Oqbosh karamni bevosita ko‘chatsiz urug’dan o‘stirish. Karamni urug’dan ekishda ko‘chat yetishtiriladigan joy bo‘shaydi, urug’ begona o‘tlardan toza yerlarga ekilganda esa mehnat sarfi ancha tejaladi va mahsulot tannarxi arzonlashadi. Bevosita urug’dan o‘sgan karamning ildizi baquvvat bo‘ladi, yerga chuqur kiradi, bu esa o‘simlikning oziq va suv bilan tahminlanishini yaxshilaydi.
Tupbargdan chiqqan dag’al, qattiq barglar, o‘simlikni karam shirasi, karam kuyasi, garmsel va qora sovuqlarga chidamli qiladi. Ko‘chat qilmay, urug’dan o‘stirilgan karamning shilliq bakterioz kasalligi bilan kam kasallanishi aniqlangan. Bevosita urug’dan o‘stirilgan o‘rtagi karam hosili ko‘chat qilingan karamnikidan qolishmaydi, aksincha ko‘p hollarda yuqori bo‘ladi.
Bevosita urug’dan o‘stirishning kamchiligi shuki, bunda karam dalani uzoq vaqt band qiladi, natijada barvaqt hosil olish va karam ekilgan yerlarga takroriy ekin ekish imkoniyati bo‘lmay qoladi. Bundan tashqari, urug’dan o‘stirishda yosh maysalar birmuncha sust o‘sadi. SHuning uchun ham u qatqaloq va begona o‘tlardan ancha qiynaladi.
O‘zbekistonda o‘rtagi karam etishtirish uchun urug’ni bevosita dalaga ekish tavsiya etiladi, chunki ko‘chatidan o‘stirilganida karam shiradan hamda yuqori haroratdan zararlanadi va kam hosil beradi. Urug’dan ekish uchun o‘rtapishar yoki o‘rtakechpishar navlardan foydalaniladi.
Ekish uchun begona o‘tlardan toza, yaxshilab tekislangan uchastkalar tanlanadi. Karam urug’i martning ikkinchi yarmi yoki aprelda sug’orilgan egatlarga qo‘lda yoki seyalkalar bilan ekiladi va bir yo‘la egat olib suv qo‘yiladi. Maysalarni tez va bir tekisda qiyg’os undirib olish hamda yosh o‘simliklar yaxshi oziqlanishi uchun urug’larni drajilash yoki ularni chirindi bilan aralashtirib ekish tavsiya etiladi.
Ekish normasi - seyalka bilan ekilganda har gektar yerga 1,8-2 kg gacha
urug’ sarflanadi. Urug’lar granullangan superfosfat yoki ammofos bilan 1:5 nisbatda aralashtirilsa, ekish normasini 1 kg gacha kamaytirish mumkin. Urug’ 1,5-2 sm chuqurlikka ko‘miladi.
Bevosita urug’dan o‘stirilayotgan karam tuplarining qalinligi ko‘chat qilingan karamniki bilan birdek bo‘lishi lozim.
Urug’ ekilgandan ko‘karib chiqishgacha, bir-ikki marta urug’ suvi beriladi dastlabki chinbarg chiqarganda esa birinchi marta yagonalanadi. Bunda har uyada 3-4 tadan sog’lom baquvvat o‘simlik qoldiriladi, qatorlab ekilgan karamlar ko‘ndalangiga kulg’tivatsiya qilinadi. So‘ngra o‘simliklar qo‘lda yagonalanadi. Yagona qilishda yulib olingan o‘simliklarni urug’i unib chiqmay qolgan yerlarga ham, boshqa joylarga ham o‘tkazish mumkin.
Maysalar 2-4 chinbarg chiqarganda ikkinchi, yahni oxirgi marta yagona
qilinib, bunda xar uyada bittadan o‘simlik qoldiriladi.
Bevosita urug’dan o‘stirilgan karam ekinidagi begona o‘tlarni yo‘qotish
va bunda samarali gerbitsidlarni qo‘llash yaxshi natija beradi. Ekin keyinchalik odatdagicha parvarish qilinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |