www.ziyouz.com
kutubxonasi
8
— Bor, to‘g‘ri, bor, — dedi komandir. — Lekin ana shunday buyruq ham bor!
— Qabriston ko‘chirilsin, degich buyruqmi?
— Yo‘q, boshqacharoq buyruq, boshqacharoq...
— Xo‘p, ayting, qandaychikin buyruq ekan? Men qishloq sho‘rosi raisiman, bilishim
kerak? ;
— Qizimang, o‘rtoq rais, qizimang. Biz ishimizni bilib qilamiz. Biz Ukrainada
ocharchilikka qarshi kurashib, rosa tajriba to‘plaganmiz. Biz ana shu tajribalarimizdan
kelib chiqib ish qilamiz.
— Xo‘p, qani, tajribalaringizni ayting?
— Tajribalarimiz bunday: siz aytgan anavi qabriston o‘z ajali bilan o‘lganlar uchundir.
Faqat... ochliqdan o‘lganlar uchun emas!
— Nima farqi bor, o‘z ajali bilan o‘ldi nima, ochlikdan o‘ldi nima? Bariyam o‘lim-da,
bariyam go‘rga kiradi-da?
— Baribir emas-da, o‘rtoq rais, baribir emas-da. Axir... nega ochliqdan o‘ladi? Sovet
zamonida-ya? Nega siz bilan biz yuribmiz, ular esa ochlikdan o‘ladi? Sovet zamonida-ya?
Buni sovet tuzumi dushmanlari eshitib qolsa nima deydi? Jar solib yoyadi, karnay qilib
chaladi-ku! O’zingizdan qolar gap yo‘q, yosh sovet tuzumining dushmanlari ko‘p. Ular
sovet tuzumini bo‘g‘ib tashlamoqchi, ha, yosh sovet tuzumini yo‘q qilmoqchi. Siz bilan
biz firqamiz. Shunday ekan, siz bilan biz sovet tuzumi dushmanlariga qarshi
ko‘kragimizni qalqon qilishimiz kerak.
— Firqamiz, firqa! — dedi Botir firqa g‘urur bilan. — Ha, firqamiz!
— Ha-a, ana, ana! Og‘zing to‘la qon bo‘lsayam, dushmaning oldida tupurma, deydilar.
Shuning uchun siz bilan biz ocharchilikka qarshi shafqatsizlarcha kurash olib borishimiz
kerak. Ya’ni ochlikdan o‘lganlarni hech kimga bildirmasdan... imi-jimida... mana shunday
o‘ralarga... ko‘mib tashlashimiz kerak.
Botir firqa birdan sergak bo‘ldi. Qulog‘i ding bo‘ldi. Ko‘zlari pir-pir bo‘ldi.
— Manavigami? Bu... hovuz-ku? — dedi.
— Nima farqi bor, o‘rtoq rais, nima farqi bor? Tayyorgina chuqur! Birov biladi, birov
bilmaydi. Bilmasa, hovuzni ko‘mib tashlabdi, deydi-qo‘yadi. Shu bilan gap tamom
bo‘ladi. Biz mana shunday yo‘l bilan ocharchilikka qarshi kurashamiz. Qarabsizki, tez
kunda ocharchilikni tugatamiz.
— Buni... buni tuman kattalari bilan bir maslahatlashib ko‘rish kerak.
— Tuman kattalari uyoqtsa tursin, butun sovet hukumati kattalari biladi, o‘rtoq rais.
Bu haqda buyruq bor. Ocharchilikka qarshi ana shunday kurashilsin, degan buyruq bor.
Ukrainada ocharchilikni ana shunday yo‘l bilan bartaraf etdik. Nasib bo‘lsa,
O’zbekistonda ham ocharchilikni ana shunday uslubda tugatamiz. Ana ikkitasini olib
keldik, ana.
Botir firqa gap bilan andarmon bo‘lib bilmadi. E’tibor etmadi.
Ana endi e’tibor berdi. Hovuz tagiga qaradi. Qunt bilan qaradi.
Hovuz tagida... ikkita qora narsa ustma-ust taxlab qo‘yildi. Ikkita qora narsa uzala-uzala
taxlab qo‘yildi.
Botir firqa angrayib qoldi. Bir narsalarga ang-rayib qaradi, bir komandirga angrayib
qaradi.
— Bular... odam... — deya duduqlandi Botir firqa. — Bular... odammi?
— Yo‘q, ular ochdan o‘lganlar, — dedi komandir. — Ular... sovet hukumatiga qarshi
ochdan o‘lganlar!
Botir firqa beixtiyor... beixtiyor hovuzga tushib bordi.
Taxlanib yotmish jasadlarni qaradi. Yuzlarni ochib qaradi. Ikkovini-da tanidi: birovi Ashir
momo bo‘ldi, biri Chori bobo bo‘ldi.
Bu dunyoda o’lib bo’lmaydi (qissa). Tog’ay Murod
Do'stlaringiz bilan baham: |