Dunyoning ishlari. O’tkir
Hoshimov
www.ziyouz.com
kutubxonasi
100
O‘zbekning otpuskasi yo uy qurish bilan o‘tadi, yo to‘y qilish bilan. Bultur hovli etagiga
mehmonxona, ayvon soladigan bo‘ldik. Imorat solish tashvishini boshiga tushgan biladi.
Taxta bo‘lsa, g‘isht yo‘q, g‘isht bo‘lsa, tunuka yo‘q, tunuka topilsa, bo‘yoq yo‘q... Mayli,
hozir gap bunda emas.
Devor ko‘tarilganidan keyin Abdujabbor degan usta ishga tushdi. G‘irt chapani, ammo
qo‘li gul yigit. To‘sin
tashlash deysizmi, ustun qo‘yish, pol qoqishmi— hammasini
o‘rinlatadi. Halol ishlaydi. Faqat bitta kamchiligi bor — ichadi, har kuni ichadi.
Peshingacha amallab turadi-yu, tushlik paytida chidolmay qoladi.
— O‘v, akam, opkela qoling anovi «oqbola»dan! Tomoq jonivor bedana bo‘p
sayrab
ketdi-ku!
Nima qilsayam mehmon, bir nima deyolmayman. Oyimga sezdirmaslik uchun imi-jimida
piyolani to‘ldirib quyib beraman. U o‘zining
aytishicha, «zahariga» otib oladi-da, ashulani
vang qo‘yib ishini davom ettiraveradi:
Bog‘
aro-o-lab boraman,
Gulshan aro-o-olab boraman...
Oyim uning yana ichganini bilib, meni koyishga tushadi.
— Bola-chaqali odamni piyonista qilmoqchimisan? Har kuni ichirishga uyalmaysanmi?
Abdujabbor tepadan turib hayqiradi:
— Ichganim yo‘q, Poshsha oyi! Ichganim yo‘q! Ichgan bo‘lsam bir qoshiq suvda cho‘kib
o‘lay! Meni mast deb o‘ylayapsizmi? Mayli, kerak bo‘lsa bir oyoqda turib beraman. — U
to‘sin ustida bir oyoqlab turib «mast emasligini» namoyish qiladi. Oyim battar
chirqillaydi:
— Hoy, ehtiyot bo‘l, yiqilib ketasan!
...Ish tom yopishga yetganda oyim meni chetga imlab qattiq tayinladi.
— Agar
shu bolaga endiyam ichirsang, norozi bo‘laman! Kecha yiqilib ketishiga sal qoldi.
Birovning bolasi mayib bo‘lib qolsa, Xudo nima deydi!
O‘sha kuni tushlikda Abdujabborga yotig‘i bilan tushuntirdim:
— Endi, birodar, ko‘nglingizga kelmasinu tushlikda ichmay qo‘ya qoling.
Usta u deb ko‘rdi, bu deb ko‘rdi, bo‘lmadi. Oxiri qovog‘i osilib tomga chiqib ketdi.
Qo‘shiq aytish yo‘q, gaplashish yo‘q... Uch-to‘rt kun ahvol shunday davom etdi. Keyin
men ham ishga tushib ketdim.
Bir kuni tushdan keyin xabar olay deb kelsam, uzoqdan ustaning vadavang ashulasi
eshitilyapti. Tunukani ikki marta taraqlatadiyu iyagini o‘ng tomonga cho‘zib chiranib
qichqiradi:
Bog‘ aro-o-olab boraman...
Bolg‘ani
yana ikki marta uradi-da, iyagini chap tomonga cho‘zib qaytaradi:
Gulshan aro-o-olab boraman...
Oshxonada choy qaynatayotgan oyimning oldiga kirdim.
— Bu, yana «bog‘ arolab» borish boshlanibdi-ku, kim ichirdi?
— Bilmasam, — deydi oyim menga qaramay. — Ichgani yo‘q shekilli.
Abdujabbor gapimizni eshitib qoldi chog‘i, tomdan turib baqirdi:
—
Nima deyapsiz, o‘v akam! Ichgan bo‘lsam bosgan izim orqamda qolsin. Nima, ichsam
aytishga qo‘rqamanmi sizdan! Poshsha oyimning oldilarida ichib jinni bo‘pmanmi!
Yaxshisi, bitta opkeb qo‘ying «oqbola»dan! Kechqurun jigarini ezamiz...
Birovga tuhmat qilgim kelmay indamay qo‘ya qoldim. Keyin bu gaplar unutilib ketdi.
...Yaqinda uyda ishlab o‘tirsam, Abdujabbor kelib qoldi. Kiyimlar bashang, do‘ppi
boshga
qiyshiq qo‘ndirilgan. Soqollar qirtishlangan...
— Qalay, akam, qog‘oz qoralab o‘tiribsizmi! — dedi shang‘illab. — Bizga xizmat-pizmat
yo‘qmi bundoq.