Umrbod ta`minlash sharti bilan uy-joy (kvartira)ni boshqa shaxsga berish shartnomasi
Reja:
1.Umrbod ta`minlash sharti bilan uy-joy (kvartira)ni boshqa shaxsga berish shartnomasi tushunchasi, ahamiyati huquqiy belgilari va boshqa shartnomalardan farqi
2. Umrbod ta`minlash sharti bilan uy-joy (kvartira)ni boshqa shaxsga berish shartnomasining mazmuni
Umrbod ta`minlash sharti bilan uy-joy (kvartira)ni boshqa shaxsga berish shartnomasi tushunchasi, ahamiyati huquqiy belgilari va boshqa shartnomalardan farqi
Umrbod ta`minlash sharti bilan uy-joy (kvartira)ni boshqa shaxsga berish shartnomasi mol-mulkni bir shaxsdan ikkinchi bir shaxsga topshirish shartnomalari turkumiga kiradi. Bu shartnomaning mohiyatini uy-joy yoki kvartira va u bilan bog`liq yer uchastkasini ikkinchi bir shaxsga topshirish tashkil etadi. Mazkur shartnoma milliy mintalitetimiz asosida qabul qilingan Fuqarolik kodeksining o`ziga hos hususiyatlaridan hisoblanadi. Buning asosiy sababi, aksariyat mamlakatlar fuqarolik qonunchiligida bu shartnoma renta shartnomasining bir turi sifatida ko`rsatiladi. (Masalan, RF GKsining 601-moddasi). Lekin mamlakatimizda ojiz, zaif kishilarga yordam berish, ularga g`amxo`rlik qilish maqsadida fuqarolik-huquqiy shartnomalarning mazkur turi ijtimoiy zaif shaxslarni qo`llab-quvvatlashning ta`sirchan vositalaridan biri bo`lishi uchun alohida shartnoma turi sifatida e`tirof etildi.
Respublikamizda bozor munosabatlariga, erkinlik va demokratiyaga asoslangan buyuk kelajak sari ildamlik bilan olg`a rivojlanib bormoqda. Bozor tamoyillarini jamiyatda keng qo`llanib borilishi va ildiz otishi odamlardagi tadbirkorlik, tashabbuskorlik intilishlarini avj oldirmoqda, daromad olishning an`anaviy usullaridan samarali foydalanish, noan`anaviy usullarini axtarib topishga undamoqda. Ammo, keksa, sihat-salomatligi ahvoli yomon bo`lgan yoki boshqa toifadagi imkoniyatlari cheklangan fuqarolar tadbirkorlik maydonida yetarli darajada harakat qilish va shu yo`l bilan daromad topish imkoniga har doim ham ega bo`lavermaydilar. Insonning eng asosiy ma`naviy qadriyatlaridan biri – ojiz, zaif kishilarga yordam berish, ular haqida g`amxo`rlik qilish, qo`llab-quvvatlash hisoblanadi. Bu qadriyat axloqiy qoidalarda ham, huquqiy me`yorlarda ham o`z ifodasini topgan. Shu sababli bunday g`amxo`rlik mas`uliyati o`zgalarga ko`mak berishga layoqatli har bir inson zimmasida deb aytish mumkin. Ko`p hollarda bunday mas`uliyat hech qanday ta`masiz, ezgu niyatlar bilan amalga oshiriladi. Ayni vaqtda qonunlarda o`zgalar qaroviga, parvarishiga muhtoj shaxslar bilan shunday parvarishni amalga oshiruvchi shaxslar manfaatini umumlashtirish, ularning o`zaro munosabatlarini shartnoma asosida rasmiylashtirib, ularning bir-birlariga nisbatan huquq va burchlarini belgilab qo`yish holatlari ham nazarda tutilgan.
Davlat ijtimoiy qo`llab-quvvatlash jamg`armalari hisobiga ushbu toifadagi fuqarolarga pensiyalar, nafaqalar, boshqa ijtimoiy ta`minot berish shakllarida moddiy madad ko`rsatilayotgan bo`lsa-da, bu yordamlar o`z hajmiga ko`ra har doim ham yetarli bo`lavermaydi, bu shaxslarda qo`shimcha kun kechirish manbalarini qidirib topish zaruratini yuzaga keltiradi. Kundalik hayotimizda keng tarqala boshlagan mulkni ijaraga berish, o`z mablag`larini omonatga qo`yish yoki korxonalarning qimmatli qog`ozlariga ega bo`lish orqali, ulardan keladigan dividend (foiz daromad) hisobiga daromad topish kabilar ana shunday hayot kechirishga yordam beruvchi manbalardan sanaladi. Lekin bu manbani qo`lga kiritish uchun shaxs muayyan harakat qilishi lozim bo`ladi. Garchi bu shartnomalar ijtimoiy qo`llab quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etasa-da, xech qaysisi umrbod ta`minlash sharti bilan uy-joy (kvartira)ni boshqa shaxsga topshirish shartnomasidek ta`minotga muxtoj kishini kundalik ta`minoti uchun “qayg`urmaydi”. Umrbod ta`minlash sharti bilan uy-joy (kvartira)ni boshqa shaxsga topshirish shartnomasi afzallik jihatlaridan biri qariya yoki nogiron shaxs amalda hech qanday xarajat qilmagani holda tirikchilik o`tkazishning asosiy manbaini qo`lga kiritish munosabatini yuzaga keltiradi.
Bunday shartnomaning intizomiy ahamiyati shundan iboratki, o`zgalar qaroviga muhtoj kishilar o`zlariga zarur yordam – ko`mak oladilar, ikkinchidan, ularning mol-mulki qarovsiz, xo`jasiz bo`lib qolmay, doimiy nazorat ostiga o`tadi, uchinchidan, ojiz kishilarni parvarish qiluvchi shaxs kelajakda bu xizmatlari evaziga ma`lum mol-mulkka ega bo`ladi. Binobarin, bunday shartnoma tuzilishi va amalga oshirilishidan barcha – shartnoma ishtirokchilari ham, jamiyat ham manfaatdordir.
O`zbekiston Respublikasi Uy-joy kodeksining 22-moddasida turar joylarni xususiy mulk qilib olish asoslari ko`rsatilgan bo`lib, unga asosan umrbod ta`minlash sharti bilan uy-joyni (kvartirani) boshqa shaxsga berish ham turar-joyni xususiy mulkka aylantirish asosi sifatida ko`rsatilgan.
Umrbod ta`minlash sharti bilan uy-joy (uyning bir qismi)ni, kvartirani boshqa shaxsga berish shartnomasiga muvofiq, bir taraf (oluvchi) yoshi yoki sog`lig`i tufayli mehnatga layoqatsiz bo`lgan boshqa taraf (boshqa shaxsga beruvchi)ni natura holida (uy-joy berish, ovqatlantirish, parvarishlash va zarur yordam ko`rsatish tarzida) umrbod moddiy ta`minlash majburiyatini oladi, boshqa shaxsga beruvchi esa oluvchiga uy-joy (uyning bir qismi)ni, kvartirani mulk qilib berish majburiyatini oladi. (FKning 530-moddasi).
Umrbod ta`minlash sharti bilan uy-joy (kvartira)ni boshqa shaxsga berish shartnomasi o`ziga turdosh bo`lgan umrbod renta shartnomasidan quyidagi xususiyatlari bilan farqlanadi:
birinchidan, bu shartnoma predmeti (narsasi) faqat uy-joy, kvartira yoki kvartiraning ma`lum bir qismi bo`ladi;
ikkinchidan, umrbod ta`minlash shartnomasida ta`minlash xa-rajatining umumiy bahosi ko`rsatilishi lozim bo`ladi;
uchinchidan, asraluvchini pul shaklida ham, natura shaklida ham ta`minlashga yo`l qo`yiladi;
to`rtinchidan, asrovchiga topshirilgan ashyo unga garchand egalik qilish huquqi o`tgan deb hisoblansa ham, lekin ashyoni garovga yoki ijaraga faqat asraluvchining roziligi bilangina berilishi mumkin.
Ushbu shartnoma umrbod rentadan shartnoma obyekti bo`lgan ko`chmas mulk – uy-joy taqdiri boshqacha hal etilishi bilan farq qiladi. Umrbod renta shartnomasida renta oluvchi ko`chmas mulkni (uy-joyni) renta to`lovchiga tekinga mulk qilib bermasdan, aslida ijaraga beradi va shartnomada renta obyekti bo`lgan ko`chmas mulk (masalan, uy-joy) keyinchalik sotib olinishi mumkinligi ko`zda tutilishi mumkin. Umrbod ta`minlash sharti bilan uy-joy (kvartira)ni boshqa shaxsga topshirish shartnomasida esa, boshqa shaxsga topshiruvchi (uy-joy mulkdori bo`lgan fuqaro) vafot etgani taqdirda, uy-joy oluvchiga mulk huquqi sifatida o`tadi.
Bu shartnoma ikki tomonlama, konsessual, haq baravariga tuziladigan shartnomalardan biri bo`lib, taraflar sifatida faqat fuqarolar ishtirok etishlari mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |