www.ziyouz.com kutubxonasi
204
Palmer javobga chog‘landi-yu, fikridan qaytdi. Unga hamma narsani bila turib, o‘zini bilmaslikka
soladigan Kalxeynga o‘xshagan mug‘ambirlar yoqmasdi.
— Boshqa ishlar bilan ovora bo‘lib, to‘g‘risini aytsam, bu narsaga uncha ahamiyat berolmadim, —
javob berdi Palmer.
Kalxeyn o‘zini hayron bo‘lgan odamga o‘xshatdi.
— Sizning yagona vazifangiz — jamg‘arma banklari bilan ishlash deb o‘ylabman.
— Bizda hamma gap bankning ichida, — dedi Palmer. — Aktsiyalarimizga nimadir bo‘lyapti.
Kalxeyn oldinga siljidi.
— Yaxshi gapmi?
— Doimiy mijozlar uchun — ha. Darvoqe, buni siz hisobga olib qo‘yishingiz mumkin. Menimcha, tez
kunda aktsiyalarimizning narxi oshib ketadi.
Kalxeyn yoniga yon daftarchasini tortib, qo‘liga qalam oldi.
— Qanday qilib oshadi? Tez oradami?
Palmer hamsuhbatining avzoyini bilish uchun javob berishga oshiqmadi. Nima bu —o‘yinmi?
— O’n band meni hayron qoldirmaydi, — dedi u nihoyat. — Vaqt masalasiga kelganda esa, uni
umuman bilmayman. Biror oy atrofidamikin? Aniq aytolmayman.
— Qachon bilasiz? — so‘radi Kalxeyn yon daftarchasiga belgi qo‘yarkan.
— Aytolmayman. Makdan so‘rab bilishingiz mumkin.
— Makdan? Jin ursin, u sizning aktsiyalaringiz haqidagi gapni qaerdan bilishi mumkin?
— U mendan ham ko‘p narsani biladi.
Kalxeyn o‘ychanlik bilan qalamni sekingina, qo‘ydi. keyin stolga engashib boshini changalladi.
— Tushunmadim.
— Men ham, — tasdiqladi Palmer, — lekin aniq ishonamanki, u qandaydir tashqi guruhlar
vositasida bu ishga aralashgan.
— Bo‘lmagan gap. Bank aktsiyalari bilan o‘yin qilishga kimning qurbi yetarkan? Ichagi ingichkalik
qiladi.
— Qo‘shilaman. Biroq shunday bo‘ladi.
Kalxeyn xayolchan bosh chayqadi.
— Men ko‘pdan beri Makning birja haqidagi maslahatlariga quloq solmay qo‘yganman. U doim xato
qiladi, demoqchi emasman. Shunchaki, o‘z xulosalarini ochiq aytguncha yuzma-yuz turib, diqqat-
e’tibor bilan muloqot qilish kerak. Men o‘ziga qarashli bir mijozi haqida bergan maslahatini hech
qachon unutmayman. Asbob-uskuna ishlab chiqaradigan bir korxona o‘z mahsulotini sotish o‘rniga
ijaraga bermoqchi ekan. Bu — ularning siyosatida katta siljish edi. Vaholanki, boshqa ishlab
chiqaruvchilar ulardan o‘tib ketgandi. Mak bu korxonaning aktsiyasi besh bandga ko‘payadi, deb
hisoblagandi. U haq bo‘lib chiqdi. Ular besh band kamaydi. Jihozlarni qarzga berilishi haqidagi e’lon
bu korxona qo‘llagan siyosat hech narsaga arzimasligini ko‘rsatdi. Shunday qilib, bu qadam
aktsiyalarni oshirish o‘rniga kamayishiga olib keldi. — Kalxeyn bamaylixotir kuldi. — Bechora Mak o‘z
qarmog‘iga o‘zi ilindi.
— Sizga YuBTK haqida gapirmaganiga hayronman, — dedi Palmer.
— Men esa hayron bo‘lmayman. O’tgan yili unga quruq safsatalaringni boshqa joyda sotgin deb
maslahat berganman. Men boy emasman. Biroq uning bashoratlariga quloq solaversam, allaqachon
qashshoqqa aylanib qolardim. Agar u aktsiyalaringiz haqida biror gap aytsa, e’tibor bermagan
bo‘lardim.
— Maslahat boshqa manbadan keldi, — Palmer sigaretini o‘chirdi. Mak keyingi paytlarda sizga yana
boshqa bir birja haqidagi yangiliklarni ham gapirdimi?
— Bu borada ham u tahsinga loyiq emas. Birjaga qiziqmayman. Avval qancha yutqazib, qancha
yutganingni hisoblashing kerak. Soliq yig‘uvchi amaldorlar uchun bu juda qulay. Agar ko‘rgan
zararingizga qarab soliqlar kamayishini xohlasangiz, daromadlaringizni hisob-kitob qilishingiz kerak.
Men buni ham yomon ko‘raman. — Kalxeyn stul suyanchig‘iga yaslanib, ko‘zini qisdi.
Bankir (roman). Lesli Uoller
Do'stlaringiz bilan baham: |