www.ziyouz.com
kutubxonasi
96
* * *
Dalavoy nalugchi bo‘lganidan keyin ayniqsa quturib ketdi. Yaqin atrofda «Dalavoy
kelyapti», desa cho‘chimaydigan odam yo‘q edi. U gijinglagan qizil jiyron minib yurar,
yaraqlab turgan etigi ham, galife shimi, «po‘rim» qilib qo‘yilgan sarg‘ish sochi ham
o‘ziga xo‘p yarashgan edi. Yelkasidan oshirib tashlab olingan charm tasmali sumkasi,
qo‘lidagi qamchisi kishida qandaydir qo‘rquvga o‘xshagan narsa uyg‘otardi. Odamlar uni
ko‘rganda azbaroyi hurmat qilganidan emas, qo‘rqqanidan salom berardi.
Urush endi bitgan, hammaning ahvoli o‘ziga ma’lum... Dalavoy nalugchi soliqni o‘z
vaqtida to‘lay olmagan odamlarning hovlisiga to‘ppa-to‘g‘ri otda kirib kelar, adi-badi
aytishib vaqtini o‘tkazib o‘tirmas, namat bormi, samovar bormi, xullas, yaroqliroq biron
buyumni baholab olib ketardi.
Odatdagi yoz oqshomlaridan biri edi. Oyim echkini sog‘ib bo‘lib, «nasibasini» emsin, deb
uloqchalarni qo‘yib yubordi-da, oshxonaga kirib ketdi. Biri qora, biri oq ikki uloqcha
onasining yeliniga yopishgancha oldingi oyoqlari bilan cho‘kkalab dumchalarini likillatib-
likillatib emishar, echki uzun, oqish kipriklarini yarim yumib maza qilib kavshanar edi.
Oyim oshxonada go‘ja pishirar, havoda tutun aralash piyozdog‘ hidi kezar, akam bilan
men supada turib kim uzoqqa sakrash o‘ynayotgan edik.
Bir mahal ko‘cha tomondan tuyoq tovushi eshitildi. Darvoza sharaqlab ochildi-da, qizil
jiyronning jilovidan tutgan Dalavoy nalugchi kirib keldi. Akam bir zum angrayib turdi,
keyin ovozi boricha qichqirdi;
— Oyi!
Oshxonadan achishgan ko‘zini ishqalab oyim chiqdi. Dalavoyni ko‘rdiyu shoshib qoldi.
— Voy, voy, aylanay, — dedi ovozi titrab. — Assalomu alaykum. Yaxshi o‘tiribsizlarmi,
o‘rgilay? Kelinim eson-omonmilar?
Dalavoy indamay bosh irg‘ab qo‘ydi. Uning avzoyi buzuq edi. Kulrang ko‘zlari qisilib
turar, qo‘lidagi ilondek qamchisini o‘ynatib-o‘ynatib qo‘yar edi.
— Voy esim qursin. — Oyim endi hushini to‘plagandek jilmaydi. — Nimaga qarab
turibman? O‘tiring, o‘rgilay. Hali-zamon ovqatim pishib qoladi. Men hozir...
Oyim ko‘rpacha opchiqish uchun bo‘lsa kerak, uy tomonga yo‘nalgan edi, Dalavoy qat’iy
bosh chayqadi:
— Yo‘q, mundoq keling.
Oyim taraddudlanib hovli o‘rtasida to‘xtab qoldi.
— Xo‘-o‘sh, — dedi Dalavoy ma’nodor qilib. — Bu, naluglar ko‘payib ketibdi-ku, bu
yog‘iga nima qilamiz?
Oyim jilmayishga urindi:
— Bilmasam, opovsi. Uch kundan keyin adasi maosh oladilar.
— Unisi uch kun deydi, bunisi besh kun deydi! — Dalavoy jahl bilan sariq qoshini
chimirdi. — Nima, mening jonim temirdanmi? Yuraveramanmi u eshikdan kirib, bu
eshikdan chiqib!
Oyimning ko‘zlari tashvish bilan javdiradi:
— Nima qilaylik, opovsi, o‘tgan safar barkashni olib ketdingiz...
Oyimning gapi negadir Dalavoyni g‘azablantirib yubordi.
Kulrang ko‘zlari qisilib, allaqanday ko‘kish o‘t sachrab ketgandek bo‘ldi.
— Nima, barkashingizni uyimga oborib qo‘yibmanmi? — dedi ovozi jaranglab. — Zakun
bor, bildingizmi?
Shu payt osmondan tushdimi, yerdan chiqdimi, allaqayoqdan gurji kuchugimiz paydo
bo‘ldi. Xuddi hozir g‘ajib tashlaydigandek to‘ppa-to‘g‘ri otning oyog‘iga yopishib ovozi
boricha akillay boshladi. Jiyron yer tepinib pishqirdi. Boshini shiddat bilan ko‘targan edi,
Dunyoning ishlari. O’tkir Hoshimov
Do'stlaringiz bilan baham: |