy quydi.
— Ochilip deganni taniysanmi? — dedi anchadan keyin.
— Nima edi? — dedim sergaklanib.
— Hurini gazetaga urib chiqmoqchi emish. Qo‘y, bolam, shuni yozmay qo‘ya qolsin.
— Tanimayman, — dedim yolg‘on gapirib.
— Sen uni tanimasang ham, u seni taniydi-ku, — dedi onam osoyishtalik bilan.
— Tanisa nima qipti! — dedim zarda bilan. — Bilasiz, men bunaqa ishlarga
aralashmayman!
— Bilaman, bolam, bilaman. — Oyim o‘ylanib qoldi. Keyin yana o‘sha gapni qaytardi. —
Qo‘y, shuni yozmay qo‘ya qolsin.
Endi rosmana jahlim chiqa boshladi.
— Qiziqsiz! — dedim g‘ashim kelib. — Qaysi kuni Hurini o‘zingiz haydab yuborgandingiz.
Endi yonini olyapsiz. Kim o‘zi u! Bitta haromxo‘r chayqovchi-da.
Oyim yana o‘ylanib qoldi.
Dunyoning ishlari. O’tkir Hoshimov
Do'stlaringiz bilan baham: |