2. Pikirovka va uni o‘tkazish texnologiyasi.
Ko‘chat ikki xil usulda: ko‘chirib o‘tkazib va o‘tqazmasdan o‘stiriladi. Ko‘chirib o‘tkazib o‘stirishda urug’ qalin qilib sepiladi va to‘liq shakllangan urug’ pallali yoki haqiqiy 1-2 bargli o‘simlik maydoni katta bo‘lgan inshoot yeriga ozuqa kubik yoki tuvaklariga ekiladi. Bunday ekish, yosh maysani ko‘chirib o‘tkazish, pikirovka deyiladi. Ko‘chatni oldindan belgilab chiqilgan qoziqcha, tishli marker solingan joyga ekiladi, bunday usulda ko‘chat o‘stirishda mehnat sarfi 1,2-1,5 marta ortadi. Ko‘chat qilish ko‘chatlarni tayyorlash davrida (2-3 hafta) maydonni tanlash, zaif va kasallangan o‘simliklarni brak qilish ildiz sistemasining shakllanishiga yordam beradi. Bu usul bilan ko‘pincha ertagi ekinlarning ko‘chatlari o‘stiriladi.
Agarda ko‘chat urug’ni sepmay o‘stiriladigan bo‘lsa, urug’lar bevosita yerga yoki tuvakka ekilib, zarur oziq moddasi bilan birdaniga tahminlanadi. O‘rtagi va kechki ekinlar, shuningdek qovoqdoshlar ko‘chatlar alohida-alohida ekiladi.
Ko‘chat o‘stirishning yana tuvaksiz va tuvakli usullari mavjud. Tuvaksiz o‘stirishda urug’larni ekish yoki pikirovka qilish bevosita inshoot yerida amalga oshiriladi. Ko‘chatni tuvaksiz o‘stirish oson va arzon. Ammo ko‘chirib olishda ildizning ko‘p qismi tuproqda qolib ketadi va boshqa yerga ekilganda u tutish va o‘sishda kechikadi. Ko‘chatni tuvaksiz o‘stirishda urug’lar plyonkali issiqxona yeridagi pushtalarga turli parnik seyalkalari bilan ekiladi. Sektsiyasining eni 6 metrli, issiqxonalarda eni 1,6 m dan uchta pushta olinadi, 0,4 m dan ikkita yo‘lcha qilinadi yoki eni 2,5 metrdan ikkita pushta qilib, o‘rtasidan yo‘lcha o‘tkaziladi.
Ko‘chat ko‘chirib o‘tkazilmaydigan hollarda urug’ siyrak sepiladi, unib chiqqan o‘simlik dalaga ekiladigan vaqtgacha shu yerda qoladi.
Tuvakli ko‘chat oziqli kubiklar yoki 5,6, 8,10 sm hajmli tuvaklarda o‘stiriladi. Oziq kubiklari komponentlarning mavjudligiga ko‘ra turli tarkibdagi oziq aralashmalaridan tayyorlanadi. Ularni IGT-9 M va IGT-10 dastgohlarida presslab, shuningdek suvash yoki gidrotorf usulida tayyorlanadi. Zavodlar torf bloklari (plitalari) va briketlar (tabletka tarzidagi disklar) ishlab chiqarmoqda. Ko‘chatlar doimiy joyiga oziq kubigi bilan birga ekiladi. Tuvaklar ichi bo‘sh idish bo‘lib, oziq kubiklari uchun qo‘llaniladigan aralashma bilan, ammo mol go‘ngini qo‘shmay to‘ldiriladi. Tuvaklar ildiz teshib o‘tadigan va o‘tmaydigan turli materiallardan tayyorlanadi (3a-rasm). Torf sanoati yuqori torf va tsellyuloza aralashmasidan dalaga ekilgandan keyin mahlum muddatdan so‘ng o‘z xususiyatini yo‘qotadigan yelimlovchi moddalar qo‘shilgan ichi bo‘sh tuvaklar ishlab chiqaradi. Bunday tuvaklar stakanlar yoki uyachali bloklar ko‘rinishida bo‘lib, tuproqda tez parchalanadi va ildiz uchun to‘siq bo‘lolmaydi. CHet ellarda bunday tuvaklar qog’oz va plastmassaning maxsus turlaridan tayyorlanib, ular ko‘chat daladagi doimiy joyiga ekilgandan so‘ng oson parchalanib ketadi. Ko‘chatni paperpot qog’oz tuvaklarida ishlab chiqaradigan avtomat liniyasi alohida qiziqish uyg’otadi. Bu liniyada tuvaklarni substrat bilan to‘ldirish va uni zichlash, urug’ni ekish va ustidan yopish uchun 1 ming dona ko‘chatga hammasi 0,16 odam-soat sarflanadi.
Qo‘lda ekilganda ko‘chat o‘stirish uchun bahzan polietilen qopcha va polimer materiallardan tayyorlangan tuvaklardan foydalaniladi. Lotok yoki kassenta tarzidagi qattiq plastmassadan tayyorlangan yacheykali bloklardan (40-70 yacheyka) foydalaniladi. Ekishda ulardagi ko‘chatlar tuprog’i bilan olinadi.
Tuvakli ko‘chat kuchli ildizga ega bo‘lib, buni u ekishda to‘liq saqlaydi, ekilgan ko‘chat tuvakdagi oziq moddalari hisobiga boyiydi. Tuvakli ko‘chat o‘sishda to‘siqning yo‘qligi tufayli 12-14 kun oldin hosil olish, hosildorlikning 20-30 foizga yuqori bo‘lishiga imkoniyat yaratadi. Tuvakda ko‘chatlar odatda hosilni ertaroq olish uchun yoki ko‘chat qilishda yaxshi tutmaydigan qovoqdosh ekinlar ekiladi.
Sankt - Petrburglik sabzavotkorlar ko‘chat o‘stirishning konteyner usulidan foydalanadilar. 40×30×7 sm o‘lchamdagi yashiklar konteyner xizmatini o‘taydi. Konteynerlarga 40 dona diametri 5,5-6 sm kubiklar qo‘yiladi, yoki keyin kubiklar qirqib olish uchun pulg’pa qo‘yiladi. Yashiklar issiqxona yeriga zich qilib qo‘yib chiqiladi. Ko‘chatli konteynerlar ekishdan 7-10 kun oldin chiniqtirish uchun issiqxonadan olib chiqiladi. Inshoot ko‘chatlardan 7-10 kun oldin bo‘shatiladi. Demak, o‘z vaqtida ikkinchi ekiladigan ekinlarni ekishga kirishish mumkin. Ko‘chatlarni saralash va tashish soddalashadi. Ko‘chatlar dalaga olib borilganda ezilmaydi. SHunda ildizlar yaxshi saqlanadi. Bundan tashqari ko‘chatlar ekishda majburiy to‘xtashlar natijasida so‘lib qolmaydi.
Keyingi yillarda ko‘chatni plyonkaga ekishdan foydalanilmoqda. Odatda tuproq aralashmasi yoki oziq kubiklarda o‘stiriladigan ko‘chatlar ildizlari yerga tez kirib ketadi, tanlab olishda esa ulardan bir qismi uziladi. Agarda tuproq aralashmasi yoki oziq kubiklari ostiga plyonka yozib qo‘yilsa, ko‘chat quvvatliroq va ixchamroq ildiz sistemasini hosil qiladi, ko‘chirib olayotganda ildiz sistemasi uzilib qolmaydi va ekilgandan keyin tezroq tutadi, rivojlanishidagi ilgarilashni yaxshiroq saqlaydi.
3. Himoyalangan joylarda sabzavotlarni etishtirishda asosiy hayotiy omillarni tahminlash, tuproq aralashmasini tayyorlash, o‘g’itlarni qo‘llash va sabzavotlarni tuproqsiz sharoitda etishtirishni zamonaviy usullari.
Ochiq maydon uchun sabzavot ekinlarining ko‘chatlari barcha inshootlarda o‘stiriladi. Ko‘chatni sanoat negizida etishtirish vazifa va usullariga ko‘proq plyonkali issiqxona hamda ko‘chatxonalar mos keladi. SHamollatish va chiniqtirish yetarli bo‘lsa, ko‘chatlar plyonkali issiqxonalarda tezroq rivojlanadi. Ularni parniklarda o‘stirilgandan ko‘ra 10-12 kun oldin dalaga ekish mumkin va tuproq hamda havoning noqulayliklariga chidamli ham bo‘ladi.
Bir gektar maydonga (55-60 ming dona) ko‘chat o‘stirish uchun 150-200 m2 plyonkali issiqxona zarur. Bir gektar plyonkali issiqxonaga 10 sm qalinlikda solish uchun 1000 m3 tuproq aralashmasi talab qilinadi. 1 m2 ko‘chatxona maydonidan 2500-3000 dona urug’dan o‘simlik ko‘karib, 100-600 dona ko‘chat chiqishiga erishilmoqda.
Sabzavotchilik xo‘jaliklarida ko‘chatlar asosan parnik, plyonkali ko‘chatxona va ochiq dala tuproqlarida yetishtirilmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |