8. Salqinlatish uchun sug‘orish. Yozning jazirama issiq kunlari tuproq va havo haroratini pasaytirish, o‘simliklar atrofida mikroiqlim yaratish uchun ekinzorlar sug‘oriladi. Bunga ekinlarni kam normada (300-400 m3/ga) har 3-4 kunda sug‘orib erishiladi.
Salqinlatish uchun egatlab sug‘orish kartoshka o‘simligi atrofidagi havo va tuproq haroratini (10 sm chuqurlikda) 3-5°C ga pasaytiradi. Shuning uchun yozgi
jazirama issiqni yoqtirmaydigan kartoshka, karam kabi sabzavot ekinlari uchun salqin berish maqsadida tez-tez sug‘orish tavsiya etiladi.
Asosiy keng tarqalgan usul egatlab yoki infiltratsion sug‘orishdir.
Egatlab sug‘orishda erning qiyaligi bilan birga sug‘orish texnikasi, ya’ni sug‘orish egatlarining uzunligi, chuqurligi, egatdagi suvning oqish tezligi tuproqning mexanik tarkibi va suv o‘tkazuvchanligi muhim rol o‘ynaydi.
Ekinlarni sug‘orishda sug‘orish vaqti katta ahmiyatga ega.
Ekinlar issiq kunlarda sug‘orilganda, ba’zan tuproqning sovishi va shu tufayli suvning o‘simliklarga sekin o‘tishi natijasida ularda vaqtinchalik so‘lish kuzatiladi.
Bunda o‘simliklar ildizi surib olayotgan suv transpiratsiyaga sarflanayotgan suvdan kam bo‘ladi. Shu tufayli o‘simlik so‘lib, fotosintez to‘xtaydi. Tunda, ya’ni transpiratsiya to‘xtaganda, nisbatan sovuq suv bilan sug‘orilganda o‘simliklar sulimaydi.
Bundan tashqari, suv bug‘lanishga sarflanmaydi, tuproq yaxshi namiqadi va undan o‘simlik to‘liq foydalanadi. Biroq, hamma vaqt ham ekinlarni kechasi sug‘orishga imkon bo‘lavermaydi, chunki ko‘pchilik hollarda bu ishni tashkil qilishga bog‘liq. Shuning uchun ekinlar kechasiyu-kunduzi sug‘orilishi kerak, ammo uni yozning issiq paytlarida kechki salqinda boshlash lozim.
Yomg‘irlatib sug‘orish usuli. Ekinlarni bu usuda sug‘orish qator afzalliklarga ega. Bunda mayda sug‘orish shoxobchalari olishga ehtiyoj qolmaydi, sug‘orishga sarflanadigan suv ancha (20-40%) tejaladi, nishabligi katta va mikrorelefi murakkab uchastkalarni ham sug‘orishga imkoniyat yaratiladi. Yomg‘irlatib sug‘orish atrofida mikroiqlim yaratib, o‘simliklar orasidagi havo namligini ancha oshiradi.
Bu usulda kasallik -zararkunandalarga qarshi kurashishni, bargdan oziqlantirishni birga qo‘shib o‘tkazish mumkin. Ekinlarni yomg‘irlatib sug‘orish uchun maxsus DDA-70 markali uzoqqa otar osma qurilma va DDA-100 MA markali ikki konsolli yomg‘irlatgich agregatidan foydalaniladi. Yomg‘irlatib sug‘orish bizda keng tarqalmagan.
Ochiq dala sabzavotchiligida 1-3 marotaba oziqlantiriladi. Bularning birinchisi o‘simliklarda ikki-uchta barglar shakllangan yoki o‘tkazilgan ko‘chatlar o‘zlarini tutib olib, o‘saboshlagan paytda, ikkinchisi mahsulot organlarining shakllana boshlanishlarida, uchinchisi mevalash davri uzun bo‘lgan ekinlarning qiygos mevalash paytlarida o‘tkaziladi.
Oziqlantirishlarda mineral moddalarni organik o‘g‘itlar bilan o‘zaro almashtirishlar ham maqsadga muvofikdir. Bunda suv bilan susaytirilgan qoramol shaltogi (1:4), go‘ngi (1:6-8), parrandalar axlaty (1:15-20) qo‘llanishi mumkin. Ba’zan ekinlar paykallarning boshlanish qismi («quloqboshi»)da go‘nglarga to‘ldirilgan maxsus chuqurlar orqali sug‘orish suvlarini «sharbat» usulida oqizish bilan ham oziqlantiriladi.
Sabzavotchilikda ildizlarsiz oziqlantirishlar ham samaralidir. Bu usul o‘suv davrining ikkinchi yarmida, avjlanib o‘sgan poya-barg to‘plamlari egatlar orqali oziqlantirishga yo‘l qo‘ymaydigan holatlarda qo‘llaniladi. Ildizdan tashqari oziqlantirishlar barglarning suvni va undagi yerigan oziq moddalarni singdira olish xususiyatlariga asoslangan.
Bular ildiz orqali oziqlanish o‘rnini bosmaydi albatta. Ammo o‘simliklarni oziq moddalarga qo‘shimcha to‘yintiradi. ToshQXI sabzavotchilik kafedrasida o‘tkazilgan tajribalaridan birida kartoshka palagini toza suv bilan purkash orqali hosildorlik 140-160 ts/ga, super fosforning suvdagi 5% li eritmasini qo‘llash orqali esa 177 ts/ga hosil olishga erishilgan.
«Sabzavot va kartoshka ekinlarini o‘g‘itlar bilan oziqlantirishga oid tavsiyanomalar»da (1980 yil) ko‘rsatilishicha, sabzavot ekinlariga o‘g‘itlar solish bo‘z tuproqlarda quyidagi miqdorda belgilangan (ta’sir etuvchi moddalar): azot 100-200, fosfor 100-150, kaliy 40-100 kg/ga; o‘tloq-botqoqli tuproqlarda azot biroz kamroq solinadi (19-jadval).
Tavsiya etilayotgan o‘g‘itlar miqdori o‘simliklarning holatiga, rejalash-tirilgan hosildorlikka, tuproq sharoiti va qo‘llaniladigan agrotexnika darajasiga qarab bir oz o‘zgartirilishi mumkin. Quyidagi 5-jadvadda ko‘rsatilgan fosfor va kaliy o‘g‘itlari miqdorlari shu oziq moddalar (R2O5 va K2O) bilan kam ta’minlangan tuproqlarganisbatan hisoblangan. Ularni amalda qo‘llash miqdorlari agrokimyo laboratoriyalari tahlillariga ko‘ra tuproqdagi mavjud va o‘zlashtiriladigan fosfor va kaliylarning mavjud miqtsorlari bilan tabaqalashtiriladi.
Buning uchun o‘g‘itlarning ekinlarga mo‘ljallangan yillik miqdorini quyidagi tuzatish koeffitsientiga ko‘paytiriladi: juda kam ta’minlangan tuproqlar uchun – 1,25, o‘rtacha ta’minlanganlarga – 0,75, yaxshi ta’minlanganlarga – 0,5, yuqori darajadagilar uchun – 0,25.
Ertagi va o‘rtagi muddatlarda ekiladigan ekinlar uchun rejalashtirilgan kaliy o‘g‘itining barchasi va fosforning 75% kuzgi shudgorlashda solinadi. Kechki va takroriy ekinlarga shu o‘g‘itlar yerga ekish oldi haydovini o‘tkazishda beriladi. Karam va pomidor ekinlariga kaliyli o‘g‘itning yarmini erni haydashda, ikkinchi yarmini o‘suv davridagi ikkinchi oziqlashda azot bilan birga qo‘llash ma’qul. Fosforning qolgan 25% ekish paytida qo‘llanadi. Pomidordosh sabzavotlarga fosforli o‘g‘itlarning ozroq qismini vegetatsiya davrida ham qo‘llash maqsadga muvofiq. Azotli o‘g‘itlar ekishda va o‘suv davridagi oziqlantirishda ishlatiladi.
Asosiy o‘g‘itlashda organik va mineral o‘g‘itlarni tayyorlash, ortish, tashish va sochishlar mexanizatsiyalashtirilgan. Go‘ng va kompostlarni ortish, tashish va sochishlar uchun yuklagich buldozer PB-35, yuklagich - PFP-2, PZ-086, PGX-0,5; 2PTS-68526, ShTS-2 - tirkama transport vositalardan; organik o‘g‘itlarni sochuvchi KSO-9, RTO-4, PPU-4, RPN-4, ROU-5, PRT-10, PRT-16, RUN-15A, RUN-15B kabi mexanizmlardan foydalaniladi. Mineral o‘g‘itlarni maydalash uchun PSU-4, USU-20, AIR-30, yuklash uchun SZU-20, PGX-0,5 markali mashinalar ishlatiladi. Mineral o‘g‘itlarni sochish KSA-3, I-PGM-4, RTT-4,2A, RUM-8, ARUP-8, I-PMT-4 markali mexanizmlarda bajariladi.
Urug‘larni ekish paytida bir yo‘la mineral o‘g‘itlarni ham solish SKOSSh-2,8, SKON-4,2, SO-4,2 va boshqa mashinada bajariladi. Ko‘chat o‘tkazuvchi mashinalar esa bir yo‘la eritma holidagi o‘g‘itlarni solishni ham o‘zlari bajaradi. Ba’zan sabzavotlarni ekish oldidan o‘g‘itlar maydon yuzasiga sochilib, keyin boronalanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |