www.ziyouz.com
kutubxonasi
16
Qo‘mita faollari televizor qo‘ygich usta topib keldi.
Usta televizorni bir aravachaga bosdi. Aravachani o‘zi tortdi.
Faollar tuman ijroqo‘mi raisi Esonov boshchili-gida Mirzaxo‘jaevalarnikiga kirib bordi.
Dasturxon turlandi, turlandi!
Ko‘ngiltortarlar dasturxon tevaragidan joy oldi.
Usta televizorni qo‘yish bilan mashg‘ul bo‘ldi. Uyga kirdi-uydan chiqdi. Tomga chiqdi-
tomdan tushdi. Oxiri televizorni qo‘yib berdi.
Televizor binoyiday ko‘rsatdi.
Barcha chapak chalib yubordi.
— Yashasin, mehribon sho‘ro hukumati! — dedi Botir firqa. — Ozod Sharq xotin-
qizlariga alangali salomlar bo‘lsin!
Tag‘in chapak bo‘ldi.
Erkaklar yonma-yon xonadan joy oldi. O’rta deraza ochib qo‘yildi. Erkaklar ana shu
derazadan televizor ko‘rib o‘tirdi.
Botir firqa bilan usta qittay-qittay oldi.
Botir firqa derazaga qarab qadah ko‘tardi. Derazaga qarab tantanavor so‘zladi:
— Hurmatli o‘rtoq Obod Mirzaxo‘jaeva! Biz, shonli sovet xalqi, xalqaro xotin-qizlar
bayrami 8 martni butun xalqimiz, jonajon kommunistik partiyamiz, mehnatkash
kolxozchi dehqonlarimiz, qahramon ishchilar sinfimiz, qo‘yingki, jamiki shonli sovet
ziyolilarimiz KPSS XX s’ezdi tarixiy qarorlarini ulkan g‘ayrat-shijoat bilan turmushga
tadbiq etmoqda bo‘lgan bir vaziyatda keng bayram qilmoqdamiz. Ha, shonli
kommunistik partiyamiz XX s’ezdidan keyin hali hech qancha vaqt o‘tganicha yo‘q.
Ammo-lekin biz sovet xalqi shugina qisqa vaqt mobaynida olamshumul
muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritdik, bu bilan butun sovet xalqi, shu jumladan, ozod Sharq
xotin-qizlari har qancha faxrlansalar arziydi...
Botir firqa qishloq xo‘jaligi, xalq xo‘jaligi, sanoat sohasida erishilgan yutuqlarni raqamlar
bilan sanab berdi.
Erkaklar ana shu shonli yutuqlar uchun qadah cho‘qishtirdi. Ayollar... choy cho‘qishtirdi.
Shu vaqt ayollar davrasi g‘imir-g‘imir etib qoldi.
— Voy, o‘ldim, voy! — deya ovoz eshitildi. — Voy, sharmanda bo‘ldim!
Eshiklar qarsillab yopildi. Ayollar biri qo‘yib, biri ovoz berdi:
— Nima gap?
— Tinchlikmi?
Botir firqa derazadan qarashdan orlandi. Dasturxondan ko‘z olmay so‘radi:
— Nima bo‘ldi, o‘rtoq Mirzaxo‘jaeva?
Javob bo‘lmadi. Ichkaridagi voy-voylar tashqariladi. Ichkaridagi ha-hular hovliladi.
Botir firqa joyidan qo‘zg‘oldi. Eshikni yarim ochdi. Hovliga mo‘raladi.
Hovlida bir paranjilik ayol bo‘ldi. Paranjilik ayol qo‘lida hassa bo‘ldi. Ayolni
bukchayishidan — momo bo‘ldi.
Ana shu momo hovli darvozasiga qarab talpindi. Darvozaga qarab yulqindi.
Bir ayol momoni tirsagidan oldi. Bir ayol yelkasidan oldi. Bir ayol paranji burchidan
ushladi.
Mirzaxo‘jaeva momoni yo‘lida to‘g‘onoq bo‘ldi.
— Ha, borasiz-da, ena, — dedi Mirzaxo‘jaeva. — Allaqaytib aylanib kepsiz, borasiz-da.
— Qoch, yo‘limni ber! Qoch deyman!
— Xo‘p, ichkari kiring. Odam hovrini odam bosadi!
— Betingni murdasho‘y ko‘rgurlar! Qari-qartang bir momoni gunohga botirgan senlarni
xudo ko‘tarsin!
— Ena, u bir oyna, eshityapsizmi, oyna!
Bu dunyoda o’lib bo’lmaydi (qissa). Tog’ay Murod
Do'stlaringiz bilan baham: |