www.ziyouz.com
kutubxonasi
93
boshini xiyol egib jilmayib turibdi.
— Bu kim? — dedim suratdagi kishini ko‘rsatib.
— Dadam! — Orif tokchadagi tovoqdan bir hovuch yong‘oq oldi. — O‘ynaysanmi?
— Mening yong‘og‘im yo‘q-ku.
— Qarzga berib turaman. — U o‘nta yong‘oqni sanab ajratdi. — Men gan qo‘yaman,
xo‘pmi?
— Bo‘pti.
Qubba o‘yini qiyin emas. To‘rtta yong‘oq qubba qilib qo‘yiladi. Uzoqdan poylab
tekkizsangiz, gan sizniki. Tekkizolmasangiz, otgan yong‘og‘ingiz qulog‘ini ushlab ketdi
deyavering.
Birpasda qarz olgan yong‘og‘imdan beshtasini yutqazib qo‘ydim. Yong‘oq namat ustida
yaxshi dumalamaydi. Yo sakrab ketadi, yo to‘xtab qoladi. Buning ustiga uy nimqorong‘i.
Rosa berilib o‘ynayotgan edik, narigi uydan Xolposh xolaning ovozi keldi.
— Sandiqning tagiga yong‘oq otmanglar, girgitton, sichqon ko‘payadi.
Ketma-ket ammamning zardaliroq gapirgani ham eshitildi:
— Mayli, endi bizlar turaylik.
...O‘sha kuni xotinlar tag‘in nimani gaplashganini bilmayman. Biroq ertasiga Risolat opa
juda g‘alati, xomush bo‘lib qoldi. Tarasha bilan isitilgan temir pechka peshindan keyin
ilimiliq bo‘lib qolar edi. Biz bolalar choponimizni yechmasdan o‘tiramiz. Hammadan
yomoni siyoh muzlab qoladi. Siyohdonni pechka ustiga qo‘ysangiz sal eriydi-yu, yana
muzlayveradi. Peroni botirsangiz qirs etadi, siyoh yuqmaydi. Har qanday sovuqda ham
paltosini yechib, sochini silliq tarab, bosh yalang o‘tiradigan Risolat opa o‘sha kuni
negadir paltosini ham, ro‘molini ham yechmadi. O‘qish darsi edi. Doskaga chiqdim.
— O‘qi, — dedi Risolat opa jurnalni ochib.
— «Quduq yoniga uch xotin keldi. Hammasi o‘z o‘g‘lini maqtay boshladi», — deb
sharillatib o‘qib ketdim. Bittayam joyida tutilmadim. O‘qib bo‘ldimu Risolat opaning
«O‘tir» deyishini kutib turaverdim. U bo‘lsa indamaydi. Og‘irligimni u oyog‘imdan bu
oyog‘imga tashlab, hali turibman, hali turibman... Risolat opa derazaga tikilgancha
o‘tiribdi. Shu o‘tirishda uxlab qolgandek edi. Oxiri bo‘lmadi. Avval sekinroq, keyin
qattiqroq yo‘taldim.
— O‘qi, — dedi u hamon derazadan ko‘z uzmay.
— Bo‘ldim, — dedim sekin.
— A? — Risolat opa cho‘chib uyg‘ongandek boshini burdi.— Bo‘ldingmi? O‘tir, rahmat.
Risolat opa ertasigayam, indinigayam shunday bo‘lib yurdi. Har kuni o‘qituvchim bilan
birga ketishga o‘rganib qolgan ekanman. Maktabdan yolg‘iz qaytish alam qilar edi.
Bultur Xo‘ja bilan qaytardik. Endi uyam yo‘q: Chirchiqda. Biyday keng, kimsasiz dala
o‘rtasidagi ipdek ingichka yo‘ldan o‘tguncha zerikib ketaman. Yo‘ldagi izlar chuqur-
chuqur botgan, ikki cheti belim baravar qor. Sal chetga chiqsam, piymam qorga to‘lib
chiqadi. Risolat opam bilan yursam mazza, harna shamolni to‘sib ketadi.
Uchinchi kuni Risolat opam bilan ketdim. Faqat ikkalamiz emas: Afzalxon akam ham bor
edi.
Oxirgi darsdan chiqib yuz qadamcha yurgan edim, qarasam, qordan shoxlari egilib
ketgan tol tagida Afzalxon akam turibdi. Askarcha shinelini kiyib olgan, oyog‘idagi etik
yaraqlatib moylangan. Faqat bosh yalang. Yaqin bordim.
— Quloqchiningni tushirib ol. — U telpagimning bog‘ichini yechib quloqchinni tomog‘im
ostidan o‘tqazdi. — Qulog‘ing sovuq qotib qoladi. — Keyin shinelining cho‘ntagidan
buklangan gazeta oldi. To‘rtburchak qilib yirtdi. Boshqa cho‘ntagidan xaltacha chiqardi.
Xaltachadan tamaki chimdib oldi-da, uni sarg‘ayib ketgan barmoqlari bilan qog‘ozga
sepib o‘ray boshladi.
Dunyoning ishlari. O’tkir Hoshimov
Do'stlaringiz bilan baham: |