www.ziyouz.com
kutubxonasi
101
Qiziq, uning shang‘illashi, chapanilarcha «akam» deb gapirishi ham o‘ziga yarashadi.
Quchoqlashib ko‘rishdik.
— Ozgina olasizmi? — dedim kulib. — O‘shanda besh-o‘n kun sazangizni o‘ldirgan edim.
Endi qarzimni uzay.
— Yo‘q. — Abdujabbor keskin bosh chayqadi. — O‘zim qarzimni uzgani keldim.
U shimining piston cho‘ntagini kavlab o‘n so‘mlik chiqardi-da, stolga qo‘ydi:
— Mana.
— Nima bu?
— Qarzim, — dedi u negadir qovog‘ini solib.
Hech nimaga tushunmadim.
—Mendan qarzingiz yo‘q.
— Sizdan emas, Poshsha oyimdan olganman.
Uning birdan o‘ziga yarashmagan ma’yus qiyofaga tushib qolishi g‘alati edi. Onamni
eslab, o‘zim ham ma’yus tortib qoldim.
— Olgan bo‘lsangiz yaxshi, — dedim sekin. — Shuniyam o‘ylab o‘tiribsizmi?
— Yo‘q, — Abdujabbor yana keskin bosh chayqadi.— Men boshqacha olganman, — dedi
negadir tajang bo‘lib.
— Nima gap o‘zi?
— Bir chekkadan gapirib beraymi? — Abdujabbor o‘zini ham, meni ham yomon ko‘rib
ketayotganday yuzini burib to‘ng‘illadi. — Bundoq bo‘ldi. O‘sha, tom yopayotgan kunim
uyga borsam, qo‘shninikida to‘y bo‘layotgan ekan. Olaveribmiz, olaveribmiz, xurmacha
yorilib ketishiga sal qopti. Ertalab tursam boshim g‘um! Eshik qayoqda, deraza qayoqda,
bilsam o‘lay. Buning ustiga xotin diydiyosini boshladi. Xotinlarni bilasiz-ku! — U
tasdiqlatib olish uchun yuzimga qaradi. — Xotin zotiga «a» deganda «ma», deb pul
obkeb bersang, latta-puttasini topib tursang, odamsan. Bo‘lmasa, o‘t anovi yoqqa,
deydi, xumgazak! Birpas o‘tirsam, janjal chiqadigan. Choponni yelkaga tashlab chiqib
ketaverdim. Padar qusur xumgazak cho‘ntakniyam qoqlab qo‘ygan ekan. Kelsam, siz
yo‘qsiz. Poshsha oyimga hasratimni aytdim. «Shundoq, shundoq, mazam qochib turibdi,
ozgina paxmel qilmasam bo‘lmaydi», desam, eshitishni xohlamaydilar. Avrashga
tushdim. «Jon poshsha oyi, hozir ichmasam o‘lib qolaman, uvolimga qolasiz, besh
so‘mgina bering», dedim. Ko‘nish qayoqda! Qaytaga urishib berdilar. «Senga o‘z qo‘lim
bilan ichkilik oberib gunohga botishga tobim yo‘q, undan ko‘ra achchiqqina mastava qilib
beraman», deydilar. O‘lay agar oyoqda zo‘rg‘a turibman. Boshimni changallab
o‘tiraverdim. Menga qarab-qarab qo‘yadilar. Bilaman, rahmlari kelyapti, ammo bari bir,
yumshamadilar. Oxiri bo‘lmadi. Tomga chiqib amallab ishga tushdimu bosh qiztaloq
o‘zimnikimas. Bir mahal mastava pishdi, deb chaqirib qoldilar. Mastavani boshimga
uramanmi! Ming kosa mastavadan ko‘ra yuz grammgina «oqbola»dan bo‘lsa-ku, olam
guliston! Hadeb chaqiraverganlaridan keyin tushdim. Mundoq qarasam, narvonning
tagida g‘ijimlangan besh so‘mlik yotibdi. Ko‘zimga olov bo‘lib ko‘rinib ketdi. Oldim-u qo‘l
qiztaloq titraydi.
— Kimniki? — dedim baqirib.
Poshsha oyim ovqat suzish bilan bandlar. Yugurib oldilariga bordim.
— Kimniki? — dedim pulni ko‘rsatib.
Poshsha oyimning jahllari chiqib ketdi.
— Topib olganingdan keyin kimniki bo‘lardi, seniki-da. Nima qilasan baqirib, — deb
urishib berdilar.
Abdujabbor jimib qoldi. U bir nuqtaga tikilib o‘tirar, ko‘zlarida odatdagidek shiddat emas,
o‘ychanlik bor edi.
— Keyin yana bir marta mazam qochganda Poshsha oyim tag‘in besh so‘m «tushirib
Dunyoning ishlari. O’tkir Hoshimov
Do'stlaringiz bilan baham: |