www.ziyouz.com
kutubxonasi
105
yuboribsan-ku.
— Hoy, Alish! Nima hunar ko‘rsatding? Hushtak chalmay yergina yutgur, adangni
arog‘ini to‘kib tashlab shishasini beribsan-ku. Hali qo‘limga tushgin, go‘shtingni bir
burdadan qilmasam yurgan ekanman.
Bir to‘da bola o‘rtasida o‘tirgan oyim ohista yupatadi.
— Qo‘ying, kelinposhsha, qarg‘amang, bolalik — poshsholik-da, o‘rgilay. Adasi bir kun
ichmasa ichmas...
Bahor paytlari, olcha gullaganda kechasiyam tinchlik yo‘q. Yarim kechagacha pichir-
pichir, hingir-hingir... Oxiri bo‘lmadi. Bir kuni skameykani tag-tugi bilan arralab
tashlamoqchi bo‘ldim. Dastarrani ko‘tarib chiqsam oyim odatdagidek bir to‘da bola
orasida o‘tiribdi.
— Ha? — dedi qo‘limdagi arraga qarab.
— Bo‘ldi, — dedim to‘ng‘illab. — Odamga tinchlik ham kerak-da.
Qora-qura bolalar, sochi sichqonning dumidek dikkaytirib o‘rilgan qizaloqlar mengamas,
onamga termilib qarashdi.
— Odam bor joyga odam keladi-da, o‘g‘lim, — dedi oyim sekin. — Norastalar suyunsa
yomonmi...
Yakshanba kunlaridan birida darvoza oldi yana gavjum bo‘lib ketdi. Ammo bu safar
bolalar emas, xotin-xalaj to‘plandi. Ayollarning hayajonlanib shovqin solishidan bildimki,
Huri satang kelgan. Huri satang, yoshgina ko‘hlikkina juvon. Faqat og‘zidagi qator-qator
tilla tishlari, bo‘ynidagi durlar, ayniqsa lo‘mbillatib katta-katta gapirishi uni yoshiga
nisbatan ulug‘roq ko‘rsatadi. Bechoraning turmushi bo‘lmadi. Mahallada to‘y-hasham
bo‘lsa, odamlarning hovlisiga sim tortib «tuyalampochka» qo‘yib beradigan yuvoshgina
montyor yigitga tekkan edi. Besh oy deganda bir emas, ikkita popukdek qizaloq tug‘ib
berdi. Mahalladagi og‘zi botir otinning aytishiga qaraganda «shaftolini danagi bilan yeb
qo‘ygan» ekan. Montyor yuvosh bo‘lsayam, oriyatli yigit ekan— uy-joyini tashladi: ketdi.
Ipdekkina bo‘lib yurgan Huri eridan chiqdi-yu, semirib ketdi. O‘zining aytishicha: «Mana,
ersiz o‘lgani yo‘q, qaytaga brilliantga belanib yuribdi». Uning xo‘jalik sumkasini ko‘rishi
bilan xotinlarning ko‘zi yonib ketadi. O‘ziyam sumkamas, xazina. Ichida billur vazadan
tortib maxer koftagacha, poshnasi bir qarich platforma tuflidan tortib, nomozshom
atlasgacha — hammasi topiladi.
Beixtiyor derazadan mo‘ralasam, «bozor» ayni avjiga chiqqan ekan. Huri satang semiz
oyog‘ini skameykaga, shundoq oyimning biqiniga tiragancha ko‘zni qamashtiradigan
atlasni ko‘rsatib turibdi. Atrofdagi ayollar havas bilan tikilib qarashyapti. Oyim Hurining
oyog‘iga joy bo‘shatgani uchunmi, skameykaning bir uchiga ilinib o‘tiribdi.
— Bunaqasi endi chiqmay qo‘ygan. — Huri satang atlasni tizzasiga yozdi-da, kafti bilan
siladi.
Ayollar havas bilan tomosha qilishar, ammo birontasi aqalli narxini so‘rashga jur’at
qilolmas edi.
— O‘ladigan dunyoda yeb-ichib, kiyinib qoladi-da odam. — Huri satang do‘mboq kaftini
siltadi. — Opchiqing, pochcham sandiqqa bosib qo‘ygan pullardan, Dilbar opa! Odam
bo‘lib mundoq atlas obersin sizgayam!
Bir etak bolaga o‘ralashib qolgan Dilbar opa sekin ming‘illadi:
— Ha, nasib etsa, bir kun kiyarmiz.
— Hozir kiymasayiz, qachon kiyasiz! Ikki-uch yildan keyin chalpakka o‘rab tashlasa, it
qaramaydigan bo‘p qolasiz. O‘zizziyam o‘ylang mundoq.
Dilbar opa yana bir nima deb ming‘illadi. Huri satang: «Xaridor yo‘qmi?» degandek
xotinlarga bir-bir qarab chiqdi-da, atlasni sumkaga tiqdi. Keyin uzoq titkilab bir nimani
qo‘liga olgan edi, ayollar xuddi o‘rtog‘ining yangi o‘yinchog‘ini tomosha qilgan bolalardek
Dunyoning ishlari. O’tkir Hoshimov
Do'stlaringiz bilan baham: |