www.ziyouz.com kutubxonasi
12
faqat old tomoni ochiq. Harakatlanib borayotgan ko‘shk ichida yolg‘iz o‘tirgan
Humoyunning peshonasi ustida — sallasining old tomonida Ko‘hinur olmosi yaraqlab
ko‘zni qamashtirgudek bo‘ladi. Humoyun bu gavharni yilda bir marta — navro‘z paytida
peshonasiga qadab el-ulusga ko‘rinish beradi. Shuni bir-biridan eshitgan odamlar
podshodan ham ko‘ra uning sallasidagi Ko‘hinurni yaqinroqdan ko‘rishga harakat
qiladilar. Lekin xiyobonning ikki chetida zanjirday tizilib borayotgan otliq qo‘riqchilar
izdihomni mavkabga yaqin keltirmaydi.
Faqat bir joyda ellik-oltmishta yosh-yalanglar bir-birini itarib, surib, qo‘riqchilar zanjirini
xiyobon ichiga egib kirgiza boshladi. Darra kimningdir yelkasiga qarsillab urildi. Shunga
qaramay izdihom seli otliq qo‘riqchilar zanjirini uzib o‘ta boshladi. Qo‘rchiboshi
achchiqlanib, birdan qilich yalang‘ochladi.
Fil ustidan buni ko‘rib qolgan Humoyun o‘ng yonida otliq borayotgan Bayramxonga bir
nima deb ishora qildi. Bayramxon orqaga o‘girilib:
— Janob qo‘rchibek, shoshmang! — dedi. — Hazratim sochqi buyurdilar!
Qirq yoshlardagi qo‘li uzun shig‘ovul otini chu-chulab, olomon bilan qo‘riqchilar tirashib
turgan joyga yaqinlashar ekan, egariga ortilgan gilam xurjunning o‘ng ko‘zidan bir siqim
kumush tanga oldi. Yo‘g‘on tovushini baland ko‘tarib, turkiy va forsiy so‘zlarga hindcha
iboralar aralashtirib dedi:
— Xaloyiq, tinchlaning! Humoyun hazratlari navro‘z bayrami munosabati bilan fuqaroga
xayr-u ehson qilmoqchilar! Oling, mana shu kumush tanga sizlarga!
Shig‘ovul yurib borayotgan ot ustidan oldinga intilib, siqimidagi oq tangalarni olomon
bostirib kelgan joyning orqa tomoniga sochdi. Oftobda xira yaltiragan kumush tangalar
kimningdir boshiga, kimningdir yelkasiga urilib yerga tushdi. Buni ko‘rgan yosh-
yalanglarning anchasi podshoni ham, uning filini ham unutib, tangalar tushgan tomonga
tashlandilar.
Mavkab boyagiday shoshilmay yurib ketmoqda edi. Shig‘ovul ham yurib borayotgan ot
ustida turganicha qo‘lini endi xurjunning chap ko‘ziga soldi-yu, ketma-ket ikki siqim mis
tanga oldi va ularni boyagidan ham nariroqqa qulochkashlab sochdi. Tangalarga
targ‘ibotni qo‘shib so‘zida davom etdi:
— Xaloyiq! Navro‘z — musulmon-u hinduga, barcha ellar-u dinlarga barobar bayramdur!
Bahor ayyomida kecha bilan kunduz barobarlashgan tabiiy muvozanat kunida navro‘z
kirib, yangi yil boshlangay. Farmoni oliy bunyod bo‘ldikim, jamiyatda ham tabiatdagi
kabi muvozanat hukm sursin, mamlakatning barcha el-uluslari din-u millat ayirmasdan,
navro‘zni inoqlik, hamjihatlik bilan bayram qilsinlar.
Shig‘ovul yana xurjunning o‘ng ko‘ziga qo‘l solib bir changal kumush tanga oldi-yu,
odam gavjum tomonga sochdi.
Boya mavkabga tomon yopirilib kelayotgan yosh-yalanglarning ko‘pchiligi tangalarning
ketidan quvib ketishdi.
Xiyobon chetlari sochqi yordamida ancha ochilib qolgach, otliq kelayotgan Hamidalar
mavkabga yaqinroq borishdi. Boya olomonga jahl qilib, qilich yalang‘ochlagan
qo‘rchiboshi qilichini qiniga qaytarib soldi-da, fil ustidagi Humoyunga bosh egib, undan
uzr so‘ragan kabi qo‘lini ko‘ksiga qo‘ydi. Humoyun esa qo‘rchiboshiga «ma’zursiz» degan
kabi jilmayib qo‘yganini Hamida bonu aniq ko‘rdi. Shu payt yigitning peshonasi ustidagi
Ko‘hinur ko‘kish ziyo tara-tib sehrli charaqladi. Humoyun Hamida bonuga atrofda bor
yigitlarning eng ko‘hligi va baxtlisi bo‘lib ko‘rindi. Qiz ertalabki xavotirliklarini unutib,
Humoyunning bu tomonga bir qarashini va ko‘z ko‘zga tushishini istadi.
______________
* M a v k a b — podshoning a’yonlari va mulozimlari.
* D a r r a — bambukdan qilingan maxsus tayoq.
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |