www.ziyouz.com kutubxonasi
104
barcha raqamlar band bo‘ladi! — O’zicha juda topib aytdim deb u butunlay hayajonlanib ketdi va
mamnun holda hiringlab kuldi.
— Uni birga yura qol degan edim, — qo‘shimcha qildi Palmer, — lekin u ko‘nmadi.
Berns bir necha lahza o‘y surib qoldi.
— Baraka topgur yaxshi qizlarimizdan u, — oxiri dedi u.
— Tushunmadim.
Berns yelka qisib qo‘ydi:
— Hozir ko‘ngilxushlik qilish mavridi emas, jonginam. U gap nimadaligini biladi. Demak, yaxshi qiz,
baraka topsin.
Palmer tishlarini qisdi.
— Men uni bu yerga u maqsadda taklif etmagandim.
Berns yana hiringladi.
— E-ha, bunaqa dilxushlik uchun sizning boshqa pakkangiz bormi? Ha? Menga qara, Vudi, menga
tegishli bo‘lgan hamma narsa, bilginki, seniki ham. Butun mana shu kvartira sening ixtiyoringda,
bundan boshqa xilvat joy topolmaysan ham. Men mutlaqo jiddiy aytayapman. Sen o‘zingni bu yerda
xo‘jayin deb bil va bir narsani hisobga ol: sening mendan biron narsa so‘rashingga hojat yo‘q, sen
faqat oldindan ogohlantirib qo‘ysang bo‘lgani, toki men bemavrid kirib qolmay, tamom-vassalom.
Palmer unga bir achchiq-tiziq gap qilmoqchi bo‘ldi, biroq endi gapirishga og‘iz juftlagan ham ediki,
Berns uning qo‘lidan tutdi-da, tezgina mehmonxona yo‘lagiga olib kirib ketdi.
Zamonaviy shvedcha uslubga da’vogarlik; o‘zicha o‘yladi Palmer. Bu yerda ochiq ranglar ustunlik
qilardi: tik daraxti va oq yog‘ochdan yasalgan mebel, qoplamalarda oq, kulrang va qora to‘rtburchak
shakllar. Qandil va torsherlar chirmovuq va poxol ko‘rinishidagi murakkab o‘rimlar bilan birlashtirilgan
yoki ajratilgan qandaydir g‘alati shisha buyumlardan yasalgan. Kengbar chorsi xonaning qoq o‘rtasida
antiqa shakldagi uzun patli ulkan oq gilam to‘shalgan. Gilamning o‘rtasida pastak, qariyb ikki enlik
qalinlikdagi oyna qoplangan kokteyl stolida ichida qirmizi ichimligi va suzib yurgan muzlari bor
baqaloq, zalvorli qadahlar yaltirardi. Qadahlarning yarmigacha ichilgandi.
— Gilamga qara, — g‘udrandi Berns sherigining qulog‘iga. — Matrasga o‘xshab, u paralonli. Shu
bois, bo‘talog‘im, stolni olsang bo‘ldi, qarshingda butun shahardagi eng katta, eng ulug‘vor, eng qulay
karavot muhayyo. To‘rt tomonga qarab dumalayver so‘ng. Xo‘sh, yetib borgandir?
Palmer atrofiga alangladi, salomlashdi. Ha, bu odamlar unga tanish edi. To‘rdagi burchakda,
zanglamaydigan po‘latdan yasalgan kamin oldida Katta Vik Kalxeyn o‘tirardi. Pastak keng o‘rindiqqa,
qariyb cho‘kib ketganiga qaramay, uning barvasta zilday gavdasi o‘zining chorpahilligi bilan unga ko‘zi
tushgan har qanday odamni shoshirib qo‘yardi. Oldinga cho‘zib olgan baquvvat oyoqlari ham keng
daryo ustidan qurilgan ko‘prikday mustahkam ko‘rinardi. Uning qoyaday ko‘ksi va yelkasi yana ham
haybatli edi, chunki pidjagi oxirigacha qappayib turardi. O’rta dengiz odami bo‘lgan Kalxeynning
nisbatan uncha katta bo‘lmagan, to‘g‘ri shakldagi boshi va qoracha yuzi, bejirimgina irlandcha burnini
yana uning siyosiy faoliyatining yana bir unsuri — ikkinchi jahon urushidan buyon saqlab kelgan
soldatcha kalta qilib olingan soqoli to‘ldirib turardi. Shularni kuzatar ekan, Palmer bu odamning
jismoniy qudratiga boz mahliyo bo‘lib qoldi, hatto dam olish daqiqalarida ham tog‘day barvastaligi va
mustahkamligi bilan aqlni lol qoldirardi. Uning yashiltob moviy ko‘zlari uzun kipriklari orasidan
Palmerga yalt etib qaradi. Kalxeyn unga salom bergandek tantanavor ko‘z qisib qo‘ydi, keyin esa
ko‘zining qiri bilan u bilan yonma-yon o‘tirgan Ougi Prinsga qarab qo‘ydi.
Garchi Prins u qadar ushoq gavdali odam bo‘lmasa-da, Kalxeynning yonida u liliputga o‘xshab
ketardi. Odatdagidek, u did bilan kiyingan edi: ixcham tikilgan shim, so‘nggi modadagi a’lo pidjak,
och jigarrang tusli ko‘ylak, unga bilinar-bilinmas gul tikilgan, bir-biriga zid ranglardan ola-bula
galstuk. Prinsga qaysi tomondan turib qarama, uning tanasi tig‘day ensiz ko‘rinardi, lekin, — dilidan
o‘tkazdi Palmer — bu ensizlik nafislik yoki xushqomatlik kabi sifatlar bilan hech qanday umumiylikka
ega emasdi.
Bankir (roman). Lesli Uoller
Do'stlaringiz bilan baham: |