www.ziyouz.com
kutubxonasi
99
gapiradi...
...Onam aytganidek, o‘sha kunlar unut bo‘ldi. Turmush iziga tushib ketdi. Kunlardan
birida oppoqqina, do‘mboqqina notanish xotin bir narsadan qo‘rqqandek hurkib
darvozadan kirib keldi. Oyim aylanib-o‘rgilib unga peshvoz chiqdi. Notanish xotin oyim
bilan ko‘risha turib hiqillab yig‘lab yubordi.
— Kuyovingiz yana urdi, — dedi sekin. Uning chap yuzi momataloq bo‘lib ketganini endi
ko‘rdim.
— Kunora uradi. «Qisir sigirsan», deydi. Bo‘yimda bo‘lmasa, nima qilay, opajon. «Seni
ming taloq qo‘yib onasi o‘pmagan qizni olaman», deydi. — Notanish xotin ho‘ng-ho‘ng
yig‘lar, o‘pkasini tutib ololmasdi.— «Seni deb odamlarga yomon ko‘rindim», deydi.
Nimani qoyil qipti? Topganini ichadi. Kecha mast bo‘lib sizni gapirdi. «Shuyam qarg‘agan
edi», deydi. Mahallaga qo‘shilolmasam, birovga hasrat qilolmasam. Burchak jinnisi bo‘lib
o‘tiribman. Kimga dardimni aytsam kuladi. Ta’nadan boshim chiqmay qoldi, aylanay
opajon.
Bu — Dalavoyning xotini ekanini endi tushundim. Hayron bo‘lib goh onamga, goh
Dalavoyning xotiniga qarab turardim.
— Voy, gapingiz qurmasin! — oyim uning yelkasiga qoqdi. — Qo‘ying-e, nima, men
payg‘ambar bo‘pmanmi? Jahl ustida aytgan bo‘lsam, ming marta qaytib oldim, o‘rgilay!
— U choy quyib uzatdi. — Shuni o‘ylab yuribsizmi hali? Qo‘ying, o‘zingizni bosing. Meni
aytdi dersiz, opovsi, ichingiz to‘la bola. Hali shunaqa qo‘sha-qo‘sha o‘g‘illar ko‘rasizki,
og‘ziga kuchi yetmaganlar uyalib qoladi, aylanay!
Dalavoyning xotini oyimga termilib turarkan, yoshli ko‘zlari bilan jilmaydi:
— Aytganingiz kelsin, — dedi pichirlab.
Ammo Dalavoy aytganini qildi: xotinini qo‘yib yuborib, «onasi o‘pmagan» qizni oldi...
Teshik munchoq yerda qolmaydi deganlari rost ekan. Dalavoyning avvalgi xotini Abdi
degan aravakashga tegdi. Ora-chora bir bolasini ko‘tarib, birini yetaklab oyimning oldiga
kelib qolar, ikkovlari uzoq-uzoq chaqchaqlashib o‘tirishar edi.
Dalavoyning ikkinchi xotini ham tug‘madi. Lekin bunisi «zakunni» bilish bobida o‘zidan
qolishmas ekan. Dalavoy uni ham «qisir sigirsan», deb bir marta urgan ekan, «tegishli
joy bilan gaplashib qo‘ydi» shekilli, nalugchilikdan bo‘shatishdi. Biroq, Dalavoy otdan
tushsa ham egardan tushmasdi. Hamon jiyronini gijinglatib «po‘rim» kiyinib yurar, faqat
endi yelkasiga osib yuradigan charm sumkasi yo‘q edi.
Falokat qosh bilan qovoqning o‘rtasida turadi degan gap bor. Dalavoy bir kuni mast
bo‘lib kelayotganida ot hurkib sudrab ketibdi, degan gap tarqaldi. Beli bilan oyog‘i sinib
kasalxonada yotdi. Uzoq yotdi...
...Hozir uni deyarli har kuni ko‘raman. Guzardagi bozorchada o‘tirib pista sotadi:
— Ja-a-reniy semichka!
Bilganlar u bilan savdolashib o‘tirmaydi. Bilmaganlar sal jig‘iga tegishsa, tayoqdek qotib
qolgan o‘ng oyog‘ining tovonini yerga urib-urib qo‘yadi. G‘azabdan sariq mo‘ylovi uchib-
uchib xirillaydi:
— Menga qara, o‘v! Zakunni sendan yaxshi bilaman. Senlarni deb qon to‘kkanman!
Har gal uni ko‘rganimda g‘alati tuyg‘ular qiynaydi. Bir jihatdan achinaman. Ehtimol, u o‘z
vazifasini bajargandir. Ehtimol, o‘sha paytda shunday qilish kerak bo‘lgandir. Ammo
insonning fe’li g‘alati. Yaxshi narsa esidan chiqsa-chiqadiki, yomonlikni unutishi qiyin.
Ayniqsa, bu — bolalik xotirasi bo‘lsa... Uni har ko‘rganimda ko‘z o‘ngimda onamni
haqorat qilgani xayolimga kelaveradi. Onamning jiqqa yosh to‘la ko‘zlari tasavvurimda
jonlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |