www.ziyouz.com kutubxonasi
45
burilayotgan paytda, qat’iy ratsional mag‘izga egadir. U shofyor oynasidan o‘ziga yaxshilab qarab
olish uchun o‘rindiqdan sal siljib o‘tirdi. Ko‘ylak yoqasining oppoqligiga gap yo‘q. Edisning qo‘li bilan
sal chetga surilgan bo‘yinbog‘ini to‘g‘rilab qo‘ydi. So‘ng o‘rindiq suyanchig‘iga yastanganicha mashina
oynasiga nazar soldi. Keyin o‘rindiqdan «Tayms» gazetasining bugungi sonini olib sarlavhalariga ko‘z
yugurtirib chiqdi-da, uni yana o‘z joyiga qo‘ydi. Bularning hammasi jonga tegdi, o‘yladi u. Mak Berns
bilan birgalikda bajariladigan ishdan tortib, bolalari yonida bo‘lolmasligigacha unga alam qilardi.
Nihoyat, Edisning o‘zi, aniqrog‘i, o‘rtalarida vujudga kelgan munosabatlar, qo‘ying-chi, bari bosh
og‘rig‘i.
Hammasi o‘z ma’nosini yo‘qotdi, derdi u o‘ziga-o‘zi, ichki aloqalardan mahrum bo‘ldi, hammasidan
yomoni, juda tezlik bilan chidab bo‘lmas mutaassiblikka aylanib borayotibdi. Lekin bu jarayon chindan
ham endigina boshlandimi? Ehtimol u hozir his etgan narsa yillar davomida Chikagoda yashagan
paytdayoq va endi Nyu-Yorkka ko‘chib o‘tishi mobaynida to‘plangandir. Yangi turmush tarzi va
o‘rgangan davrasidan ajralishi uning hayotida aslida nimalar yuz berayotganini ko‘rish uchun ko‘zlarini
kattaroq ochgandir?
Nyu-Yorkkacha bo‘lgan davrda hammasi juda oddiy edi. Uydagi vaziyat, ertalablari Evanstoundan
Chikagoga qatnash, oilalik hayotining o‘n sakkiz yili mobaynida ishga borib kelish... Uylanishidan oldin
ham Palmer shu yo‘ldan qatnardi. Urush payti armiyada xizmat qilgan yillari bundan mustasno,
albatta...
Palmer entikib nafas oldi-da, yana gazetaga qaradi. So‘ng uni qo‘liga olib, sarlavhalariga ko‘z
yugurtirdi. Ularni birinchi bor ko‘rayotgandek diqqat bilan o‘qidi. Aftidan, Yaqin Sharqdagi tanglik
xavfli bosqichidan o‘tib o‘z yechimiga yaqinlashganga o‘xshaydi.
Shu munosabat bilan birjada yugur-yugur, aktsiyalarni sotish boshlansa kerak, deb o‘yladi Palmer.
Kunning ikkinchi yarmida esa ularning narxi tusha boshlaydi. Keyin yana aktsiyalarni sotib olish
talvasasi davom etadi. Bugun YuBTKda qimmatli qog‘ozlar bilan shug‘ullanuvchi Kliff Mergendalning
kuni og‘ir kechadi.
Mashina «Plaza» mehmonxonasi oldida to‘xtadi. Ko‘cha harakatida tiqin hosil bo‘lib, mashinalar
yurolmay qolgandi. Palmer gazetani o‘rindiqqa uloqtirdi. Shofyor uning bezovtaligini ko‘rib turardi.
— Ser, sizga biror narsa kerakmi? — deb so‘rardi.
Palmer tashvishlanib:
— Nima bo‘ldi? — deb so‘radi.
— Siz nimadir dedingizmi, ser?
— Rostdanmi? — hayron bo‘ldi Palmer. Nahotki hayotimni ovoz chiqarib la’natlagan bo‘lsam? —
o‘yladi u. Nima, men hayotimni la’natlagan bo‘lishim mumkinmi? Balki o‘z-o‘zimnidir? Lekin faqat
o‘zimnimikin?
Tiqin bo‘shashdi, chunki burchakda turgan politsiyachi ko‘ndalang ko‘chalardan keluvchi
mashinalarni o‘tkazib yubordi-da, Beshinchi avenyu bo‘ylab harakatga yo‘l ochib berdi. Palmer
ketayotgan «Kadillak» quyon sakrashiga o‘xshab o‘rnidan otilib yurib ketdi. Bu harakat Palmerni
o‘rindiq orqasiga qapishtirib tashladi.
— Kechirasiz, ser.
— Tashvish qilma, Jimmi. Hayda tezroq.
Shofyor muloyim kuldi. Palmer uyalib ketdi. U kayfiyatiga berilib ketganidan o‘zini noqulay sezib,
buklab tashlangan gazetani qayta qo‘liga oldi.
Mashina shitob bilan bankka yaqinlashib borayotgan paytda Palmer o‘zicha tasavvur qildi: Kun
tushlikka yaqinlashgan sayin quyosh nuri tik tushib, bankning yuqori qavatidagi oynavand xonani
qizdirib yuborgandir. Hatto shiftga osilgan ulkan pardalar ham quyoshning o‘tkir nurlarini to‘sib
qololmasa kerak.
Eh, agar ushbu tashvishlar faqat oddiy bosh og‘rig‘idan iborat bo‘lganda edi, o‘yladi Palmer, unda
bu tongdan nafratlanish uchun menda qonuniy va tushunarli sabablarim bo‘lishi mumkin edi. Va ikki
dona aspirin xapdorisi hamma narsani joy-joyiga tushirgan bo‘lur edi.
Bankir (roman). Lesli Uoller
Do'stlaringiz bilan baham: |