www.ziyouz.com
kutubxonasi
106
baravariga uning kaftiga egilishdi:
— Vuu-uy! Manovi zirakni!
— Tillami?
— Qancha turadi?
— Tilladan ham zo‘r! Platina deb qo‘yibdi buni! — Huri satang boshini mag‘rur ko‘tardi.
— O‘n uchta.
Oyim ham xira tortgan ko‘zlarini uning kaftiga tikdi.
— Qani? O‘n uch so‘m bo‘lsa arzon ekan-ku!
Huri satang ovozini baralla qo‘yib kuldi. Uning kulishi g‘alati. Odatda odam kulganida
ko‘zidan nur porlab ketadi. Biroq Huri satangning kulishi boshqacha. O‘zi emas, tomog‘i
kuladi... «Ha... ha... ha...» deydi bo‘lib-bo‘lib. Faqat tilla tishlari yaltiraydi. Semiz, bo‘liq
ko‘kraklari silkinib ketadi.
— Bir ming uch yuz so‘m, poshsha oyi! Ko‘zini ko‘rdiyizmi, brillant-ku.
U, «bo‘ldi, tomosha tamom», degandek brilliant zirakni ham yashirdi. Keyin tag‘in
sumkasiga qo‘l suqdi. Bu safar allaqanday yaltiroq mato chiqdi. Oy-kuni yaqinlashib
qolgan qo‘shni kelinchak Guli matoning bir chetini jur’atsizlik bilan ushlab ko‘rdi.
— Bemalol, — dedi Huri satang. — Bemalol, kelin poshsha, g‘ijim bo‘ladigan narsamas
bu. «Mokriy trikotin» deb qo‘yibdi otini.
Oyim ham matoning bir chetidan tutib ko‘rdi.
— O‘zimizning misqoli dokaga o‘xsharkan, — dedi sekin.
— Voy-voy-voy! Dokayiz hammomda bo‘ladi! — Huri satang qoshini chimirdi. — «Mokriy
trikotin», disam doka diydi.
— O‘zi qancha? — dedi Guli Huri satangning ko‘ziga termilib.
— E, ot minan tuya bo‘larmidi, opovsi! Bir joydagi odammiz. Yigirma so‘m-de! Puliyiz
yonizda qoladi.
Guli tushunmadi.
— Metri yigirma so‘mmi?
— Metri nima qiladi? Men metrlab sotmiyman. Bir kiyimligi bir yuz yigirma so‘m,
tushundizmi?
Guli sekingina qo‘lini tortib oldi. Uning eri shofyor. Bahorda allaqaysi sovxozga tut bargi
olib ketayotganda avariya bo‘lib uch oy gipsda yotdi. Haliyam ishga chiqib ketgani yo‘q.
— Menga to‘g‘ri kelmas ekan, — dedi Guli sekingina.
— Ha-ha-ha! — Huri satang og‘zidan olov purkab tomog‘i bilan kuldi. — Erta-indin
qo‘chqordek o‘g‘il tug‘ib beradigan xotiniga bitta ko‘ylak oberolmiydigan er qanaqa o‘zi!
Belida belbog‘i bormi?
Gulining dog‘ bosgan yuzi qizardi.
— Mayli, — dedi sekingina. — Qo‘ya qoling. — U «mokriy trikotin»ga judayam havasi
kelayotgan bo‘lsa kerak, yana ushlab ko‘rdi.
— Etvotman-ku, puliyiz yonizda ketadi. Asl mol bu!— Huri satang oltin uzukli barmoqlari
bilan matoni g‘ijimlab-g‘ijimlab qo‘yib yuborgan edi, yana tep-tekis bo‘lib qoldi. — Bola
yasashni bilgan odam guldek xotinini yasatib qo‘yishniyam eplasin-de!
Boyadan beri indamay o‘tirgan oyim gapga aralashdi.
— Har kim o‘zidan o‘tganini o‘zi biladi, bolam, — dedi sovuq ohangda. — Nima qilasiz
bechorani uyaltirib.
— Voy-voy-voy! Manov odamni qarayla! — Huri satang birdan jiddiy tortdi. — Man osin
deb etagiga osilvotmanmi?! Manam o‘zimdan o‘tganini o‘zim bilaman. Biramas, ikkita
tirik yetimni boqib o‘tiribman.
— Nima qipti sizga? — dedi oyim qovog‘ini solib.— Binoyidek yuribsiz.
Guli, har qalay, shu matodan ko‘ylak kiyishni judayam xohlayotgani ko‘rinib turardi.
Dunyoning ishlari. O’tkir Hoshimov
Do'stlaringiz bilan baham: |