www.ziyouz.com
kutubxonasi
102
qo‘ydilar», — dedi u sekin, — men topib oldim.
Oraga uzoq sukunat cho‘kdi. Abdujabbor bir nuqtaga tikilib o‘tirar, qovog‘i soliq edi.
— Mana o‘sha o‘n so‘m! — U pulni men tomonga surdi.
— Qo‘ying, — dedim sidqidildan. — Oyim sizdan rozi ketganlar.
— Olmasangiz otamning bolasimasman! — Abdujabbor shaxd bilan o‘rnidan turdi,
ostonaga borganda to‘xtab qayrilib qaradi. — Anuv kuni Poshsha oyimni ziyorat qilgani
boruvdim, — dedi ovozi xirillab.— Mozor darvozasidan qaytdim: ichgan edim. — U bir
zum yerga qarab turdi-da, qo‘shib qo‘ydi: — Bugun payshanba, bormoqchiman. Uch
kundan buyon og‘zimga olganim yo‘q.
U javobimni kutmay eshikni yopdi-yu, chiqib ketdi.
HAVAS
Har qanday dardning eng yaxshi davosi vaqt deydilar. Bilmadim, boshqalarda shunday
bo‘lsa bordir. Menda... Ba’zan hammasini unutganday bo‘lamanu biron narsadan
siqilsam, tag‘in qaytadan boshlanadi. Kechasi uyqum o‘chgancha qorong‘i shiftga tikilib
yotaveraman, yotaveraman... Shunda qulog‘im ostida onamning ohista yupatishi
eshitiladi. «Qo‘y bolam, o‘zingni siqma... Menga sening chivindek joning kerak. Sen
uchun mening yuragim yonganida boshqalarni etagining bari ham kuymaydi, bolam.
Hech bo‘lmasa meni kuydirmagin...»
Bir vaqtlar shunchaki gapdek ko‘ringan bu so‘zlar endi boshqacha, juda boshqacha
jaranglaydi xayolimda...
Jahongir degan jurnalist do‘stim bor. Juda dilkash yigit. Faqat doim shoshib yuradi.
Bugun Toshkentda, ertaga qarasangiz Samarqandda... Xotini o‘zining teskarisi:
bo‘shashgangina juvon. «Jahon qani?» desangiz, «bilmadim, Tojikistonga
komandirovkaga ketuvdilar shekilli, yanagi haftalarga kelib qolsalar kerak», deb qo‘ya
qoladi. Yanagi hafta borsangiz, Jahongir Turkmanistonga ketgan bo‘ladi.
Qaysi kuni shu o‘rtog‘im kelib qoldi.
— Qani, otlan! — dedi odatdagidek shoshilib. — Jizzaxga ketdik.
Lanjlik qilib bahona izlay boshlagan edim, qo‘limdan ushlab uyiga sudradi. Darvoza
oldida «Moskvich»i yaraqlab turibdi. Mashina yonida keksa onasi — Mehri xola... Uning
nimasinidir o‘z onamga o‘xshataman. Ma’yus qiyofada boshini bir yonga tashlab
turishimi, uzun, qora baxmal nimchasimi, qalin ro‘mol tagidan chiqib turgan oppoq
sochlarimi...
Mehri xola o‘g‘lidan xursand. Ko‘ziga parda tushib ko‘rolmay qolganida Jahongir
Muhammadjon do‘xtirga oborib operatsiya qildirdi. Mehri xola: «Jahonim tufayli dunyoga
yangidan keldim», deb har gapida duo qiladi. Ko‘zi-ku, yaxshi ko‘radigan bo‘lgan. Lekin
qulog‘i og‘ir. Qattiq gapirmasangiz eshitmaydi.
U meni ko‘rib quvondi. Peshonamdan o‘pib ko‘rishdi.
— Bu dalovsha yana otlanib qoldi, — dedi Jahongirga imo qilib. — O‘zi kecha keluvdi.
Do‘stimning fe’lini bilganim uchun indamay qo‘ya qoldim. Jahongir kapot ostiga sho‘ng‘ib
motorni tekshirish bilan ovora edi.
— Yo‘lda ehtiyot bo‘linglar! — Mehri xola xira ko‘zlarini javdiratib iltimos qildi.
— Xavotir olmang, — dedim uni yupatib.
— A?
Ovozimni balandlatib yana tasalli berdim:
— Xotirjam bo‘ling, indinga qaytib kelamiz.
Mehri xola bir zum boshini egib jim turdi-da, hamon motorni kavlashtirayotgan
Jahongirning yoniga bordi.
Dunyoning ishlari. O’tkir Hoshimov
Do'stlaringiz bilan baham: |